Dissertatsiyaning tuzilishi va hajmi. Tadqiqot “Kirish”, sakkizta paragrafni oʻz ichiga olgan uch bob, “Xulosa” hamda “Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati”dan iborat.
I.BOB. Milliy taʻlim tizimidagi islohlarni amalga oshirishning nazariy asoslari
1.1 Milliy taʻlim tizimining mazmun - mohiyati va tamoyillari
Insoniyatning global muammolari, aholi sonining oʻsishi va taraqqiyot, sogʻlom turmush tarziga oʻrgatish, ahloqiy qadriyatlarni va faol fuqaroni tarbiyalash kabi muhim masalalar shu kunning dolzarb vazifalaridir. Bu masalalarnn yechishda asosiy kalit bu – taʻlimdir. Taʻlim – kelajakni qurishda jamiyatda mavjud eng samarali vosita sanaladi. Taʻlim barcha muammolarning yechimlarini topa olmaydi, ammo u muammolarni yechishga qaratilgan barcha harakatlarning ajralmas qismi boʻlishi lozim. Bunda jamiyatning barcha sohalarini malakali mutaxassislar bilan taʻminlash, barchaga sogʻlom va mazmunli hayot kechirish uchun zarur sharoitlarni yaratish, hammani birdek atrof-muhitni muhofaza qilish va axborot bilan taʻminlash masalalari birinchi galdagi vazifalardir.
Bu kabi vazifalarni hal etish uchun taʻlim tizimida uzluksizlikka erishmoq muhimdir. Ayniqsa, maktabgacha taʻlim, maktab taʻlimi hamda oliy va oʻrta maxsus taʻlim tizimlarining, shuningdek, qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimlarining uygʻunligini taʻminlash zarur. Bu borada, mamlakatimizda bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, davlatimiz tomonidan xalq taʻlimi tizimida barkamol avlodni tarbiyalash, komil insonni shakllantirish va taʻlim berish uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Shuning uchun farzandlarimiz bugungi kunda puxta bilim olish uchun yetarli imkoniyatlarga egadirlar.
Farzandni tarbiyalash, unga ilm berish, kasb oʻrgatish qadimdan eng masʻuliyatli vazifa sanalgan. Odob-axloq, yoshi ulugʻlarga hurmat, mehr-oqibat, oilaga, kindik qoni toʻkilgan zaminga sadoqat fazilatlarini kamol toptirish bola tarbiyasida eng muhim jihatlardan hisoblanadi.
Taʻlim – tarbiyani yosh avlodga singdirishda taʻlim muassasalari samarali faoliyat olib borishmoqda. Taʻlim tizimining qayta isloh qilinishi davlat tomonidan bilimli, raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga katta eʻtibor berayotganligini koʻrsatadi.
Oʻzbekistonda taʻlim sohasida samarali ishlar qilinmoqda. Bu esa Oʻzbekiston miqyosida taʻlim – tarbiya sohasiga va yoshlarni barkamol qilib tarbiyalashga berilayotgan juda katta eʻtibordir. Istiqlol yillarida mamlakatimizda yoshlarga taʻlim-tarbiya berish, har tomonlama barkamol avlodni voyaga yetkazish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylandi. Taʻlim tizimida amalga oshirilayotgan tub islohotlar natijasida bunyod etilayotgan zamonaviy oʻquv maskanlarida yoshlarning chuqur bilim olishi, kasb egallashlari uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Taʻlim jarayoni tubdan oʻzgarmoqda. Har bir oʻquvchining qiziqishi, qobiliyati, bilim olish salohiyati inobatga olingan holda, taʻlim jarayoniga zamonaviy pedagogik usullar asosida yondashilmoqda. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad – yoshlarni shaxs sifatida shakllantirish, ongini oʻstirish, dunyoqarashini boyitishdir. Zero, yoshlarning maʻnaviyatini yuksaltirish, ularda eʻtiqod, Vatan tuygʻusini kamol toptirish tarbiyaning ustuvor yoʻnalishlaridandir.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning “Yuksak maʻnaviyat – yengilmas kuch” asarida taʻkidlanganidek, yoshlarimizning maʻnaviy olamida boʻshliq vujudga kelmasligi uchun ularning qalbi va ongida sogʻlom hayot tarzi, milliy va umummilliy qadriyatlarga hurmat-ehtirom tuygʻusini bolalik paytidan boshlab shakllantirishimiz zarur.9 Ayni shu vazifa biz, maorifchilardan katta masʻuliyat va mahoratni talab etadi. Bugun shiddat bilan oʻzgarib borayotgan murakkab zamonda, globallashuv davrida yashamoqdamiz. Yuksak texnologiyalar rivojlanib, inson tafakkuri boyib bormoqda, axborot almashish tez surʻatlarda rivoj topayapti. Hozir yer yuzining qaysi burchagida qanday voqea roʻy bergani haqida zum oʻtmay xabar topish imkoni bor. Ana shunday hodisalar va tarqalayotgan axborotlarning mamlakatimiz hayotiga, turmush tarzimizga taʻsiri yoʻq, deb boʻlmaydi.Bu jarayonlar mafkuraviy taʻsir oʻtkazishning oʻziga xos quroliga aylanib borayotgani ham sir emas. Turli siyosiy kuchlar va markazlarning manfaatlarini koʻzlab amalga oshirilayotgan bunday harakatlar biz tarbiyalayotgan yosh avlodga salbiy taʻsir oʻtkazishi, farzandlarimiz orasida nosogʻlom muhitni keltirib chiqarishi mumkinligi har birimizdan doimo ogoh va hushyor boʻlishni talab etadi. Bugun yoshlarimiz uchun axborot maydoni tobora kengayib boryapti. Ular oʻquv dargohlarida bilim olish bilan birga, radio, televideniye, matbuot, internet kabi vositalar orqali dunyodan muntazam xabardor boʻlib turish imkoniyatiga egadir. Bu yoshlarimiz ongini zaharlashga qaratilgan turli maʻnaviy tahdidlar, axborot hurujlarining xavfi ortib borayotganidan darak beradi. Albatta, buni oʻqima, uni koʻrma, bundan foydalanma, degan bir yoqlama qarashlar bilan farzandlarimizni bunday tahdidlardan asrash qiyin. Qolaversa, bu taʻlim-tarbiya tizimiga ham, bugungi zamon talablariga ham mos kelmaydi. Yurtimiz kelajagi boʻlgan yoshlarni oʻz qobigʻiga oʻralib qolgan holda emas, balki umumbashariy va demokratik qadriyatlarni chuqur oʻzlashtirgan komil insonlar etib tarbiyalash muhim vazifalarimizdan biridir.
Yoshlarimizda biz uchun mutlaqo yot boʻlgan, maʻnaviy va axloqiy tuban illatlar asosiga qurilgan, bashariyatning necha ming yillik anʻana va qadriyatlari, turmush tarzining maʻnaviy negizlariga tahdid soladigan “ommaviy madaniyat”, aqidaparastlik va boshqa gʻarazli kuchlarga qarshi turish koʻnikmalarini shakllantirishni taʻlim-tarbiya jarayonining muhim boʻgʻiniga aylantirish bu borada har tomonlama samarali yoʻldir. Ayni paytda yoshlarga puxta zamonaviy bilim berish barobarida, ularni ona Vatanga muhabbat va sadoqat, boy tariximizga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga alohida eʻtibor qaratilmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, yosh avlod milliy oʻzligimizni chuqur anglashi, zamon bilan barobar qadam tashlashi, oʻz fikriga ega, irodali va fidoyi insonlar boʻlib ulgʻayishi uchun muhim asos boʻladi. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan soʻng , barcha sohalarda islohotlar amalga oshirila boshlandi. Chunki, kishilar ongida yillar davomida qotib qolgan totalitar tuzum, boqimandalik kayfiyatidan qutulish kerak edi. Zero, mamlakat mustaqilligi har bir fuqarodan mustaqillik, tashabbusni, yangicha dunyoqarashni talab etadi. “Eski qolipda, mustabid davrda yozilgan darsliklardan foydalanib, eski mafkuradan xalos boʻlmasdan bolalarimizni yangicha fikrlashga oʻrgata olmaymiz”10. Taʻlim-tarbiya barcha zamonlarda barcha millat va xalqlarni oʻzaro yaqinlashtiruvchi, birlashtiruvchi omil boʻlib kelgan. Insoniyat ongida dunyoni bilish, uni yana va yana kashf etish va bu orqali esa “oʻz”ligini anglashga intilish hissi kuchli boʻlgan. Bunga esa faqat ilm, maʻrifat bilangina erishilib kelingan. Erishilgan yutuqlar natijasida insoniyat taraqqiyotning yangi-yangi bosqichlariga qadam qoʻydi. Zero, qadimgi davrda gʻorlarga chizilgan ilk sanʻat namunalaridan tortib, oʻrta asrlardagi yirik yozma va tasviriy sanʻat asarlarigacha, hamda buyuk geografik kashfiyotlar, uygʻonish davridan tortib, bugungi kunimizdagi turli kashfiyotlarning barcha-barchasi bevosita ilm, maʻrifat, tafakkur mahsuli hisoblanadi.
Fransuz faylasufi Rene Dekart “Tushunchalar maʻnosini aniqlashtiring va bu insoniyatning yarmini adashishdan saqlaydi” – deganida nechogʻlik haq ekanini davrning oʻzi isbotlab turibdi. Ayni shu maʻnoda dastlab biz “globallashuv” tushunchasining istilohiy maʻnosini izohlashga harakat qilamiz. Mazkur atama dastlab 1983-yili amerikalik olim T.Levitt tomonidan “Garvard biznes revyu” jurnalida chop qilgan maqolasida qoʻllangan edi. U yirik transmilliy korporatsiyalar ishlab chiqaradigan turli-tuman mahsulot bozorlarining birlashuv jarayonlarini “globallashuv” deb atagan11. Ushbu taʻrifda globallashuv jarayonining iqtisodiy tomonlariga eʻtibor berilgan. Vaholanki, globallashuv yaxlit jarayonlarni oʻz ichiga qamrab oladi. A. Ochildiyevning taʻkidlashicha, “...eng umumiy maʻnoda, globallashuv, bir tomondan, muayyan hodisa, jarayonning barcha mintaqalar, davlatlar va butun Yer yuzini qamrab olganini, ikkinchi tomondan, ularning insoniyat taqdiriga daxldor ekanini anglatadi”12. V. I. Danilov-Danilyanning fikricha “Globallashuv koʻproq mantiqdan emas, balki tarixiy paradigmadan kelib chiqqan soʻzdir. Globallashuv jihatlarining oʻzaro aloqadorligining aniq va ravshan tahlili mavjud emas”13. Yuqoridagi taʻriflardan koʻrinadiki, globallashuv jarayoni oʻzining murakkabligi va serqirraligi bilan alohida ajralib turadi. Shuning uchun ham S.Otamuratov takidlaganidek, “...globallashuv tushunchasi haqidagi qarashlar turli-tumanligicha davom etib kelmoqda. Bu tabiiy hol. Chunki uning makon va zamonda sodir boʻlish xususiyatlari turlicha boʻlib, dunyoning oʻzgarishiga oʻtkazayotgan taʻsirida ham yangi-yangi imkoniyatlari namoyon boʻlmoqda14. Globallashuv sharoitida tashqi aloqalar, xalqaro iqtisodiy munosabatlar rivojlanib, har bir shaxsning maʻnaviyati va intellektual salohiyatiga yangicha talablar qoʻymoqda. Oʻz navbatida, Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro munosabatlarning toʻlaqonli aʻzosi va uning ajralmas qismi hisoblanadi. Shuning uchun ham bugungi kunda mamlakatimizda yuksak maʻnaviyatli, yuqori bilimli va xalqaro talablarga mos keladigan mutaxassislarni tayyorlashga alohida eʻtibor berilmoqda. Mamlakatimizda bunday mutaxassislarga boʻlgan talab kelajakda ham oshib boradi. Shu bois yuksak maʻnaviyatli shaxsni tarbiyalash, ularni xalqaro mezonlar asosida tayyorlash ustuvor vazifalardan biriga aylanmoqda. Chunki Islom Karimov taʻkidlaganidek, “...Har qaysi davlat, har qaysi millat – nafaqat yer osti va yer usti tabiiy boyliklari bilan, harbiy qudrati va ishlab chiqarish salohiyati bilan, balki birinchi navbatda, oʻzining yuksak madaniyati va maʻnaviyati bilan kuchlidir”15. Globallashuv butun jahon iqtisodiy siyosiy, madaniy integratsiya va unifikatsiyalashuv (bir-birga yaqinlashuv) jarayonidir. Uning asosiy xususiyatlari xalqaro mehnat taqsimoti, kapital, ishchi kuchi va ishlab chiqarish resurslarining erkin harakati, qonunchilik, iqtisodiy va texnologik jarayonlarni standartlashtirish, shuningdek, turli mamlakatlar madaniyatining qoʻshilishi va yaqinlashuvidir. Bu obʻyektiv jarayon boʻlib jamiyatning barcha sohalarini qamrab oluvchi tizimli xususiyatga ega. Zero biz A.Toynbi taʻbiri bilan aytganda, insoniyat,”umumiy uy”, “umumiy taqdir» va umumiy tashvishlar bilan yashashga kiririshayotgan16, bir soʻz bilan aytganda globallashuv deb atalayotgan jarayonlar sodir boʻlayotgan zamonda yashamoqdamiz. Globallashuvning salbiy oqibatlari asosan, quyidagi sohalarda namoyon boʻlmoqda: ekologiya, sogʻliqni saqlash, demografik, resurslar, axloq, oila, taʻlim-tarbiya, maʻnaviy, dunyoqarash va boshqalar shular jumlasidandir. Ayni shu maʻnoda bugungi kunda eng yangi fani sinergetika ham shu kriz
is holatini ifodalash uchun “global bifurkatsiya nuqtasi” degan maxsus yangi tushunchani kiritgani, “katastrofalar nazariyasi”ni ishlab chiqqani bejiz emas. Chunki S.P.Kapitsa, S.P.Kurdyumov, G.G.Malinetskiy taʻkidlaganlaridek, “Olimlar siyosatchilarning qoʻliga butun Planetadagi hayotni bir emas, birnecha necha bor yoʻq qilish quvvatiga ega boʻla oladigan qurollarni tutqazdilar, vaholanki, kelajakda ularni qanday yoʻqotish va nima qilish mumkinligini aniqlashga harakat qilmadilar..., ular energiyaning yangi manbaʻlarini kashf etdilar va etmoqdalar, shuning bilan birga radioaktiv chiqindilar va yadroviy terrorizmdan qutilishday juda jiddiy muammolarini ham vujudga keltirdilar..., ular odamlarga antibiotiklarni sovgʻa qildilar, ayni paytda, zararli mikroorganizmlarning tabiiy tanlanish jarayonini kuchaytirdilar”17. Oksford universiteti direktori, professor Nik Bostrom bu ishlarning salbiy oqibatlari haqida oʻylab koʻrilmayotgani haqida shunday deydi: “Texnologik progressning tezlashuvi tufayli insoniyat hozir oʻz taraqqiyotining keskin burilish nuqtasga katta tezlik bilan yaqinlashib kelayotgan boʻlishining ehtimoli katta. Insoniyatga yaxshi tanish boʻlib qolgan yadroviy xavfu xatar yoniga endilikda nanotizimlar va mashina intellekti kabi sohalarning jadal rivojlana boshlagan texnologiyalari misli koʻrilmagan oʻz imkoniyatlari va xatarlari bilan qoʻshilmoqda. Bizning kelajagimiz, agar u bor boʻlsa, bizning ana shu jarayonlarga munosabatimizga bogʻliqdir. Hamon biz jadal rivojlanayotgan texnologiyalarga bogʻliq ekanmiz, insoniyat jamiyatidan “post-insoniyat” (keyingi insoniyat) jamiyatiga oʻtish dinamikasini yaxshi anglab yetishimiz zarur. Ayniqsa tuzoq qayerda joylashganini, muqarrar oʻlimga olib borishi mumkin boʻlgan yoʻllarni payqay bilishimiz zarur.”18 Bir necha yillik tadqiqotlari natijasida A.Chumakov shunday xulosaga keladiki, “Globallashuv ijtimoiy hayotning barcha sohalari, maʻnaviy qadriyatlar, dunyoqarash yoʻnalishlarini universallashuviga olib kelishi bilan birga, anʻanaviylik, oʻziga xoslik va madaniy xilma-xillikning saqlab qolishni istisno qilmaydi”19, - degan. Bunday sharoitda shaxs murakkab ijtimoiy muhit sharoitida faoliyat koʻrsatishga majburdir. Inson oʻzi yashayotgan zaminning, undagi tinch va barqaror hayotning mohiyatini toʻla anglashi, qadrlashi, yaʻni ijtimoiy muhitning obʻyekti sifatida namoyon boʻlishi kerak. Globallashuv jarayonining hayotimizga tobora tez va chuqur kirib kelayotganining asosiy sabablari xususida birinchi Prezidentimiz taʻkidlaganlaridek, “...shuni obʻyektiv tan olish kerak – bugungi kunda har qaysi davlatning taraqqiyoti va ravnaqi nafaqat yaqin va uzoq qoʻshnilar, balki jahon miqyosida boshqa mintaqa va hududlar bilan shunday chambarchas bogʻlanib borayaptiki, biron mamlakatning bu jarayondan chetda turishi ijobiy natijalarga olib kelmasligini tushunish, anglash qiyin emas”20. Global miqyosdagi muammolar ilmiy munozaralar predmeti sifatida XX asrning 60-70 yillarida jahon hamjamiyatida jiddiy qiziqish uygʻotgan. 1930-yillarda E.Lerua, Teyyar de Sharden va V.I.Vernadskiylarning nazariyalarida insoniyat hamjamiyatning global mohiyati va uning yerdagi yashash tarixi uchun masʻuldir, degan fikrlar ilgari surilgan. Keyinchalik bu masalaga eʻtibor bir muncha susayganligi koʻzga tashlanadi. Maʻlumki 1970-80 yillarga kelib mazkur masalaga oid tadqiqotlar jonlangan. Bugungi kunda globallashuv jaryonining jadallashuvi oʻzaro aloqadorlik va oʻzaro taʻsir dialektikasi qonunlari asosida ilm-fan, madaniyat taraqqiyotiga taʻsir oʻtkazmoqda, bu oʻz navbatida yoshlardagi ijtimoiy masʻullik jarayoni zamonaviy ilm-fan yutuqlari, texnika-texnologiya, xalqaro axborot almashinuvining jadal rivoji bilan oʻzaro aloqadorlikda yuzaga keladi. Shuning uchun ham M.Yoqubova “Soʻngi oʻn yillikdagi axborot inqilobi, globallashayotgan axborot vositalari, jamiyatni axborotlashtirish jarayonlarini butunlay oʻzgartirib yubordi”21 degan xulosaga kelgan edi. Hozirgi kunda “globalistika” atamasi zamonaviy fan tilining ajralmas qismidir, ammo uning maʻnosi haqida hanuz turlicha fikrlar bildirilmoqda. Baʻzilar bu yangi fan, u hali shakllanish jarayonida, deb taʻkidlasa, boshqalar uni ilmiy bilish integratsiyasi natijasi, deb bilib, oʻziga xos fanlararo tadqiqotlar sohasi, sifatida tan olmoqda22. Davlatlarning bugungi va istiqboldagi barqaror iqtisodiy oʻsishini taʻminlovchi omillar, aynan taʻlim sohasi rivojlanishiga bevosita bogʻliq. Shu sababli mustaqillikning ilk yillaridanoq iqtisodiyotni tubdan isloh qilish jarayonida taʻlim sohasida jahonda munosib oʻrinni egallashga qaratilgan yangi uzluksiz taʻlim tizimini yaratish va rivojlantirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Bu borada alohida ahamiyat kasb etadigan siyosiy globallashuv davlatlarning siyosiy tuzilishini, xalqlar va mintaqalar oʻrtasidagi siyosiy aloqalarning kengayishini, oʻzaro bogʻliqligini ifodalaydi va oxir-oqibat, ularning unifikatsiyalashuviga olib keladi. Bunda oʻziga xos siyosiy munosabatlar koʻlamiga koʻra global va barcha davlatlarning ichki tuzilishi bir tarmoqqa ulanib ketishi kuzatiladi. Bu jarayonda milliy davlatchilik suverenitetiga xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan bir qancha holatlar mavjud. Ular qatoriga quyidagilarni kiritish mumkin:
Birinchidan, jahon siyosiy sahnasida transmilliy korporatsiyalar, nodavlat hamda xalqaro tashkilotlar, xalqaro kapital kabi yangi qudratli siyosiy subʻyektlar shakllanmoqda. Ular siyosatning anʻanaviy subʻyekti — milliy davlatchilik suverenitetining ikkinchi darajaga tushib qolishiga sabab boʻlmoqda.
