Mamlakat eksportini rag’batlantirish va tartibga solishning iqtisodiy mexanizmi
Iqtisodiyotni erkinlashtirish va islohotlarni chuqurlashtirishning ustuvor yo`nalishlaridan biri iqtisodiyotga investitsiyalarni jalb qilish bilan bog’liqdir. Xorijiy investitsiyalarni jalb etmay, ayniqsa, etakchi tarmoqlarda chet el investitsiyasi ishtirokini kengaytirmay turib, iqtisodiyotda tarkibiy o`zgarishlarni amalga oshirish va modernizatsiyalash, korxonalarni zamonaviy texnika bilan qayta jihozlash hamda raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni yo`lga qo`yish mumkin emas.
Milliy iqtisodiyotda xorijiy kapital va zamonaviy texnologiyalarni jalb etish, boshqaruv tajribasi va marketing faoliyatini o`rganish, ishlab chiqarish va mahalliy bozordagi mavjud taqchilliklarni bartaraf etish, eksport ko`lamini, tuzilmasini kengaytirish va uni takomillashtirish, qat`iy valyuta tushumlarini ko`paytirish, xo`jalik sub`ektlarining ishlab chiqarish va tijorat faoliyatida xatarlarni pasaytirish kabi bir qator iqtisodiy tadbirlarni samarali tashkil etishda xorijiy investitsiya asosida tashkil etilgan korxonalarning o`rni juda ahamiyatli ekanligini bozor iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlar tajribasi namoyon qilib turibdi.
Xorijiy investitsiya asosidagi korxonalarning ijtimoiy va iqtisodiy xususiyatlarini to`liq e`tirof etgan mamlakatimiz rahbariyati mustaqillikning dastlabki kunlaridan boshlab chet el investitsiyalarini jalb qilish orqali qo`shma korxonalar tashkil etish va rivojlantirishga katta e`tibor berib kelmoqda. Xususan, chet el investitsiyalarini jalb etish va rivojlantirishga qaratilgan “Investitsiya faoliyati to`g’risida” va “Chet el investitsiyalari to`g’risida”gi qonunlar va maxsus yo`riqnomalar qabul qilindi va ular milliy iqtisodiyotga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish tadbirlari muvaffaqiyat bilan amalga oshirilmoqda. Hozirgi kunga kelib tarmoqlar iqtisodiyotida ro`yxatdan o`tgan qo`shma korxonalar soni yildan-yilga ko`payib, ularning aksariyati mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirishda, yangi ish o`rnilarini tashkil etishda, davlat byudjetining daromad qismini soliqlar bilan ta`minlashda hissa qo`shib kelmoqda.
Biroq, mamlakatimizning iqtisodiy imkoniyati, intellektual salohiyati va siyosiy barqarorligiga tayanib aytadigan bo`lsak, bugungi kunda tarmoqlar iqtiosdiyotida chet el investiitsyalari hajmi va xorijiy investitsiyali korxonalarning soni etarli emas. Fikrimizcha, xorijiy investitsiyalar hajmini ko`paytirishga va qo`shma korxonalar miqdorini oshirishga ta`sir ro`rsatadigan bir necha iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy omillar mavjud bo`lib, ulardan eksport salohiyatini oshirish orqali mamlakatimizdagi qo`shma korxonalar sonini ko`paytirish bilan birga, boshqa qator iqtisodiy-ijtimoiy muammolar ham hal etiladi. Shuningdek, xorijiy mamlakatlar tajribasidan ma`lumki, rivojlanayotgan davlatlardagi eksport salohiyatini ta`minlashda qo`shma korxonalar munosib o`rin egallaydi.
Hozirgi kunga kelib, milliy iqtisodiyotimizda mahalliy korxonalar bilan bir qatorda, aynan qo`shma korxonalar faoliyat yuritmoqdalar hamda ularda yuz minglab fuqarolarimiz ish bilan band bo`lmoqdalar.
Chet mamlakatlardan zamonaviy texnologiyalarni jalb etish, qo`shma korxonalarni yaratish va ularda xalqaro standartlarga javob bera oladigan, ya`ni jahon bozorida raqobatbardosh bo`lgan mahsulotlarni ishlab chiqarish natijasida eksport salohiyati ham rivojlanadi.
Qo`shma korxonalar ishlab chiqarayotgan mahsulotlar, bajarayotgan ishlar va ko`rsatayotgan xizmatlarni xorijga eksport qilishda to`siq bo`layotgan obyektiv va subyektiv omillarni bartaraf etish yoki ko`lamini qisqartirishga qaratilgan xulosalar hamda tegishli takliflarimiz quyidagilardan iborat.
Milliy iqtisodiyotning turli tarmoqlarida xorijiy investitsiyalar ishtirokida qo`shma korxonalar barpo etilishi natijasida bir qator iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy samaralarga erishiladi. Jumladan:
zamonaviy texnika va texnologiyalarning kirib kelishi ishlab chiqarish
darajasining oshirishiga;
mehnatga layoqatli aholi ish o`rinlari bilan ta`minlanishiga;
ishlab chiqariladigan tovarlar va xizmatlar sifati yaxshilanishiga;
ilg’or boshqaruv usullari o`zlashtirilishiga;
xususiylashtirish jarayonini faollashtirish uchun qo`shimcha mablag’larga ega bo`lishiga;
soliqlar, ijara haqi va boshqa to`lovlar bilan davlat bjdjeti daromadlarining ortishi tufayli valyuta tushumi keskin ortishiga erishiladi.
Xorijiy investitsiyalarning O`zbekistonga kirib kelishi qisqa vaqt ichida mulkchilikning turli shakllari tashkil topishiga ko`maklashadi. O`zbekiston iqtisodiyotida tarkibiy qayta qurishni, nufuzli tarmoqlarni barpo etishni ta`minlaydi. eng muhimi, O`zbekistonning xalqaro bozorga yuqori sifatli, raqobatbardosh mahsulotlarni olib chiqishini va u erda o`z o`rniga ega bo`lishini ta`minlaydi. Buning oqibatida eksport o`sishi va respublikamiz to`lov balansining tobara ijobiylashib borishiga erishiladi.
Mamlakatimiz milliy iqtisodiyotida minglab xorijiy investitsiyalarga asoslangan qo`shma korxonalar barpo etilmoqda. Ammo mamlakatimizdagi mavjud hududiy, iqtisodiy, ijtimoiy, malakaviy va xom-ashyo resurslarini e`tiborga oladigan bo`lsak, hamon mavjud imkoniyatlardan to`laqonli foydalanilmayapti.
O`zbekistonda avtomobilsozlik sohasida faoliyat yuritayotgan qo`shma korxonalarda ishlab chiqarilgan avtomobillar va avtobuslar MDH davlatlari bozorlarida o`z xaridorlariga ega bo`lib, ular xarid narxining nisbatan pastligi, mustahkamligi va sifat ko`rsatkichlarining yuqoriligi bilan ajralib turadi. Biroq, ushbu avtomobillar va avtobuslar eksportining xorijiy mamlakatlarga to`g’ri keladigan hissasini oshirish lozim. O`zbekiston avtomobilsozlik mahsulotlari eksportini kengaytirish strategiyasi rivojlangan xorijiy mamlakatlarga emas, balki rivojlanayotgan xorijiy mamlakatlarga tomon qaratilmohi lozimdir. Chunki, rivojlangan xorijiy mamlakatlar bozorlari segmentining katta qismi dunyoda avtomobilsozlik sanoati bo`yicha shuhrat qozongan yirik korporatsiyalar tomonidan zabt etilgan bo`lib, Ushbu holat O`zbekistonda ishlab chiqarilgan avtomashinalarning mazkur bozorlarda ayirboshlash imkoniyatlarini chegaralab qo`yadi yoki xarid narxlarining tushishiga olib keladi.
O`zbekiston Respublikasida tashqi iqtiosdiy faoliyatni erkinlashtirish va tashqi iqtisodiy majmuani yanada takomillashtirish borasida:
O`zbekiston Respublikasi tashqi iqtiodiy faoliyat qatnashchilari manfaatlarini ham ichki, ham tashqi bozorlarda himoya qilish;
eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan davlat dasturlarini ishlab chiqish va ularning amalga oshirilishini ta`minlash;
xorijiy mamlakatlar bilan zamonaviy texnologiyalarni standartlashtirish, metrologiya va sifatni sertifikatsiya qilish sohasida hamkorlik qilish ko`lamini kengaytirish;
bevosita xorijiy investitsiyalarni jalb eti shva xalqaro standartlarga javob bera oladigan jahon bozorida raqobatbardosh bo`lgan mahsulotlarni ishlab chiqarish maqsadida mamlakatning turli hududlarida qo`shma korxonalar yaratilishini ta`minlash;
xalqaro transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish orqali eksport tovarlarining tarnsportda tashish xarajatlarin kamaytirish kabi masalalarni hal etish maqsadga muvofiqdir.
Tashqi iqtisodiy faoliyatni takomillashtirishga to`sqinlik qilib kelayotgan bunday masalalarning o`z vaqtida bartaraf etilishi O`zbekistonning jahon iqtisodiy hamjamiyatida samarali ishtirok etishi imkonini beradi.
Hozirgi sharoitda eksport nomenklaturasi etarlicha bo`lmay. Atigi 300 turdagi tovarlarni o`z ichiga oladi. Agar ushbu ko`rsatkichni boshqa davlatlar bilan taqqoslaydigan bo`lsak, Xitoy Xalq Respublikasi 50000 turdagi tovarlarni eksport qiladi. Ushbu raqamlar O`zbekistonning eksport tovarlari tarkibining nihoyatda torligini hamda milliy iqtisodiyotimiz hamon xom-ashyo bozorlariga sezilarli darajada bog’liqligini ko`rsatadi.
Mamlakatimiz eksportini riojlantirishga salbiy ta`sir etayotgan muammolar bizningcha quyidagilar:
tashqi bozorda ishlaydigan moliyaviy qo`llab - quvvatlovchi moliya-kredit sektorining etarli rivojlanmaganligi;
eksport qilinadigan mahsulotlar narxining qimmatlashishiga sabab bo`layotgan hamda uni iqtisodiy jihatdan foydasiz qilib qo`yyayotgan, aksariyat qismi juda yuqori bo`lgan mavjud tashish tizimi;
xususiy sektorning eksportdagi ulushi sezilarli emasligi;
ko`pgina korxonalarning faol tashqi iqtisodiy siyosatga ega emasligi kabi asosiy omillar bilan belgilanadi.
Eksportni rivojlantirishga salbiy ta`sir ko`rsatayotgan omillarni tartibga solishda va bartaraf etishda, shubhasiz, davlatning asosiy roli iqtisodiyotni erkinlashtirishni jadallashtirish hamda eksportni tartibga soluvchi, rag’batlantiruvchi yagona davlat tizimini va eksportga ko`maklashish aniq chora-tadbirlari mexanizmini barpo etishida namoyon bo`lishi lozim.
Qo`shma korxonalarning eksport salohiyatini tashkil etish va rivojlantirishda soliqlar va soliq funktsiyasini bajaruvchi majburiy to`lovlarning ta`siri yuqori bo`ladi. SHu bois, qo`shma korxonalarning soni va ishlab chiqarishini ko`paytirishda soliqlar borasida maksimal imtiyozlar yaratish lozim.
Eksport salohiyatini oshirish murakkab jarayon bo`lib, uni bir yoki ikki yilda amalga oshirib bo`lmaydi. Albatta uni yaratish uzoq muddatga mo`ljallangan siyosat bo`lib, buning natijasida ishlab chiqarish va jamiyat taraqqiyotini ta`minlash hamda O`zbekistonning jahon hamjamiyatida munosib o`rin egallashiga erishish imkoniyatlari kengayadi.