nima bilan shug„ullanishini; qanday sifatlarga egaligini; o„ziga xos xususiyatlarini; asosi nima bilan belgilanishini; ichki tizimi qandayligini tushunib etmoq lozim.
Demak, tijorat banki tushunchasi bank faoliyatini xarakterlovchi tasodifiy savollar yig’indisi emas, balki uslub bo’yicha qo’yiladigan aniq savollarni ko’rib chiqishni talab etadi. Bunday yondashish bankka quyidagilar nuqtayi nazaridan ta’rif berishga asos bo’lishi mumkin: bank tashkilot yoki muassasa sifatida; bank korxona sifatida; bank tijorat yoki savdo korxonasi sifatida; bank vositachi korxona sifatida; bank birja agenti sifatida; bank kredit beruvchi korxona sifatida. Bankka tashkilot nuqtayi nazardan qarash ko’z oldimizga boshqaruv apparatini gavdalantirsa, korxona sifatida qarash esa uni har qanday korxona singari mustaqil xo’jalik subyekti ekanligiga ishonch hosil qildiradi. Bank faoliyatini savdo bilan qiyoslash ham tasodifiy emas. Haqiqatan ham, banklar resurslarni «sotib oladi», ularni «sotadi», taqsimlash sohasida faoliyat ko’rsatib, tovarlar ayirboshlashini amalga oshiradi.
Yuksak rivojlangan mamlakatlarda tijorat banklarning aksariyat qismi mulk shakli bo’yicha aksioner va xususiy banklar hisoblanadi. Va hozirgi paytda ham omonatchilar, kichik va o’rta biznes korxonalarga xizmat ko’rsatish asosan unchalik katta bo’lmagan xususiy banklar hissasiga to’g’ri keladi. Xususiy banklar:
iqtisodiyotga xususiy sarmoyalarni jalb etish orqali samaradorligi yuqori ilg’or investitsiya-loyihalariga yo’naltirilgan mablag’larning ko’payishiga;
kichik va o’rta tadbirkorlarga bank xizmati ko’rsatish saviyasining oshishiga;
yangi turdagi bank instrumentlarining rivojlanishiga ijobiy ta’ sir etadi.
Tijorat banklari o’z ustaviga ega bo’lib, shu ustav asosida faoliyat ko’rsatadi. Bank ustavida:
bankning (to’la va qisqartirilgan) nomi va qayerda joylashganligi (pochta manzili);
ustav kapitalining miqdori, muassislar ro’yxati va ustav kapitalidagi ulushlarning taqsimoti;
bankning boshqaruv organlari, ularni tashkil etish tartibi, ularning vakolatlari hamda vazifalari haqidagi ma’lumotlar;
bank auditi tartibi, shu jumladan, buxgalteriya hisobi xalqaro standartlarga muvofiq belgilangan hisobotlar va auditorlik dasturlarining maqsadlari ko’rsatilgan bo’lishi lozim.
Bank ustavida «Banklar va bank faoliyati to’g’risida»gi qonunning 8-moddasida belgilangan yuqoridagi talablardan tashqari, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan quyidagilarni, ya’ni:
bankka yuridik shaxs maqomini berish to’g’risidagi nizom;
bankka qarashli muassasalar ro’yxati, ularning maqomi;
bank va uning filiallarini tashkil etish hamda ularning faoliyatini to’xtatish tartibi;
faoliyat to’g’risidagi ma’lumotlarni matbuotda e’lon qilish majburiyati (tartibi);
O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan o’zaro munosabatlarini ham o’zida aks ettirgan bo’lishi lozim.
Sherikchilik asosida tuzilgan bankning ustavi yuqorida keltirilgan talablardan tashqari, aksiyadorlik jamiyatlar va mas’uliyati cheklangan jamiyatlar faoliyatining o’ziga xos xususiyatlarini o’zida mujassamlashtirishi kerak. Tijorat banklar ustaviga o’zgartirishlar O’zbekiston Respublikasi qonunlaridagi o’zgarishlar munosabati bilan kiritiladi va ular belgilangan tartibda ro’yxatdan o’tkaziladi. Tijorat banklarining eng muhim vazifalari an’anaviy tarzda quyidagilar hisoblanadi:
vaqtinchalik bo’sh pul mablag’lari, jamg’armalar va yig’malarni mujassamlashtirish;
hisob-kitob to’lov mexanizmining faoliyat ko’rsatishini ta’minlash, xalq xo’jaligida hisob-kitobni amalga oshirish va tashkil etish, to’lov muomalasini yo’lga qo’yish;
alohida xo’jalik birliklari, yuridik va jismoniy shaxslarni kreditlash, ichki va tashqi xo’jalik aylanmasiga kredit xizmati ko’rsatish;
veksellarni hisobga olish va ular bilan operatsiyalar o’tkazish;
moliyaviy va moddiy boyliklarni saqlash;
mijozlarning mulkini ishonchli tarzda boshqarish (trast operatsiyalari).
Tijorat banklarining strategik maqsadi ularning strategik vazifalarini belgilab beradi. Ular quyidagilardan iborat:
kadrlar siyosatini kuchaytirish;
bank biznesini olib borishning xalqaro andozalari va printsiplarini joriy etish;
xalqaro moliya institutlari va banklari bilan o’zaro munosabatlarni rivojlantirish;
bankning ichki fond bozoridagi mavqeyini mustahkamlash, davlat qimmatbaho qog’ozlariga qo’yilmalarni ko’paytirish;
tuman filiallari va viloyat boshqarmalari darajasida va ular kliringini bosh bank darajasiga yagona korporativ tarmog’ini qurish. To’lov tizimini viloyat boshqarmalari darajasida va ular kliringini bosh bank darajasida yagona korrespondentlik tizimiga o’tkazish;
elektron plastik kartochkalar tizimni joriy etish, bankomat va elektron terminallar tarmog’ini kengaytirish, kredit hisob-kitob kartochkalariga xizmat ko’rsatish tizimini rivojlantirish;
o„z depozit bazasini ko’paytirish;
lizing xizmati, shuningdek, iqtisodiyotning aniq sektorini to’g’ridan-to’g’ri kreditlashni kengaytirish;
bank marketingini mijozlar bazasi marketingi bilan muvofiq holda joriy etish va keng ko’llash;
kichik, o’rta biznes va xususiy tadbirkorlikni qo’llab-quvvatlashga yo’naltirilgan ichki qoida va tamoyillarni takomillashtirish;
bank infratuzilmasini rivojlantirish;
bankka xalqaro reyting agentliklarining reytingini berish bo’yicha tadbirlar majmuyini amalga oshirish.
Banklar faoliyatida tijorat ma’lum qoidalarga asoslanadi. Ular orasida eng muhimi – xo’jalik yuritishdan foyda olish qoidasi, iloji boricha, katta foyda ko’rish. Biroq tijorat bankida ko’p foyda olish imkoniyatlari cheklangan. Birinchidan, katta marra ketidan quvish mijozlardan mahrum bo’lib qolishga olib kelishi mumkin, chunki ular haddan tashqari katta qo’yilgan stavkali kreditdan voz kechishlari aniq, ikkinchidan, banklararo raqobat sharoitida boshqa tijorat banklari orasidan bir qadar samaraliroq ishlar uchun ancha arzon kreditlar taklif etilishi mumkin. Daromadlilik (foyda ko’rish) qoida sifatida shuni anglatadiki, busiz bank mavjud bo’la olmaydi. Bank tijoratning bu qoidasi asosan «Arzonroq sotib olish, qimmatroqqa sotish» formulasi orqali amalga oshadi. Biroq bu qoidaga madaniy yondashmoq lozim. U qonunchilikka tayanishi, unga aslo zid kelmasligi, binobarin, bunda shunday shart-sharoit yaratilish kerakki, har bir bank o’zining tijorat ishlarini amalga oshirayotganda bank xizmati bozori haqida bab-baravar axborot olish imkoniyatiga ega bo’lsin. Tijorat nuqtayi nazardan qaraganda, bekor yotgan resurslar bo’lmasligi kerak. Boshqacha aytganda, bankning hamma pullari, barcha resurslari imkon qadar ishlashi lozim. Biroq haqiqiy ahvol shundan iborat bo’ladiki, mablag’larning bir qismi zaxiraga qo’yiladi, u muomalada kamroq qatnashadi yoki umuman ishtirok etmaydi, yana bir qismi esa iqtisodiyotni kreditlash uchun mo’ljallanadi. O’z-o’zidan ravshanki, bank biznesi nuqtayi nazaridan qaraganda bu g’ayritabiiy, shuning uchun ham, birlamchi va ikkilamchi zaxiralarga nisbatan kreditlar salmog’i qanchalik katta bo’lsa, foyda ham shunchalik ko’p kelishini bilib qo„ygan ma’qul. Shuningdek, bank faoliyatining muhim qoidalaridan yana biri shuki, bank iqtisodiy korxona sifatida o’z mablag’i, o’z foydasi ustidan tavakkal ish tutishi mumkin, ammo zinhor mijoz mablag’i yuzasidan emas. Muvaffaqiyatsiz bank tijoratidan bankning o’zi jabr tortishi mumkin, ammo mijoz hech qachon jabrlanmasligi kerak, chunki kredit muassasasi uning uchun yaratilgan. Bank tijorati «hamma narsa mijoz uchun, hamma narsa uning foydali faoliyatini ta’minlash uchun» qoidasi asosida harakat qilishi lozim. Bankning amaliy faoliyatida eng muhimi mijozning foyda ko’rishi, undan keyingina bankning foydasi, chunki pirovard natijada mijoz foyda olib faoliyat ko’rsatgandagina bank ham foyda olgan bo’ladi, sababikreditlar bo’yicha foizlar faqat mijoz olgan foyda hisobidan to’lanadi. Bank mijozning foyda olishi uchun shart-sharoit yaratar ekan, demak, o’zining manfaatini ham amalga oshirgan bo’ladi.
Tijorat banklari resurslarining asosiy manbasi - bu jalb qilingan resurslar bo’lib, ular bank resurslari tarkibida salkam 88 foizni tashkil qiladi. O’z resurslarining salmog’i 12 foiz bo’lib, jahon tijorat banklarining passivlari tarkibiy qismiga bo’lgan talabga javob beradi. Bankning o’z resurslari tarkibida ustav fondi 2,6 foizni tashkil qiladi. Jamg’arilgan resurslari tarkibida tijorat strukturadagi hisob va joriy schyotdagi depozitlar salmog’i 64 foizdan oshadi. Bankning o’z resurslari jumlasiga:
bankning nizom kapitali;
zaxira kapitali;
bankning oladigan foydasi hisobiga yuzaga keladigan boshqa jamg’armalar;
sug’urta zaxiralari;
yil davomida taqsimlanmay qolgan foyda kiradi.
Bankning nizom kapitali (sarmoya) bank ishini tashkil etishning tayanch nuqtasidir. Bu jamg’arma bank qatnashchilarining o’z mablag’lari hisobigagina yaratilishi mumkin, xolos, ya’ni ta’sischilarning pay badallari yig’indisidir. Tijorat banklarining zaxira kapitali aktiv operatsiyalarining chiqimlarini qoplash uchun mo’ljallangan. Ular olingan foyda yetmay qolgan vaqtda bank obligatsiyalari va imtiyozli aksiyalar dividendlari bo’yicha foizlarni to’lash manbayi bo’lib xizmat qiladi. U jamg’arma har yili foydadan ajratiladigan mablag’lar hisobiga shakllantiriladi. Bank o’z mablag’larining alohida tarkibiy qismi bu aniq operatsiyalarni amalga oshirish uchun bank tomonidan yaratilgan sug’urta zaxiralaridir. Bularga birinchi galda qimmatli qog’ozlar mablag’larini ta’minlovchi zaxiralar, shuningdek, ssudalar bo’yicha yo’qotishlar bo’lib qolganda ishlatiladigan zaxiralar kiradi. Bunday zaxiralarni shakllantirish majburiy bo’lib, Markaziy bank tomonidan talab qilinadi. Bank o’z mablag„larining eng muhim vazifasi bankning omonatchilar oldidagi majburiyatlarining ta’minoti bo’lib maydonga chiqishdir. Tijorat banklarining o’ziga xos tomoni shundaki, ular o’z mablag’larining miqdorini mustaqil suratda o’zlari belgilaydi va resurslarining juda ko’p qismi o’z mablag’lari hisobiga emas, balki zayom mablag’lari hisobiga shakllantiriladi. Banklarning mablag’larni jalb etish imkoniyati Markaziy bank tomonidan tartibga solib boriladi va bankning o’z sarmoyasi ham tashkiliy-huquqiy tuzilishiga qarab belgilanadi. Odatda, Markaziy bank tijorat banklari uchun banklarning o’z mablag’lari bilan chetdan jalb qilingan resurslar o’rtasidagi chegarani belgilab beradi. O’zbekistonda bu nisbat 1:20 miqdorida belgilangan.
