Musofir boʻlmaguncha, musulmon boʻlmaysan...
Barcha mashhur insonlarning hayotiga, ularni hayoti davomida qilgan ishlariga, oʻtmishiga, umuman, olganda qanday qilib yuqori natijalarga erishganligiga qiziqaman. Ular haqida maʼlumotlar toʻplash jarayonida ularning hayotida qiyinchiliklar boʻlganini guvohi boʻlaman. Mana shunday ajoyib tabiatli kishilar haqida eshitganimda nodir inju topgandek quvonaman, hayotni yanada qattiqroq sevaman. Alisher Navoiy ham men uchun ana shu nodir injudir. Koʻpchilik insonlar Alisher Navoiyni hayoti davomida hech qanday qiyinchilik koʻrmagan deb oʻylashadi. Bu fikr qaysidir maʼnoda togʼri, chunki Alisher Navoiy boy xonadonda tugʼilgan ,hayoti davomida Husayn Boyqaro bilan birga doʻst tutingan, amir, bosh vaziri kabi lavozimlarda oʻzini faoliyatini olib borgan. Lekin Alisher Navoiyning ham hayotida qiyinchiliklar boʻlgan ekan. Alisher Navoiy 12 yoshida otasidan yetim qoladi. 1457 -yilda mamlakatda toj-taxt uchun kurash boshlanadi. Husayn Boyqaro ham ana shu kurashlarga qoʻshilib ketadi. Alisher Navoiy esa moddiy va maʼnaviy qiyinchiliklarga uchraydi. 1466-yilda Xurosonni tashlab, Samarqandga ketishga majbur bo‘ladi. Samarqandda dastlab juda faqirona hayot kechiradi, lekin sheʼriy isteʼdodi Xurosonda shuhrat topgan Alisher Navoiy tez orada Samarqandda katta obroʻga ega boʻladi.
Quyida Alisher Navoiyning ʼʼKabutarʼʼ hikoyasini keltirib oʻtaman. Navoiy bu hikoyasi bilan oʻzga yurtlarda dabdaba surishdan oʻz yurtida nochor, ammo ozod yashashni, ona yurtning tuprogʻi har bir kishi uchun behad aziz ekanligini taʼkidlagan:
Eshittimki, bir toyiri nomabar,
Bitik zimnida sharhi hangomabar,
Sabukpar kabutarki, har bir quloch
Ki, parron ochib tay qilib bir yig‘och.
Topib erdi bir shoh qaydida band,
Yetib erdi bolu parig‘a gazand.
Falak gardishi aylabon zulmu zo‘r,
Necha yil ani aylabon xonago‘r.
Chu zindonidin qochti ul benavo,
Nishotu farah birla tutti havo.
Singib ko‘kka har sori chun boqti ul,
O‘zining diyori sori tutti yo‘l.
Qilib sa’y ila tayri farxundapay,
Necha kunchilik yo‘lni bir damda tay.
Vale zulmi davron solib inqilob,
Qilib erdi ul bo‘lg‘on uyni xarob.
Kabutar yetishgach uyin topmadi,
Va lekin uchardin qanot yopmadi.
Base el bo‘lub tom uza donarez,
Uchurub kabutar berur erdi xez.
Bular sori hech aylamay iltifot,
Urar erdi o‘z tomin istab qanot.
Base davr urub ehtiyot aylabon,
Buzug‘ uzra qo‘ndi, nishot aylabon
Ki, ma’nus erur garchi vayronadur,
Netay shoh qasrinki, begonadur.
Erur qushqa xushroq chu boqsang ayon,
Murassa’ qafasdan tikan oshyon.
Musofirlikning ogʻir, mashaqqatli ekanligini, ona yurtining azizligi va uning hech narsa bilan almashtirib boʻlmasligini shoir bolalik hamda yigitlikda Mashhadda, Samarqandda tahsil olgan yillari chuqur anglab yetgan edi. Navoiy uchun ogʻir, ammo ibratomuz hayotiy-falsafiy xulosalar bergan ana shu yillar kechmishi uning butun umri va ijodi mobaynida chuqur iz qoldirgan. Shu bois musofirlik, bandlik, oʻz yurtidagi erkinlik gʻoyasi uning nafaqat epik asarlari balki, lirik asarlarida ham yorqin ifodalangan. Masalan, uning quyidagi mashhur ruboiysida ham ana shu gʻoya juda yorqin ifodalangan:
G‘urbatda garib shodmon boʻlmas emish
El anga shafiqu mehribon boʻlmas emish.
Oltin qafas ichra gar qizil gul butsa.,
Bulbulgʻa tikondek oshiyon boʻlmas emish.
Ona yurtning bebaholigini,olijanob insoniy gʻoyalarni sevgi va vafoni, doʻstlik va osoyishtalikni tarannum etuvchi buyuk mutafakkir shoirning asarlari shuning uchun ham abadiy yashaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |