MEBEL SANOATI
Mebel sanoati usulida ishlab chiqarila boshlagunga qadar uy-ro’zg’or mebellari (xontaxta, kursi, jovon, sandiq va b.) kustar va yarim kustar korxonalarda tayyorlangan. O’zbekistonda mebel sanoatining dastlabki mahsulotlari-turar joy va jamoat binolari uchun mebel ishlab chiqarish 1922 yildan boshlangan. Uy-ro’zg’or va jamoat ehtiyojlari uchun mebellar ishlab chiqarish 2-jahon urushidan keyingi yillarda birmuncha rivoj topdi. 50- yillar oxirida respublikada turli vazirlik va idoralar ixtiyorida bo’lgan 3 fabrika, bir necha sexlar ishlagan. Hunarmandchilik artellari va yirik mebel sexlari negizida Toshkent, Samarqand, Namangan, Andijon shaharlarida mebel fabrikalari barpo qilindi. 1962 yil o’rta Osiyo xalq xo’jaligi Kengashining ixtisoslashtirilgan mebel va yog’ochsozlik sanoati boshqarmasi tuzildi. 1965 yil O’zbekistonda mebel ishlab chiqaradigan 12 korxona ishladi. 1977 yil O’zbekiston mebel va yog’ochsozlik sanoati vazirligi tashkil etildi. Respublika mebel sanoati to’liq assortimentdagi mebellarni tayyorlashga o’tdi. 1988 yil respublikadagi barcha mebel sanoati korxonalarini boshqaradigan «o’zbekmebel» birlashmasi tashkil etildi. 1991 yil shu birlashma negizida «o’zbekmebel» ijara korxonalari uyushmasi tuzildi. 1993 yil yanvarda uyushma «o’zbekmebel» davlat-aksiyadorlik birlashmasiga aylantirildi. Birlashma tarkibida 36 mebel ishlab chiqaradigan aksiyadorlik birlashma va korxonalari: «Yangiyo’l» ishlab chiqarish-tijorat shirkati, 13 mebel fabrikasi, 3 ta mebel ishlab chiqarish birlashmasi, 6 mebel birlashmasi, «o’zbekqog’oz» ijara korxonasi, mebel ko’zgusi korxonasi, yog’och kesish stanoklari zavodi, firma magazinlari faoliyat ko’rsatdi. «Toshkent» mebel birlashmasi (1978), «Mirobod» birlashmasi (1953), Samarqand mebel birlashmasi (1954), «Namangan» mebel birlashmasi (1956), «Mebel» birlashmasi (1959), «Farg’ona mebel» birlashmasi (1960), Olmaliq mebel kombinati (1961), «Yangiyo’lmebel» shirkati (1963), Quva mebel kombinati (1967), Sergeli mebel birlashmasi (1974), Olmazor yumshoq mebelllar fabrikasi (1989), Andijon mebel kombinati (1991 yil qayta qurilgan), Jizzax va Rishton mebel fabrikalari (1994) turli maqsadlarga mo’ljallangan zamonaviy mebellarni ishlab chiqarishga o’tdi. 90-yillarning 2-yarmidan mebel sanoati korxonalari xususiylashtirildi va «o’zbekmebel» davlat-aksiyadorlik birlashmasi tugatildi. Tarmoqni rivojlantirish kichik va o’rta xususiy korxonalar tashkil etish, korxonalarni zamonaviy uskunalar bilan qayta jihozlash va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish, korxonalarning eksport imkoniyatlarini oshirish, xorijiy firmalar bilan qo’shma korxonalar tashkil etish hamda iqtisodiy hamkorlikni yo’lga qo’yish yo’nalishlarida olib borildi. O’zbekistonda tayyorlangan mebellar eksporti yo’lga qo’yildi. 1997 yilda mahalliy sanoat korporatsiyasining bir necha korxonalari va «Fayz» qo’shma korxonasi aksiyadorlik jamiyati negizida mebel sanoatidagi yirik «Fayz» xolding kompaniyasi tashkil topdi. Kompaniya tarkibida 30 korxona va tashkilot, shu jumladan chet el investitsiyalari ishtirokidagi 10 ta qo’shma korxona bor. Kompaniya korxonalarida yumshoq va ofis mebellari, oshxona mebellari, yotoqxona to’plamlari, maktablar va o’quv yurtlari, bolalar sporti, mehmonaxonalar uchun mebellar, ma’muriy binolarni bezash mebellari, porolon, gugurt ishlab chiqariladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |