18-modda. Birja bitimini ro‘yxatdan o‘tkazish va rasmiylashtirish Birja bitimini ro‘yxatdan o‘tkazish va rasmiylashtirish birja savdolari natijalari bo‘yicha yozma yoki elektron shaklda amalga oshiriladi.
Qimmatli qog‘ozlarga doir birja bitimlarini yozma ravishda rasmiylashtirish talab qilinmaydi.
Birja bitimlari notarial tartibda tasdiqlanmaydi.
19-modda. Tuzilgan birja bitimlarining bajarilishini ta’minlash Birjalar tuzilgan birja bitimlarining bajarilishini ta’minlash uchun quyidagilar orqali shart-sharoitlar yaratadi:
kliring va hisob-kitoblarni amalga oshirish;
agar birja bitimi shartlarida nazarda tutilgan bo‘lsa, birja tovarlarini yetkazib berishni nazorat qilishni va hisobga olishni amalga oshirish;
pul mablag‘larini va birja tovarlarini oldindan deponentga qo‘yishni nazarda tutuvchi mexanizmlarni belgilash;
birja savdosi qoidalariga va birja bitimlari bo‘yicha majburiyatlarga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish.
Birja bankrot deb topilgan taqdirda, birja a’zolarining va ular mijozlarining birja hisobvaraqlaridagi mol-mulki tugatish massasiga kiritilmaydi hamda birja a’zolariga va ularning mijozlariga ularning birja bitimi bo‘yicha majburiyatlari bajarilganidan keyin qaytarilishi lozim.
Birjaning majburiyatlari bo‘yicha undiruvni birja a’zolarining va ular mijozlarining mol-mulkiga qaratishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Birja a’zolarining mablag‘lari yetarli bo‘lmagan taqdirda, birja bitimi bo‘yicha majburiyatlarni bajarish tuzilgan birja bitimlarining bajarilishini ta’minlash fondining pulli va qaytarib berish asosida birja a’zolariga taqdim etiladigan mablag‘lari orqali ta’minlanishi mumkin.
20-modda. Birja faoliyatini amalga oshirishdagi cheklovlar Birja quyidagilarga haqli emas:
ishlab chiqarish, savdo, savdo-vositachilik faoliyatini bevosita amalga oshirishga, shuningdek birja faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa yuridik shaxslarning muassisi (aksiyadori) bo‘lishga, qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
birja a’zolarining va ular mijozlarining pul mablag‘laridan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishga, qonunchilikda va birja savdosi qoidalarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Birjada:
birjaning kotirovkalash varag‘iga kiritilmagan birja tovarlarini muomalaga kiritishga;
birja a’zolarining narxlarning sun’iy ravishda o‘zgartirilishiga yoki qat’iy qilib qo‘yilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan kelishilgan xatti-harakatlariga;
bozor konyunkturasini sun’iy ravishda o‘zgartirishga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan noto‘g‘ri va ataylab yolg‘on ma’lumotlarni tarqatishga;
birja savdolari o‘tkazilmagan holda birja a’zolari o‘rtasida tuzilgan birja tovariga taalluqli bitimlarni birja tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.
21-modda. Nizolarni hal etish Birja faoliyati sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
22-modda. Birjalar va birja faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik Birjalar va birja faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.