Ikkinchidan, globallashuv xalqaro huquq asoslariga sezilarli ravishda taʻsir etyapti. Bu esa davlatlarning oʻz hududida huquqiy suverenitetidan qisman ayrilishiga olib kelmoqda. Natijada milliy davlatlarning nafaqat tashqi, balki ichki siyosiy masalalarini mustaqil hal etish imkoniyatlari chegaralanmoqda. Muayyan davlatning ichki siyosatini tashkil etadigan muammo (ichki ixtilof, siyosiy kurash, saylov jarayonlari va boshqa) bugungi kunda global ahamiyat kasb etib, boshqa davlatlarning manfaatlariga ham daxl qilmoqda.
Uchinchidan, kishilar ongida davlatchilik suvereniteti asosini tashkil etuvchi hududiy omil globallashuv samarasi oʻlaroq, oʻzining anʻanaviy ahamiyatini yoʻqotmoqda va tabiiy ravishda davlat hokimiyati mavqeiga ham putur yetmoqda. Boshqacha aytganda, milliy chegaralar tobora shaffoflashib bormoqda.
Toʻrtinchidan, butun dunyo boʻylab bir qator gʻarb davlatlari rahnamoligida "demokratiyalashuv" jarayoni jadallashmoqda va buning natijasida ayrim davlatlarning oʻziga xos demokratik taraqqiyotiga chetdan kuchli taʻsir oʻtkazilyapti. Yaʻni, bu jarayondan oʻz manfaatlari yoʻlida foydalanishga urinayotgan globalizm gʻoyasi asoschilari boshqa mamlakatlarning siyosiy boshqaruv tizimini oʻz qoʻllariga olishga urinmoqdalar. Masalan, MDHga aʻzo bir qator davlatlarda 2005 -yilda yuz bergan "inqilob"lar, siyosiy globallashuv mahsuli boʻlib, ular ushbu jarayon asoratlarining qanchalar xavfli ekanligidan darak beradi. Ushbu voqealar shundan dalolat beradiki, yuksak taraqqiy etgan mamlakatlar boshqa davlatlarning suvereniteti va ichki ishlariga aralashmaslik printsipini niqoblangan shaklda buzmoqda. Bunda siyosiy globallashuv jarayonining yana bir mahsuli – nodavlat tashkilotlarning resurslari va nufuzidan tashkiliy niqob sifatida foydalanish dunyo boʻylab keng tarqalmoqda. Ayni shu maʻnoda A.V.Buzgalin taʻkidlaganidek, “Globallashuvning siyosatga taʻsiri kuchli boʻlib, u xavfsizlik va iqtisod sohasida davlatlarning bir-biriga tobeligini kuchaytiradi, har birining jahon sahnasidagi ustuvor jihatlarining chuqur oʻzgarishiga olib keladi. Tashqi siyosiy vositalar arsenaliga boshqacha nuqtayi nazardan qarashga majbur qilib, jahon siyosatining tadrijiylashish jarayonining tezlashib ketishiga olib keladi”23. Globallashuv fenomenining obʻyektiv va ochiq ekanligi hisobga olinsa, uning turli muqobillarda namoyon boʻlishi tabiiy tus oladi. Shunday ekan, globallashuv jarayonining biror-bir jihatini mutlaqlashtirib, unga mutlaq ijobiy yoki mutlaq salbiy jarayon sifatida qarash nojoizdir. Oʻz navbatida nemis sotsiolog olimi U.Bek taʻkidlaganidek, “Globalizatsiya shubhasiz eng koʻp qoʻllaniluvchi va eng koʻp suisteʻmol qilinuvchi va eng kam oʻrganilgan, ehtimol “tushunarsiz” mavhum, siyosiy jihatdan samarali soʻz (bahs-munozarada kuchli qurol, shior)”24 dir. Globallashuv jarayonida axborot olishning tezlashuvi, shuningdek internet orqali uzatiladigan turli yangiliklarning ijobiy va salbiy jihatlarini tahlil qilish masalalarini eʻtibordan chetda qoldirmaslik kerak. Masalan, globallashuv haqida 1998-yilda Nobel mukofotini olgan Portugaliyalik yozuvchi J.Saramagu: “Men antiglobalistik harakatlar tarafdoriman. Chunki menga hozir sayyoramizda keskin tezlikda shakllanayotgan tartib yoqmaydi” degan boʻlsa, J.Soros “globallashuvning shuncha kamchiliklariga qaramay, men uning rashkchi tarafdoriman. Uni qoʻllab-quvvatlashimning sababi nafaqat u beradigan qoʻshimcha boyliklar, balki odamlarga berishi mumkin boʻlgan erkinlik sababli hamdir”25, deb yozadi. Ayni shu maʻnoda “globallashuv sharoitida - deb yozadi V.Mixeyev, dunyo mamlakatlari va mintaqalarining oʻzaro iqtisodiy va siyosiy bogʻliqligi mislsiz rivojlanadi va dunyoda yagona huquqiy maydon iqtisodiy va siyosiy boshqaruv masalasini kun tartibiga qoʻyish mumkin boʻlib qoladi”26. Umuman olganda, globallashuv murakkab va serqirra jarayon boʻlib, uning turli mamlakatlar hayotiga oʻtkazayotgan taʻsiri ham turlicha. Bu hol dunyo mamlakatlarining iqtisodiy, maʻnaviy salohiyatlari va siyosati qanday ekani bilan bogʻliq. Dunyoda yuz berayotgan shiddatli jarayonlarning har bir mamlakatga oʻtkazayotgan salbiy taʻsirini kamaytirish va ijobiy taʻsirini kuchaytirish, davlatlar kelajagini belgilab beruvchi asosiy omil boʻlib qolmoqda. Globallashuvning asosiy koʻrinishlari, tendentsiyalari va oqibatlari tevaragidagi munozaralar soʻnggi yillarda nafaqat jonlandi, balki qizgʻin tus olmoqda. Natijada bir davlatda emas, balki butun dunyoda bir-biriga qarshi kurash olib borayotgan "globalistlar" va "antiglobalistlar" yuzaga keldi. Ayrim olimlar globalizatsiyani farovon turmush, tanlash huquqi va yanada koʻprok erkinlik, yaʻni koʻchib yurish, toʻliq axborot olish, koʻproq xaq toʻlanadigan joyda ishlash, eng yaxshi universitetlarda taʻlim olish erkinligi bilan bogʻlasalar, boshqalar esa globallashuvni insoniyatga tahdid soluvchi, global isish, atrof muhitning ifloslanishi, nazoratsiz migratsiya omillarining vujudga kelishi, ishsizlarning koʻpayishi, anʻanaviy qadriyatlarga putur yetishi kabi muammolarni tugʻdiruvchi jarayon sifatida baholamoqdalar. Bizningcha, globallashuv, eng avvalo, taraqqiyot surʻatlarining tezlashuvi orqali butun insoniyat yalpi yer shari taqdirini birlashtirayotgan siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, maʻnaviy-axloqiy, madaniy-ruhiy hodisa sifatida oʻzini namoyon etayotgan bir paytda, uning yaxlit mohiyatini ijtimoiy-falsafiy jihatdan tadqiq etishni taqozo etmoqda. Aynan shu nuqtai-nazardan qaraganda, globallashuv odamlar oʻrtasida muayyan universal va umumhajmli aloqani oʻrnatishni nazarda tutadi. Ana shunday sharoitda milliy-maʻnaviy qadriyatlarimizni tiklash va rivojlantirish yoshlar tarbiyasida katta ahamiyatga egadir. Ayni shu maʻnoda, “hozirgi kunda globallashuv jarayoni yangi-yangi hudud va mintaqalarni, inson faoliyatining barcha sohalarini oʻz domiga tortmoqda. Ayniqsa, mafkuraviy va maʻnaviy sohada oʻz gʻoya hamda mafkuralarini singdirish, taʻsir doiralarini kengaytirishda globallashuv jarayonlari muhim halqa boʻlib xizmat qilayotgani hammamizga ayon”27.
Do'stlaringiz bilan baham: |