Musiqa inson tafakkurini boyitadi
Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari g‘oyasi ilgari surilgan edi. Ushbu g‘oyaning bevosita amalga oshish omili o‘laroq, kuni kecha davlatimiz rahbari Namangan viloyatiga tashrif buyurib, yana bir bor milliy madaniyatni rivojlantirish, shu asnoda mamlakatimiz iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotini ta’minlash bo‘yicha nihoyatda hayotiy va dolzarb yo‘nalishni belgilab berdi.
Unga ko‘ra, endilikda har bir umumta’lim maktabi o‘quvchisi ta’lim muassasasini o‘z attestatida fizika, matematika va boshqa ko‘plab fanlar qatorida biror musiqiy cholg‘uni chalishni o‘rganganlik to‘g‘risidagi bahosi bilan bitiradi.
Davlatimiz rahbari bugungi kunda iqtisodiyotni rivojlantirish orqali insonlarning turmush darajasini ko‘tarish jarayonini boshdan kechirar ekanmiz, madaniyat va san’at sohasini yuksaltirmay turib, ijobiy natijalarga erishib bo‘lmasligini ta’kidlab o‘tdi.
Tarixdan ma’lumki, ilmu ma’rifatda dong taratgan allomalarimiz diniy va dunyoviy ilmlar qatorida musiqa ilmi amaliyotini ham batafsil o‘rganib, uni chuqur egallaganlar. Abu Nasr Forobiy, Safiuddin al-Urmaviy, Abdulqodir Marog‘iy, Zaynulobidin Husayniy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy va yana ko‘plab jahonga mashhur mutafakkirlar musiqiy cholg‘uni chalishni bilgan va bu xususda fundamental ilmiy-nazariy risolalar yozgan.
Bundan ko‘rinib turibdiki, musiqa ilmini egallash estetikasi o‘ziga xos kategoriya bo‘lib, o‘rta asr olimlarining komillikka erishishida nihoyatda muhim falsafiy omil sifatida ham xizmat qilgan.
Jahon tajribasiga murojaat etsak, unda ham aniq fanlar sohasida yirik tadqiqot olib borgan olimlar musiqiy cholg‘ulardan birini chala bilganga guvoh bo‘lamiz. Albert Eynshteynning skripka chalgani ko‘pchilikka ma’lum fakt. Artur Konan Doyl o‘zining dunyoga mashhur qahramoni SHerlok Xolmsni skripka chaladigan inson sifatida tasvirlagan. Umuman olganda, bugungi kunda Yevropaning nafaqat fizika-matematika, balki bosh qa fan sohalarida shuhrat qozongan olimlariga baho berganda, ularning biror musiqiy cholg‘u chalish ilmini egallagani ushbu reytingning yuqori bo‘lishiga sababchi omil sifatida aks etadi.
Davlatimiz rahbarining umumta’lim maktablari dasturiga musiqiy cholg‘uni o‘rganish fanini kiritish borasidagi taklifi madaniyat va san’at yo‘nalishidagi ta’lim tizimini rivojlantirishga katta ta’sir ko‘rsatadi. Bu bilan, avvalo, soha mutaxassislari uchun qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi. Binobarin, madaniyat va san’at yo‘nalishida o‘rta maxsus va oliy ma’lumotni olgan kadrlar ish bilan ta’minlanadi.
Umumta’lim maktablari o‘quvchilarini musiqa san’atiga qiziqtirish oson ish emas. Buning uchun o‘quvchiga cholg‘u chalishning afzalligini tushuntira bilish, shu bilan birga, musiqiy cholg‘uni chalishda muhim hisoblangan sifatlar, xususan, tinglash qobiliyatini rivojlantirish pedagogdan yuksak mahorat talab etadi. Buning uchun pedagogning o‘zi ijrochilik borasida mohir, o‘z kasbini yaxshi egallagan, o‘quvchi qalbida musiqaga mehr uyg‘ota oladigan hamda san’atning inson umrida tutgan ahamiyatini yoshlarga yetkaza biladigan ta’sir kuchiga egabo‘l ishi zarur.
Tan olish kerak, shu vaqtgacha xalq ta’limi tizimida musiqa o‘quv dars lari hamisha past saviyada o‘qitilgan. Musiqa fani o‘qituvchilari bilimi yetarli emasligi, musiqiy cholg‘uni ijro etish tajribasi yo‘qligi, o‘qitish uslubining o‘ta jo‘n va jaydari ko‘rinishga ega bo‘lgani sababli voyaga yetgan ko‘plab avlodlarning haqiqiy milliy mumtoz va zamonaviy musiqa haqidagi tasavvurlari noto‘g‘ri shakllangan. Shu bois, hozirgi kunda katta yoshdagi ziyoli odamlar bilan gaplashganda musiqa haqida gap ketsa, sohani faqatgina ko‘ngilochar predmet sifatida tushunib, miyig‘ida kulib qabul qiladilar.
Aslida esa musiqa san’atini tushunish, xususan, uning asoslarini egallash inson sog‘lom dunyoqarashining shakllanishida, tafakkur salohiyatini yanada boyitishda muhim o‘rin egallaydi.
Xususan, musiqiy cholg‘uni egallash niyatida bo‘lgan bola, avvalo, sabrli bo‘lishni o‘rganadi. Negaki, musiqa mashg‘ulotlari o‘quvchidan yolg‘iz qolib, o‘z ustida ishlash, maqsadga erishish yo‘lida vazifani uddalash, mas’uliyat hissining o‘sishi kabi insoniy fazilatlarning shakllanishi va kamol topishiga yordam beradi. Zero, qat’iyat va chidamlilik sifati inson umrining yoshlik chog‘larida tarbiya topib, uning butun hayoti davomida hal qiluvchi o‘rinni egallaydi.
Davlatimiz rahbarining xalq ta’limi tizimiga musiqa ilmini kiritish borasidagi taklifining yana boshqa bir hikmati ham bor.
Musiqa san’ati azal-azaldan xalqimiz tafakkurining ajralmas qismi bo‘lib kelgan. Har bir xonadonda dutor yoki boshqa bir musiqiy cholg‘u devorda osilib turgan, insonlar qalbiga chuqur ma’naviy ozuqa beradigan musiqiy-she’riy mashvaratlar odatiy hayot tarziga aylangan. Shunday ekan, xalqimizning mentalitetiga xos bo‘lgan ushbu xususiyatni yosh avlodni estetik tarbiyalash vositasi sifatida xalq ta’limi tizimiga joriy etish g‘oyasi bugungi kun uchun dolzarb masaladir.
Zero, jamiyatimizning bu sohada ma’rifatli bo‘lishi, milliy musiqiy merosimizga tegishli bo‘lgan shashmaqom va baxshichilik san’atini tom ma’noda tushunishi milliy o‘zligimizni tanish va shu orqali milliy g‘urur hissi bilan birlashishimiz, yuksak maqsadlar sari yurishimizga katta zamin yaratadi.
Oydin ABDULLAYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi deputati
Do'stlaringiz bilan baham: |