Kashf qilinishi va atama etimologiyasi.
Berilliyni 1798-yilda fransuz kimyogari Lui Nikola Voklen (1763-1829) kashf qilgan. O‘sha paytda, kashshofning o‘zi ushbu elementga «glyutsiniy» deb nom bergan edi. «Berilliy» nomini esa keyinchalik, nemis kimyogari Martin Genrix Klaport (1743-1817) tomonidan berilgan va ommalashtirilgan. Uni sof holda ajratib olishni ilk bora 1828-yilda fransuz kimyogari Antuan Byussi (1794-1882) tomonidan uddalangan. Shuningdek, o‘sha yilning o‘zida, Byussidan mustaqil ravishda, nemis kimyogari Fridrix Vyoler (1800-1882) ham berilliyni sof holda ajratib olgan. Sof metall holidagi berilliyni esa birinchi marta 1898-yilda elektroliz usuli bilan, Pol Lebo ismli fransuz fizigi ajratib olgan.
Element nomi Hindiston janubidagi Belur shahri nomi bilan bog‘liq bo‘lgan beril minerali nomidan kelib chiqqan. Qadimgi zamonlarda, Madras yaqinidagi ushbu Belur shaharchasidan qimmatbaho tosh - zumrad qazib olingan. Berilliy asosidagi zumradning kimyoviy tarkibi Be3Al2Si6O18 ko‘rinishda bo‘lib, beril minerali va belur zumradi aynan bir xil tarkibga va ko‘rinishga ega. Kimyogarlar berilliyni ushbu mineraldan ajratib olishgani bois, elementga ham uning nomini berishgan.
Yuqorida aytilgan elementning dastlabki nomi - glitsiy esa «shirin» degan ma’noni bergan. Sababi, berilliy birikmalarining suvdagi eritmasi shirin ta’mga ega bo‘ladi.
Tabiatda tarqalganligi
Yer qobig‘idagi berilliy miqdori o‘rtacha 3,8 gramm/tonna deb olinadi. Ishqoriy jinslar tarkibida berilliy miqdori keski ko‘p (70 gr/t gacha); kislotaviy jinslarda esa juda kam (5 gr/t atrofida) bo‘ladi. Ishqoriy jinslarda berilliy singib ketgan tarzda, sochma holatda bo‘lsa, kislotaviy jinslardagi berilliy bir joyda jamlangan holda, yig‘ilib qolishi kuzatiladi. Dengiz suvidagi berilliy miqdori esa favqulodda oz bo‘lib, taxminan 6∙10−7 mg/litr deb baholangan.
Tarkibida berilliy miqdori ko‘p bo‘lgan 30 xilga yaqin mineral aniqlangan; ulardan 6 xil mineral tabiatda juda keng tarqalgan va berilliy olishning asosiy manbalari sanaladi. Bular: berill, xrizoberill, bertrandit, fenakit, gelvin, hamda, danalit minerallaridir. Sanoatda asosan berill mineralidan berilliy olinadi. Berilliy shuningdek ba’zi qimmatbaho toshlar tarkibida ham asosiy element bo‘ladi. Xususan, akvamarin, zumrad, geliodor toshlari asosan berilliydan tarkib topgan bo‘ladi.
Berilliyning asosiy konlari Braziliya va Argentinada, Hindiston, Qozog‘iston va Rossiyada joylashgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |