1.2Xalq og’zaki ijodlarning tarkibi
Xalq og’zaki ijodidagi asarlarni yana ularning mazmuniga ko’ra tasnif qilish mumkin. Masalan: mif,afsona, naql, ayrim doston va ertaklarda o’zbeklarning o’tmishi hayotiga oid asarlar uchraydi. Bunday asarlar ko’pincha To’maris, Shiroq, Alp Er To’nga, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur kabi yorqin tarixiy shaxslar nomi bilan bog’liq bo’ladi. Shuningdek, ba’zi asarlarda yurtimiz hudidida joylashgan va el orasida shuhrat topgan geografik nomlar bilan ham aloqada bo’ladi. Masalan, Andijon , Qonqus, Shohimardon piri, Zangiota, Yassi kabi hudud nomlari haqidagi asarlar fikrimizning dalilidir.
Folklor janri uchun bir qator an’anaviy mavzular ham umumiy hisoblanadi. Masalan, Vatan mavzusi “Alpomish”, “Ravshan” kabi dostonlar va “Ona yurting omon bo’lsa, rang ro’ying somon bo’lmas” kabi maqollarni birlashtirib turadi. Rostgo’ylik, mehnatsevarlik, adolat, ilm-hunar egallash kabi mavzular ham o’z navbatida bir qator dostonlar, ertaklar, maqollarni jamlaydi.
Xalq og’zaki ijodida an’anaviy estetik jihatlar ham umumiy hisoblanadi. Jumladan, deyarli hamma janrlardagi asarlar tilining soddaligi, ba’zan boshqa-boshqa janrlar namunalarining bir mavzuga bag’ishlanishi (“Tohir va Zuhra” ertagi va dostoni), epik asarlar syujeti va kompozitsiyasidagi yaqinliklar va, hatto, bir necha janrlarga oid namunalarda o’xshatish, sifatlash, mubolag’a kabi tasvir vositalarining o’xshashligi fikrimizning dalilidir. Halq og’zaki ijodi janrlari, ularning tarkibi haqida gap borar ekan, janrlarning o’zaro munosabatlarini ham hisobga olish lozimdir. Avvalo, janrlararo munosabatlar o’ta murakkab jarayon ekanini nazarda tutish kerak. Ma’lumki, o’zbek xalq og’zaki ijodi dunyodagi eng qadimiy so’z san’ati namunasiga oid asarlardan tashkil topgan. Hech ikkilanmay aytish mumkinki, eramizdan keyingi ikkinchi ming yillikning o’zida og’zaki ijodimiz mahorat jihatidan juda ko’p hayotiy sinovlarga duch kelgan. Natijada, kichik janrlar deb atalmish maqol, matal, topishmoqlardan birikkan epik asarlar maydonga kelgan bo’lishi mumkin. Ayni paytda, doston, ertak, qo’shiq kabi janrlarni o’rganish bu turga mansub asarlarning ma’lum taraqqiyot bosqichi natijasi sifatida baholashga asos bermoqda. Jumladan, dostonning shakllanishi va rivojlanishida mifologik dunyoqarash elementlari, asar va rivoyat kabi qadimiy turlarning ta’siri aniq seziladi.
Xalq og’zaki ijodidagi asarlarda bir janrga mansub namunalarning boshqa-hajm jihatidan katta asarlarda uchrashi tabiiy hisoblanadi. Masalan, “Alpomish” dostonida o’nlab maqol va matallar qayd etilgan. Shuningdek, bir qator ertaklar borki, ularda turmushga chiqadigan qizning shart qo’yishi bahonasi bilan topishmoq namunalari o’rin oladi. Ba’zan esa qoliplash san’ati qo’llangan ertaklarda turli naql va afsonalar uchraydi. Hatto, ayrim ertak matnlarida lirik qo’shiq namunalari keltirganiga guvoh bo’lamiz. Bu o’rinda “Yoriltosh ertagini esga olish maqsadga muvofiqdir.
Xalq og’zaki ijodi bevosita bu san’at namunalarini yaratgan xalqning ijtimoiy, madaniy, iqtisodiy hayoti bilan uzviy aloqadadir. Xalqimiz tarixidagi muhim voqealar ayrim janrlarning rivojlanishiga, ayrimlarning yo’qolib borishiga sabab bo’lgan. Bu o’rinda og’zakilik xususiyati juda ko’p janrlarga oid asarlarning el xotirasidan o’chib ketishiga olib kelgan. Taxmin qilib aytish mumkinki, Chingizxon istilosi davrida xalqni ozodlikka da’vat etuvchi qo’shiqlar, Amir Temur zamonida binokorlik, bunyodkorlik bilan bog’liq rivoyatlar yaratilgan bo’lishi mumkin. Yuzlab yillik tarixiy jarayon o’zbek xalqi tomonidan yaratilgan so’z san’ati namunalarini alohida-alohida janrlarga ajratdi va bizning zamonimizga kelib har bir namuna o’zining shakli va mazmuniga xos ravishda og’zaki ijod xazinasidan o’rin egalladi. Binobarin, o’zbek xalq og’zaki ijodini o’rganish jarayonida mazkur asarlarning g’oyasi, tarbiyaviy ahamiyati, estetik jihatlari bilan bir hatorda janr xususiyatlariga ham e’tibor berish maqsadga muvofiqdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |