1. Ibtidoiy jamoa davri – jamiyatning geotizimlar tabiiy holatini buzmaydigan hayot tarzi. Odam paydo bo‘lgandan boshlangan. Bu davrning xususiyatlari: dastlab tayyor tabiat ne’matlaridan termachilik bilan kun ko‘rilgan; tosh qurollari ixtiro qilinib, ovchilik va baliqchilik bilan shug‘ullanilgan; olov kashf qilingan; dastlabki uy hayvoni, ya’ni it xonakilashtirilgan; inson tabiatga butkul qaram bo‘lib, tabiatning bir bo‘lagi sifatida hayot kechirgan; tabiatni o‘ziga moslashtirlmagan; geotizimlar to‘la qayta tiklanish imkoniga ega bo‘lgan va h.k. Ibtidoiy odamni iqlimi qulay, biologik resurslarga boy (yirik hayvonlar, mevalar) joylar ko‘proq qiziqtirgan. Bu bosqichda inson tabiatni o‘zgartirmagan, balki unga moslashgan. Inson xo‘jalik faoliyati juda sodda bo‘lib, tabiiy muhitning o‘zgarishiga sababchi bo‘lmagan. Mevali o‘simliklarni asrash va me’yorida terish, hayvonlarni me’yorida ovlash qoidalari u davrda yozuv bo‘lmaganligi sababli og‘zaki tarzda o‘rnatilgan.
2. Qishloq xo‘jaligi inqilobi davri – jamiyatning geotizimlarni kichik hududlarda, kam buzilishiga sababchi bo‘ladigan hayot tarzi. Bundan 6–8 ming yil ilgari boshlangan. Ushbu davrda odam ovchilik va baliqchilikdan dehqonchilikka o‘tgan. Tabiiy landshaftlarning kuch- siz o‘zgarishi ro‘y bera boshlagan. Bu davrning xususiyatlari: neolit davrida «Qishloq xo‘jaligi inqilobi» natijasida dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullana boshlangan; mug‘onalik – insonning tabiatga ta’sir ko‘rsatishi va uni o‘zgartirishi mumkinligi haqidagi qarash paydo bo‘lgan. Mehnat qurollari ancha takomillashib borishi natijasida inson tabiat bilan muvozanatni buza boshlagan, ayrim ov hayvonlari va o‘simliklar miqdor jihatdan kamaygan; xo‘jalik sohalarining dastlabki ko‘rinishlari paydo bo‘lgan va rivojlangan; aholi o‘troq hayot kechira boshlagan va dastlabki shaharlar paydo bo‘lgan. Bunday aholi to‘plangan joylarda fatsiya yoki urochishe miqyosida ekologik muvozanat buzilib, turli geoekologik muammolar tarkib topishiga olib kelgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston hududida er.av. II asrda dastlabki ariqlar, eramizning IV–VI asrlarida esa kanallar qurilgan. IX–XIII asrlarda sug‘orishning turli usullari va yirik gidrotexnik inshootlar qurilib, shu davr mobaynida jami 3,5–3,8 mln gektar yer sug‘orilgan.
Bu davrda insonning tabiatga bo‘lgan ta’siri kuchaya borgan, hunarmandchilik rivojlangan, xo‘jalikda tabiiy resurslardan keng qo‘llanila boshlangan. Dehqonchilik va chorvachilik yanada rivojlangan, ammo ular, asosan, qo‘l kuchiga asoslangani uchun ekologik muvozanatga ta’sir etmagan. Demak, bu davrda tabiatga ta’sir, asosan, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish maqsadida bo‘lgan. Nisbatan uzoq davom etgan bosqich bo‘lib, tabiatga kuchsiz, ba’zi tabiat komponentlariga kuchliroq ta’sir ko‘rsatilgan. Atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga qaratilgan qonunlar yozma ravishda o‘rnatilgan va amal qilingan, diniy manbalarga asoslanib, hukmdorlar turli davrlarda har xil ekologik qonunlar va farmoyishlar chiqarganlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |