5. “Sab’ai sayyor” dostonidagi qaysi hikoyatda qaynoq vodiy haqida gap boradi?
A. Muqbil va Mudbir haqidagi hikoyatda
B. Zayd Zahhob haqidagi hikoyatda
C. Sa’d haqidagi hikoyatda
D. Juna va Mas’ud haqidagi hikoyatda
Adabiyotlar:
Navoiy Alisher. Sab’ai sayyor. Mukammal asarlar to‘plami. 20 jildlik. – T.: Fan, 1992. 10-jild.
Navoiy Alisher. Xamsa: Sab’ai sayyor. TAT. 10 jildlik. – Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi NMIU, 2011. J.7.
Navoiy Alisher. Sab’ai sayyor. – T.: G‘.G‘ulom nomidagi NMIU, 2006.
Navoiy Alisher. Sab’ai sayyor (nasriy bayoni bilan). Tahrir hay’ati: A.Qayumov va boshq. – T.: Adabiyot va san’at, 1991.
Alisher Navoiy ijodiy va ma’naviy merosining olamshumul ahamiyati (xalqaro ilmiy nazariy anjuman materiallari). – T.: O‘zbekiston, 2011.
Alisher Navoiy: qomusiy lug‘at. 1-2-jildlar /Mas’ul muharrir SH.Sirojiddinov. – T.: Sharq, 2016.
Xasanov S. Roman o Baxrame. – T.: Izdatelstvo literaturы i isskustva, 1988.
Hasanov S. Navoiyning etti tuhfasi. T.: Adabiyot va san’at, 1991.
Rustamov A. Navoiyning badiiy mahorati. – T.: Adabiyot va san’at, 1979.
YUsupova D. Alisher Navoiy “Xamsa”sida mazmun va ritmning badiiy uyg‘unligi. – T.: MUMTOZ SO‘Z, 2011.
9-mavzu. “SADDI ISKANDARIY” DOSTONINING G‘OYAVIY-BADIIY XUSUSIYATLARI
REJA:
1. “Saddi Iskandariy” dostonining yaratilish tarixi.
2. Dostonning tarkibiy tuzilishi.
3. Iskandar va Doro timsollari.
4. Dostonning badiiy xususiyatlari.
Bu asar dunyodagi buyuk siymolardan biri, uch sohibqironning eng mashhuri jahongir Iskandarga bag‘ishlangan bo‘lib, "Xamsa"ning yakunlovchi dostonidir. SHarqda u Iskandar Zulqarnayn (ikki shoxli yoki kun chiqish va kun botish hukmdori) nomi bilan mashhur. Dastlab Iskandar mavzusi Firdavsiyning “SHohnoma” dostonida qalamga olingan. Keyinroq Nizomiy Ganjaviy u haqda maxsus “Iskandarnoma” degan doston yozadi. Xusrav Dehlaviy bu dostonga javob tarzida “Oyinayi Iskandariy” asarini yozgan bo‘lsa, Abdurahmon Jomiy o‘z dostonini “Xiradnomayi Iskandariy” deb ataydi. Alisher Navoiy esa bu mavzuni turkiy tilda qayta ishlab, o‘z asariga “Saddi Iskandariy” (“Iskandar devori”) deb nom beradi.
“Saddi Iskandariy” “Xamsa”dagi eng yirik doston bo‘lib, 89 bob va 7215 baytdan tashkil topgan. Dostonning muqaddimasi 14 bobni o‘z ichiga oladi.
1- bob an’anaviy hamd – Allohning sifatlari ta’rifiga bag‘ishlangan. Navoiy ushbu bobda tasavvuf ta’limoti asosida olamning yaratilish tarixiga to‘xtalib o‘tadi: 9 qavat osmon, sayyoralar, yulduzlar tarkumining har biriga alohida ta’rif beradi. YAratganning buyukligiga hamdu sano aytadi. Bularning barchasidan maqsad eng oliy zot Odamni yaratish ekanligini ta’kidlaydi:
Karam birla xalq aylagay olame,
Bu olamda maqsud anga odame.
G‘araz odame anga olam tufayl,
Nekim g‘ayri olamdur, ul ham tufayl.
2-bob munojotni o‘z ichiga oladi. Navoiy bobda Allohning karami kengligi haqida gapirar ekan, banda zoti mavjud ekan, uning gunoh ishlar qilishi tabiiy degan aqidani ilgari suradi:
Ilohiy, alarkim gunahkor ekin,
Sen o‘tkarmagan ne gunah bor ekin?
CHu har mujrimekim, sen etting karam,
So‘rulmas hamul jurm ila o‘zga ham.
Agar afv birla karam budurur,
Bori xalqning jurmi ma’rufdurur.
Munojot so‘ngida Navoiy quyosh erni o‘z nurlari bilan munavvar qilgan chog‘da zarralar orasidagi farqni fahmlab bo‘lmaganidek, zarralarga karam qilgan chog‘ingda Navoiyga ham bir zarra kabi karam aylagil, uning gunohlarini kechirgil deb iltijo qiladi:
YOrurda quyosh partavidin saro,
Qachon farq o‘lur fahm zarrot aro.
Do'stlaringiz bilan baham: |