Bank kapitali deganda bankning barqaror faoliyatini ta’minlash va favqulodda sodir bo’ladigan zararlarni qoplash maqsadida maxsus tashkil qilinadigan fondlar va zaxiralar tushuniladi. Bu kapital quyidagilarni o„z ichiga oladi:
ustav kapitali;
zaxira kapitali;
umumiy zaxiralar;
maxsus zaxiralar;
oldingi va joriy yillardagi taqsimlanmagan va bank ixtiyoriga qolgan foyda;
riskni qoplash uchun tashkil qilingan zaxira fondlar.
Bankning ustav kapitali bank muassislari va aksiyadorlari to’lagan pul mablag’laridan tashkil topib, uning summasi bank ustavida ko’rsatiladi va bank ishini boshlashning boshlang’ich, tayanch nuqtasi hisoblanadi. Bankning tashkil qilinish shakliga qarab uning ustav kapitali ham turlicha bo’lishi mumkin. Agar bank aksiyadorlik jamiyati tariqasida tashkil qilinadigan bo’lsa, u holda bank ustav kapitali yoki fondi aksiyalar chiqarish va joylashtirish yo’li bilan tashkil topadi. Banklarning aksioner kapitali quyidagi tarkibiy qismlardan tashkil topishi mumkin:
o’z aksioner kapitali. Bu kapital oddiy va imtiyozli aksiyalar chiqarish va sotish hamda taqsimlanmagan foyda hisobidan;
har xil ko’zda tutilmagan xarajatlarni va to’lanmagan qarzlarni qoplash uchun tashkil qilingan zaxiralar hisobidan;
bankning uzoq muddatli majburiyatlari (uzoq muddatli veksel va obligatsiyalar) hisobidan.
Bankning ustav kapitali uning balans passivida ko’rsatilib, summasi qonun bilan chegaralanmaydi. Ammo uning uchun eng kam miqdori Markaziy bank tomonidan belgilanadi. Va bu eng kam ustav kapitali bank muassislari tomonidan uni ro’yxatga olish paytigacha to’lanishi kerak. Alohida hollarda qonun hujjatlariga muvofiq bankning ustav kapitalini shakllantirish uchun budjet mablag’laridan foydalanish mumkin. Bankning zaxira kapitali – soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar to’langanidan so’ng sof foyda hisobiga shakllangan zaxiralar, ulardan bank faoliyatida ko’zda tutilmagan turli zararlar hamda qimmatli qog’ozlar kursining tushishi natijasida yo’qotishlarni ular yuzaga kelishi bilanoq hech qanday cheklashlarsiz qoplash uchun foydalaniladi. «Umumiy zaxiralar» – bank faoliyati davomida umuman yoki birorbir faoliyat turi (kreditlash, investitsiyalash) natijasida yuzaga kelishi mumkin bo’lgan zararlarni qoplash uchun, lekin ayrim muayyan operatsiyalar bo’yicha zararlarni qoplashga mo’ljallanmagan zaxiralar. Masalan, milliy valutani devalvatsiyalash uchun mo’ljallangan zaxiralar. «Maxsus zaxiralar» - «standart», «substandart», «shubhali» va «umidsiz» deb tasniflangan kredit va lizing operatsiyalari yoki boshqa alohida muayyan aktivlar bo’yicha yuzaga kelishi mumkin bo’lgan zararlarga qarshi zaxiralar. Taqsimlanmagan foyda – zaxira fondiga ajratmalar va dividendlar to’langanidan so’ng qoladigan foydaning bir qismidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |