Uyg'onish davri yevropa adabiy tanqidiy tafakkuri
Uyg'onish (Renessans) davri G'arbiy yevropa mamlakatlarida kapitalistik munosabatlarning rivojlana boshlashi, kichik-kichik tarqoq feodal mulklar o'rnida markazlashgan monarxik davlatlarning paydo bo'la boshlashi, yangi madaniy markazlarning paydo bo'lishi, ular orasida aloqa va raqobatning kuchayishi kabi ijtimoiy jarayonlar bilan xarakterlanadi. Madaniy sohada o'rta asrlarda hukmronlik qilgan xristian ilohiyotchiligi mavqyeining birmuncha susaygani, dunyoviy bilimlarga qiziqishning ortishi kabi xususiyatlarni ko'rsatish mumkin. Ayni paytda, Uyg'onish davri dunyoqarashi, madaniyatini tom ma'noda dunyoviy deyish ham qiyin. Aytilganlar Uyg'onish davrining asosiy xususiyatlari, uni yuzaga keltirgan hal qiluvchi omil esa boshqa. Bu omil shu ediki, endi antik yunon-rim madaniyatini vayron qilgan ko'chmanchi xalqlar bu joylarda o'rinlashgan, ular o'zlari vayron qilgan madaniyat qoldiqlarini baholi qudrat o'zlashtirib, shu asosda o'zlarining milliy madaniyatlarini shakllantira boshlagan edilar. Ya'ni, "uyg'onish" atamasi ayni shu, ilgari yarim vahshiy tarzda hayot kechirgan va endi madaniylashish yo'liga kirgan yangi millatlarga nisbatan qo'llanadi. Shuni ham ta'kidlash kerakki, uyg'onish jarayoni yevropa xalqlarining barida bir paytda emas, balki buning uchun zarur shart-sharoitlar yetilishiga mos tarzda, qariyb ikki asrdan ziyod vaqt davomida kechdi. Shuning uchun ham o'rta asrlar madaniyati, xususan, adabiy tanqidiy tafakkuri haqida so'z borganda, ularning har biriga navbati bilan to'xtalish maqsadga muvofiqdir.
Uyg'onish madaniyatining beshigi sanaluvchi Italiya davr madaniy hayotining chinakam markaziga aylandi. Jug'rofiy jihatdan juda qulay, buning ustiga, qadimning buyuk bir madaniy markazi o'rnida joylashgani, antik Rim madaniyati an'analari nisbatan keng saqlangani, endilikda xristian diniy markazlaridan birib bo'lib qolgani - shu kabi omillar Italiyada madaniyatning taraqqiy etishiga zamin bo'ldi.
Uyg'onish madaniyati va dunyoqarashiga xos jihatlar Dante Aligeri(1265-1321) ijodidayoq ko'zga tashlanadiki, uning "o'rta asrlarning so'nggi ... yangi davrning ilk shoiri" (F.Engels) sifatida ta'riflanishi bejiz emas. Bunga amin bo'lish uchun ulug' shoirning adabiy tanqidiy qarashlaridagi eng muhim nuqtalarga to'xtalib o'tish kifoya. Ulardan birinchisi Dantening dunyoviy adabiyot cherkovdan mustaqil bo'lishga haqli deb hisoblaganidir. Agar o'rta asrlarda cherkov hukmronligining benihoya kuchaygani, "adabiyotning vazifasi - xudoni madh etish va shu tufayligina u yashashga haqli" tarzidagi qarash ustuvor bo'lgani e'tiborga olinsa, Dantening bu qarashi o'z davri uchun nechog'liq muhimligi ayon bo'ladi. Zero, yaxshi ma'lumki, Uyg'onish davrining asosiy belgilaridan biri ham shunda - adabiyot va san'atni dunyoviy o'zanga burganida namoyon bo'ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |