Sen hilol aning otin, bayram bu erning kunyatin.
Husayn Boyqaro Navoiyni davlat ishlariga jalb qiladi. SHoir dastlab 1469-1472 yillarda muhrdor lavozimida, 1472-1476 yillarda esa amir (vazir) davozimida xizmat qiladi. Tarixchi Mirxond uning bu davrdagi faoliyati haqida “Ravzatu-s-safo” asarida shunday yozadi: “...amir bir necha vaqt muhrdorlik lavozimida qoyim turib, xizmatkorlik poyasini yuqori osmondan ham o‘tkazdi. Bir necha vaqtdan keyin, bu mansabni tark etish bobida iltimos qilib, bu lavozimga amir Ahmad Suhayliyni tayin qilishni iltimos qildi. Xoqoni Mansur uning bu iltimosini qabul qildi, lekin hijriy 876 yili sha’bon oyida (1472 yil yanvar) bandanavoz podshoh ul vojib ul-atob amirni amorat mansabi bilan sarafroz qilmoqchi bo‘ldi... xoqoni Mansurning pokiza ko‘ngli shu ediki, amir Alisher vojib ul-iz’on farmonga ko‘ra boshqa amirlardan yuqori muhr bossa, lekin ul janobning qo‘liga ma’lum soatda muhr bossin uchun nishon berganlarida, nafsi siniq bo‘lganidan va bag‘oyat ulug‘ tavozu’liligidan, nishonning shunday joyiga muhr bosdikim, undan tubanroqqa muhr bosishga joy qolmadi...”
Alisher Navoiy vazir lavozimida ishlab yurgan paytlarida o‘zining butun kuch-quvvatini mamlakat obodonchiligi, el farovonligi uchun sarf qiladi:
Kim bor edi boshima ko‘p mehnatim,
Yo‘q edi bosh qoshig‘ali fursatim
(“Hayrat ul-abror”dan)
Mamlakatda zulm va haqsizlikka chek qo‘yadi, ilm va san’at ahliga rahnamolik qiladi, bunyodkorlik va obodonchilik ishlariga keng e’tibor qaratadi. “Amiri kabir” va “amir ul-muqarrab” unvonlariga sazovor bo‘ladi.
Alisher Navoiyning mamlakatdagi katta huquqlari va el orasidagi yuksak e’tibori saroy amaldorlari, ayniqsa, Majididdin va uning tarafdorlarining keskin noroziligiga sabab bo‘ladi va saroyda fisq-fasod kuchaya boradi. 1476 yilda Navoiy vazirlik lavozimidan iste’fo beradi va badiiy ijod bilan shug‘ullanadi.
Alisher Navoiy vazirlik lavozimidan ketgandan so‘ng ham Sulton Husayn saroyida eng nufuzli siyosiy arbob bo‘lib qolaveradi. Husayn Boyqaro uni o‘ziga g‘oyat yaqin tutar, har bir narsada u bilan maslahatlashar va shoirning fikrini nihoyatda qadrlar edi. Bu holat ulug‘ shoir va saroy amaldorlari orasidagi nizoning oshishiga olib keladi. Husayn Boyqaro Navoiyni Astrobodga hokim qilib yuborish bilan saroydagi nizolarga chek qo‘ymoqchi bo‘ladi.
Alisher Navoiy 1487-1488 yillarda Astrobodda hokimlik qiladi. Mirxondning yozishicha, “Astrobod gulshani adolat xislatlik amirning kelishi bilan Eram gulistonining g‘ayratini keltiradigan bo‘lib, Jurjonning sayyidlari, ulamosi, e’tiborli kishilari, fozillari ul maqtovga munosib sifatli amirning lutfu marhamatlari bilan faxr va quvonch topdilar. YAna ra’iyati uning adolatu insofining barakoti bilan zulmu bedodlik zulmatidan najot topib, tinchlik va omonlik, farog‘at va osudalikka erishdilar”.
1489 yilda Alisher Navoiy Hirotga qaytgach, o‘rniga Astrobod hokimi qilib shahzoda Badiuzzamon tayinlangan edi. Bu orada Balxda Darveshali qo‘zg‘oloni boshlanadi. Husayn Boyqaro Navoiyni olib, Balxga jo‘naydi. Darveshali bilan sulh tuziladi, lekin Hisorda Abu Sa’idning o‘g‘li Sulton Mahmud Husayn Boyqaroga qarshi kurash boshlaydi. SHoh Navoiyni Balxda qoldirib, o‘g‘li Badiuzzamonni olib, Hisorga otlanadi. U bilan ham murosaga kelishib, orqaga qaytadi va Balxni Badiuzzamon tasarrufiga beradi. Badiuzzamon o‘n uch yoshli o‘g‘li Mo‘min Mirzoni Astrobodda qoldirib, Balxga keladi. Husayn Boyqaroning suyukli ayoli Xadichabegim bilan Majididdinning o‘rniga vazir qilib tayinlangan Nizomulmulk Astrobodga Muzaffar Mirzoni hokim qilib tayinlashga erishadilar. Xadichabegim shohning mastlik chog‘ida Mo‘min Mirzoni o‘ldirish haqidagi farmonga imzo qo‘ydirib, uning zudlik bilan ijro qilinishiga erishadi. Husayn Boyqaro hushiga kelib, yangi farmon jo‘natadi. Lekin vaqt o‘tib bo‘lgan edi.
Bu hodisa Alisher Navoiyga qattiq ta’sir ko‘rsatadi va ko‘pdan buyon orzu qilgani haj safariga tayyorgarlik ko‘ra boshlaydi. SHohdan ijozat olib, yo‘lga otlanadi. 1499 yilda Marvda Husayn Boyqaroning yana bir o‘g‘li Abulmuhsin otasiga qarshi bosh ko‘taradi. SHoh isyonni bartaraf qilish uchun qo‘shin bilan Marvga otlanadi. Mirxondning xabar berishicha, “Marv qamali uch-to‘rt oyga cho‘zilib, fathu zafar shohidi murod ko‘zgusida ko‘rinmagani uchun xoqoni Mansur sulhga mayl qildi. Abulmuhsin mirzo ham qal’adorlikning cho‘zilib ketganidan g‘am chekib, otasi qoshiga chopar yubordi va amir Alisherni talab qildikim, to ul janobning vositachiligi bilan sulh ishi voqe bo‘lsin”. SHoh Mashhad ostonalariga etib qolgan Alisher Navoiyga tez chopar yuboradi. Alisher Navoiy Mashhad ulug‘lari va hamrohlari bilan maslahatlashadi. Ular mamlakatning tinchligi har narsadan ustun ekanligini aytib, hajga borishni kechiktirishni maslahat beradilar. Alisher Navoiy ortga qaytadi va ota-o‘g‘il orasida sulh imzolanadi.
1500 yil dekabrining oxirlarida Husayn Boyqaro Astrobod yurishidan qaytadi. An’anaga ko‘ra, saroyning barcha e’tiborli kishilari shohni kutib olishga yo‘lga chiqadilar. Ular orasida hazrat Navoiy ham bor edi. Sog‘lig‘i juda yomonlashganiga qaramay, shoir safardan qaytgan sulton huzuriga etib keladi va hamrohlari yordamida uning ko‘ksiga bosh qo‘yib, hushidan ketadi. Bu holat “Makorimu-l-axloq”da shunday tasvirlanadi: “Bir farsaxga yaqin yurganda sohibqironning dabdabali va ko‘rkam muhafasi ko‘rindi. SHu vaqt Xudoning inoyati bilan ul zotning muborak boshi aylanib qoldi. Olijanob amir Xoja SHihobuddin Abdullani huzuriga chaqirib: “Meni ehtiyot qilishdan g‘ofil bo‘lmang, ahvolim o‘zgarib qoldi”, dedi. SHu payt a’lo hazratning qo‘lini o‘pishga etishmoq uchun otdan tushdi. To‘satdan etishgan kasallikning og‘irligi so‘nggi haddiga borib qolgani va yurishga madori qolmaganidan, mazkur amir va Mavlono Jaloluddin Qosim uning qo‘ltiqlariga kirib, ulug‘ Amir boshini baland martabali podshohning quchog‘iga qo‘ya oldi. A’lo hazrat ul buyuklik va va dabdaba doirasi markazining ahvolida o‘zgarish ko‘rib, g‘oyatda qayg‘uga botdi, g‘amgin bo‘ldi”. SHoirni og‘ir ahvolda uyga olib keladilar. Uch kun hushsiz yotgan Alisher Navoiy 1501 yilning 3 yanvarida sakta kasalligi tufayli vafot etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |