Mustaqillik e‘lon qilinganidan so‘ng O‘zbekistonda zamonaviy demokratik davlatchilik tuzumini barpo etish yo‘li tanlangani e‘lon qilindi.
Ammo tarixdagi ijtimoiy tuzumlarning xususiyatlarini yaxshi biladigan jamiyatshunoslar fikricha, aslida mamlakatda Amir Temur davri kabi tarixiy o‘tmishni hozirgi zamonga moslashtirish harakatlari boshlandi.
Mustaqil kuzatuvchilar tahlilicha, 23 yillik mustaqillik davrida O‘zbekistonda XVI asr davri hukmronligiga asoslangan mafkuraviy ustqurma qurildi va jamiyatda paternalizm nazariyasini rivojlantirishga zo‘r berildi.
Paternalizm - bir shaxsning ikkinchi shaxsga bo‘ysunishini oqlaydigan, g‘amxo‘r ota rolini ta‘kidlashga asoslangan nazariyadir.
O‘zbekiston viloyatlaridan birida istiqomat qiladigan, o‘z ismi-sharifi e‘lon qilinishini tushunarli sabablar tufayli istamagan huquq faollaridan biriga ko‘ra, paternalistik uslub bugungi kunga kelib mamlakat rahbariyatiga qarshi ishlamoqda.
Sho‘rolar Ittifoqi parchalanganidan so‘ng postsovet hududida davlatchilik borasida ikki yo‘nalish juda tez shakllandi.
Birida piramida uslubidagi boshqaruv usuli hukm suradigan diktaturalar vujudga keldi va bularda ochiqdan-ochiq paternalistik mentalitetning ustuvorligi sezildi.
Ikkinchi yo‘nalishda o‘z yutuqlarini o‘tmishdan axtarishga vaqtlarini bekor ketqizmay, bor kuch-e‘tiborni ko‘proq bugungi kunga va kelajkka qaratishga qaror qilgan Boltiqbo‘yi mamlakatlari sahnaga chiqdi.
Huquq faolining aytishicha, "Amir Temur davri kabi tarixiy o‘tmishga asoslangan yo-da go‘yoki jamiyat mentaliteti va milliy an‘analarga asoslangan butun mafkuraviy ustqurma aynan mazkur isbotsiz paternalizm qoidasiga borib taqaladi. Xalqimizni "Yurtboshi", "Ota", "Doda" boshqaradi, "u hamma narsadan xabardor va hamma narsani bashorat qila oladi va oxir-oqibat adolat qaror topadi" degan tushuncha odamlarning ongiga mahkam singdirilgan".
Hokimiyatning boshqa mexanizmlari esa prezidentlik hokimiyatiga ilova sifatidagina ko‘riladi, xolos.
Chunki "biz boshqachamiz, hammadan ajralib turamiz, chunki qadim zamondan tariximiz bir shaxsning raxbarligi ostida va millionlab aholining unga bo‘ysunishiga asoslanib kelgan", deydi faol.
Bunday tuzum 1990-yillar boshlarida ma‘lum darajada o‘zini oqlagan deb ko‘pgina kuzatuvchilar tan olishadi. Bu kabi xulosalar ortida jiddiy va o‘z isbotini topgan sabablar turadi.
Borgan sari O‘zbekistondagi vaziyat SSSRdagi Brejnev davri turg‘unligini eslatayapti, deydi huquq faoli.
"Qarib borayotgan rahbarga "urushdan ko‘ra, tinchlik bo‘lsin" shiori ostida har qanday qarorni o‘tkazishlari bilan bir vaqtda tazyiqlar kuchayib, korruptsiya chuqur ildiz ortgan davrni eslatadi".
Ayrim kuzatuvchilarga ko‘ra, yaqinda prezident o‘z oilasida nazoratni butunlay qo‘ldan boy bergani - turg‘unlik holatining yorqin misollaridan biri bo‘ldi.
O‘zbekistonning davlat nazorati ostidagi ommaviy axborot vositalari milliy o‘zlikni anglash, tarixdagi buyuk ajdodlar bilan faxrlanish tuyg‘usini yoshlar ongiga singdirishni o‘zlarining asosiy vazifalari deb biladilar.
Lekin o‘zbekistonlik yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan mustaqil omma fikrini o‘rganish natijalariga ko‘ra, yoshlar e‘tiborini XV-XVI asrlardagi "ulug‘ ishlarga" jalb etish harakatlari yoshlar tomonidan tushunmovchilik bilan kutib olinmoqda.
Huquq faolining davom ettirishicha, "Yaqinda yopilgan Fond Forumning faollaridan biri menga shunday dedi: "Bizga Gulnora kimning qizi bo‘lganining ahamiyati yo‘q edi, biz Gulnoraning loyihalarida katta qiziqish bilan qatnashayotgan edik. Buyuk bobokalonlarimizning "shonli" o‘tmishi haqidagi ertaklar hammaning joniga tegib bo‘lgan. Biz bugungi hayotimiz normal bo‘lishini istaganmiz".
Bugungi kunda qanchalar "o‘zimizga xos, o‘zimizga mos", "an‘anador va o‘zbekona" bo‘lmasin, XVI asrdagi tamoyillarna asoslanib mamlakatni boshqarib bo‘lmaydi", deb xulosa chiqaradi huquq faoli.
Do'stlaringiz bilan baham: |