Uzluksiz ta‘lim yo’nalishlari quyidagilarni o’z ichiga oladi:
a) ta‘lim tizimida kadrlar salohiyatini, pedagoglar kasbiy nufuzini oshirish;
b) davlat va nodavlat ta‘lim muassasalarini rivojlantirish;
v) ta‘lim tizimini, ta‘lim dasturlarini tubdan qayta qurish;
g) majburiy umumiy o’rta ta‘limdan o’rta maxsus kasb-hunar ta‘limiga o’tishni ta‘minlash;
d) fan va ishlab chiqarish integratsiyalashgan yangi tipdagi o’quv muassasalarini vujudga keltirish;
e) ilg’or texnologiyalarni keng o’zlashtirish;
yo) ta‘limning boshqaruv tizimini takomillashtirish;
j) ta‘lim olishda xalqaro fondlar, xayriyalar, jamoat tashkilotlari rolini kuchaytirish;
z) ta‘lim va ilm-fan bilan bog’liq xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish; va boshqalar.
Uzluksiz ta‘lim tizimining faoliyati davlat ta‘lim standartlari (asosida) va turli darajadagi ta‘lim dasturlari izchilligi asosida yo’lga qo’yiladi. U quyidagilarni o’z ichiga oladi:
a) maktabgacha ta‘lim;
b) umumiy o’rta ta‘lim;
v) o’rta maxsus, kasb-hunar ta‘limi;
g) oliy ta‘lim;
d) oliy o’quv yurtidan keyingi ta‘lim;
e) kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash;
yo) maktabdan tashqari ta‘lim;
Kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirishning asosiy yo’nalishlaridir.
Ta‘lim mazmunini shakllantirish
Ta‘limning mazmuni deb, o’quvchilarning o’quv jarayonida egallashi lozim bo’lgan va maxsus tizimga solingan bilim, ko’nikma, malakalarning aniq belgilangan doirasiga aytiladi. Ta‘limning mazmuni uning maqsadidan kelib chiqadi. Ya‘ni, ta‘lim qanday maqsadga qaratilgan bo’lsa, uning mazmuni shu maqsadga muvofiqlashtiriladi.
O’zbekiston Respublikasining “Ta‘lim to’g’risida” gi Qonuni (1997 yil) da ta‘limning dunyoviy harakterda bo’lishi lozimligi va DTS talablari asosida ta‘lim olishning hamma uchun ochiqligi alohida uqtirilgan (3-modda). (Barkamol avlod- O’zbekiston taraqqiyotining poydevori. Toshkent, “SHarq”, 1997 20-b).
Ta‘lim mazmunini shakllantirishda quyidagi omillarni hisobga olish taqoza etiladi:
1) milliy mafkura, ijtimoiy tuzum xususiyatlari;
2) mavjud ishlab chiqarish ehtiyojlari;
3) davlatning xalq ta‘limi tizimi va muayyan o’quv yurti oldiga qo’yadigan talablari;
4) o’qitish qoidalariga muvofiq keluvchi va o’quvchilarning intellektual, fiziologik, yosh imkoniyatlarini e‘tiborga oluvchi didaktik talablar (Pedagogika. A.Q. Munavvarov tahriri ostida. Toshkent, “O’qituvchi”, 1996. 68-b.).
SHuni ta‘kidlash lozimki, maktab ta‘limining mazmunining tarixiy va sinfiy xususiyatiga ega ekanligi kishilik jamiyati taraqqiyotining barcha bosqichlarida namoyon bo’lgan. Chunki, o’tmishdagi barcha davrlarda, ijtimoiy taraqqiyotning barcha bosqichlarida ta‘limning mazmuni va hajmi (parametrlari) o’sha davr, o’sha ijtimoiy-iqtisodiy tuzum mafkurasi, talab va ehtiyojlari, fan-texnika taraqqiyoti darajasi bilan belgilab kelingan.
Do'stlaringiz bilan baham: |