Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 75 sessiyalaridagi nutq
Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 23 sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining yetmish beshinchi yubiley sessiyasining yuqori darajadagi umumsiyosiy munozaralarida ishtirok etadi. Ushbu chiqishning tarixiy ahamiyati shundaki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashkil etilgani va unga O‘zbekiston a’zo bo‘lib kirgandan buyon ilk bor tashkilot minbarida O‘bekiston rahbari o‘zbek tilida nutq so‘zlaydi.
Bosh Assambleyaning markaziy tadbirlari jahonda vujudga kelgan epidemiologik vaziyat munosabati bilan BMT tarixida ilk bor videoanjuman shaklida bo‘lib o‘tmoqda.
Davlat rahbari sessiyaning yalpi qismida so‘zga chiqib, xalqaro hamjamiyat e’tiboriga mintaqaviy va global ahamiyatga ega dolzarb masalalar yuzasidan o‘z nuqtai nazarini taqdim etadi hamda O‘zbekistonni siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy modernizatsiya qilishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beradi.
Muhokamalarning asosiy mavzusini hisobga olib, koronavirus pandemiyasiga qarshi birgalikda kurashish va kasallik tarqalishining salbiy oqibatlarini yengib o‘tish masalalariga to‘xtalib o‘tiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti mintaqada va global miqyosda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, barqaror taraqqiyot, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, konstruktiv muloqotni kengaytirish, shuningdek, iqlim o‘zgarishi, oziq-ovqat xavfsizligi muammosi, qashshoqlikka barham berish va kambag‘allikni qisqartirish masalalari kabi zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi qaratilgan qator muhim tashabbuslarni ilgari surishi kutilmoqda.
Ta’kidlash joizki, davlat rahbari 2017 yil sentyabr oyida Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida ham qator muhim taklif va fikr-mulohazalarini bayon etgan edi.
BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan va amalga oshirilgan tashabbuslar:
• “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi tashkil etildi (2018 yil 27 mart);
• Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi maslahat uchrashuvlari o‘tkazildi. BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” rezolyutsiyasi qabul qilindi (2018 yil 22 iyun);
• Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik Trast jamg‘armasiga asos solindi (2018 yil 27 noyabr);
• BMT Bosh Assambleyasining “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” haqidagi rezolyutsiyasi qabul qilindi (2018 yil 12 dekabr);
• Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya loyihasi ishlab chiqildi. U inson huquqlari bo‘yicha ikkinchi Samarqand veb-forumida muhokama qilindi (2020 yil 12-13 avgust).