1.Davlat xavfsizlik xizmatining kelib chiqish tarixi.
Shu faktni qayd etish joizki, SSSR davrida Davlat xavfsizlik xizmati katta rol o‘ynagan va ulkan vakolatlarga ega bo‘lgan. SSSRda DXQ (KGB) 1954 yilning 13 martida SSSR Ministrlar kengashi qoshida tuzilgan edi. DXQ tarkibida tuzilmaning bosh boshqarmasi bilan birgalikda 21 boshqarma mavjud edi va butun mamlakat bo‘ylab DXQning «birinchi bo‘limi» faoliyat ko‘rsatib, u korxona va muassasalarda ish olib borgan: jamoatchilik kayfiyati ustidan nazoratni vujudga keltirgan. Xalq o‘rtasida DXQ «qilich va qalqon» tashkiloti deyilar, bunga idoraning ramzi asos bo‘lgan edi. Ko‘pincha tashkilot ishida «qalqon» emas, «qilich» prinsipi ishga solinishi haqida gap-so‘zlar yurardi, bu holda tuzilmaning kuchishlatar uslublari va total ijtimoiy nazoratni qo‘llashiga sha'ma qilishardi. DXQ hamma ish bilan shug‘ullanardi — birinchi shaxsni qo‘riqlashdan tortib, razvedkagacha.
O‘tgan asrning 60-yillarida DXQning ahamiyati yanada oshdi, chunki 1967 yilda unga Yuriy Andropov rahbar etib tayinlandi. 1978 yilda DXQning beshinchi bo‘limi siyosiy qatag‘onlarni qo‘llay boshladi. Hattoki Yuriy Andropovning KPSS MQga ishga o‘tganidan so‘ng ham u eng asosiy lavozimlarga o‘ziga sadoqatli insonlarni qo‘ya boshladi. 70-80-yillarda xalq DXQni «kontora» deb atay boshladi, bunda tuzilma rahbariyati partiyaga oidligiga ishora qilindi. DXQ o‘z «yuzi»ni yo‘qota boshladi. 80-yillar so‘ngida uni qayta jonlantirishga urinish bo‘ldi, DXQ tuzilmalari respublika hokimiyati organlari tasarrufiga o‘tdi, biroq SSSR inqirozga uchrab, parchalangach — 1991 yilda qo‘mita tarqatib yuborildi.
Sovet ittifoqi tanazzulga uchragach, respublika manfaatlarini himoya qilish maqsadida 1991 yilning 25 avgustida O‘zbekiston SSR prezidenti farmoni bilan Davlat xavfsizlik qo‘mitasi (DXQ) respublika yurisdiksiyasiga olinib, partiyadan ajratildi. 1991 yilning 26 sentabrida O‘zbekiston SSR DXQsi O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmatiga aylantirildi. Idoraga general-leytenant G‘ulom Aliyev rahbar etib tayinlandi.
1995 yilda MXXga G‘ulom Aliyevning o‘rinbosari Rustam Inoyatov rahbar bo‘ldi. Idoraning vazifasi sirasiga endi mustaqil O‘zbekistonning hududiy yaxlitligi va suverenitetini saqlash bo‘lsa-da, ish tuzilmasi va kadrlar tizimi eski davrning «merosxo‘ri» sifatida qolaverdi.
MXXning faoliyati haqidagi nizom 26 yil muqaddam tasdiqlangan edi. Mirziyoyevning baholashicha, bu davr ichida MXX o‘z vakolatlari va faoliyat ko‘rsatish sohasini asossiz ravishda kengaytirgan, garchi xizmat haqidagi qonun tuzilmasi o‘zgarmagan bo‘lsa ham. Hukumatning yangi strategiyasi shakllantirilishi jarayoni va tarixiy shart-sharoitlar inobatga olinib, idorani isloh qilish va qayta tashkil etish masalasi ko‘ndalang bo‘ldi. O‘zining navbatdagi chiqishlaridan birida Shavkat Mirziyoyev MXXning «idora»ni ro‘kach qilib xalq va vatan manfaatlarini mensimasdan barcha sohalarga aralashish vaqti o‘tganini bayon qildi. Tarix nuqtai nazaridan bu absolyut normal jarayondir: yangi yetakchi — yangi dinamika degani. Mazkur holatda xavfsizlik va qonuniylik dinamikasi ishga tushdi
Do'stlaringiz bilan baham: |