Sanoq son ot bilan sintaktik munosabatga kirishganda mustaqil va nomustaqil sintaktik mavqeda bo‘la oladi. Mustaqil mavqeda aniqlanmishdan ayricha so‘roqqa javob bo‘lib, alohida bo‘lak maqomiga ega bo‘ladi: Besh (aniql.) kishi (ega) so‘zladi (kesim). Nomustaqil mavqeda tarkibiy qism sifatida yuzaga chiqadi: Besh kishi (ega) kelishdi (kesim).
Sanoq son qo‘shma sifat hosil qilishi mumkin: besh yashar bola, uch chaqirimli yo‘l.
Sanoq son sirasida bir so‘zi qo‘llanish va vazifasi jihatidan qator o‘ziga xoslikka ega.
«Miqdor» ma’nosi: Yana bir gapni ayting. (S.Nur.).
«Noaniqlik» ma’nosi: Bir o‘zbek yigiti so‘zlay boshladi. (Oyb.).
«Harakat belgisi» ma’nosi: Mashina bir lapanglab, ilgariladi. (S.Ahm.).
«Mo‘ljal» ma’nosi: Ertaga bir dam oling.
«Bir xil» ma’nosi: Tiling bilan ko‘nglingni bir tut.
«Кuchaytirish» ma’nosi: Yomg‘ir bir yog‘di.
«Navbatma-navbat» ma’nosi: Bola bir bizga qaraydi, bir otasiga qaraydi.
«O‘xshashlik» ma’nosi: U mening birim.
JК da «birgalik» ma’noli ravishga o‘tadi: birga ishlamoq.
ChК da «to‘satdan» ma’noli ravishga o‘tadi: birdan qichqirib yubordi.
[-day] shakli bilan ravish bo‘lib keladi: birday.
[-ov] affiksini olib «gumon» ma’noli olmosh: Birov keldi.
[-or/-on] affiksini olib keladi: birorta, bironta.
[-gina] yuklamasi bilan «chegaralash» ma’nosi: birgina.
Fonetik o‘zgargan [ham] yuklamasi bilan «kuchaytirish» ma’nosi: biram.
[-oq] elementi bilan bog‘lovchi vazifasida: biroq.
Shuningdek, [bir] so‘zi [rov], [pas], [nafas], [zum], [payt], [yil], [vaqt], [oy], [kun] ([birrov], [bir pas], [bir nafas]), [necha], [muncha], [sidirg‘a], [oz], [muncha], [qadar] ([bir necha], [bir oz], [bir muncha]), [nima], [narsa] ((bir nima), (bir narsa)), [qator], [talay] ((bir qator), (bir talay)), [xil] (bir xil), [ba’zi], [har], ((ba’zi bir), (har bir)) so‘zi bilan birga kela oladi.
Bir so‘zi takrorlanib kela oladi: (bir-bir) («tartib bilan» ma’nosida), [birma-bir] («batafsil» ma’nosida), [birdan-bir] («yagona» ma’nosida), (bir-biridan) («o‘zaro» ma’nosida), (bir-biriga) («biri ikkinchisiga» ma’nosida).
O‘zbek tilida [bir] so‘zi [ilk], [yakka], [yolg‘iz], [yagona] so‘zi bilan ma’nodoshlik kasb etadi [ ].
Sanoq son o‘lchov birligini ifodalovchi so‘z bilan birga qo‘llanilishi ham mumkin: [gektar], [tanob], [tosh], [bosh], [tup] kabi. Bunday so‘z hisob so‘zi (numerativ) deyiladi. Hisob so‘zi, odatda, ot turkumidan bo‘ladi va alohida LMGni tashkil etadi. Hisob so‘zi tizimi ochiq sistema.
Hisob so‘zi LMG si quyidagi mikrosistemalardan tashkil topadi:
Predmetni yakkalab hisoblash uchun ishlatiladigan hisob so‘zi: [bosh], [nafar], [dona], [nusxa], [tup], [jon].
Predmetni butun yoki to‘daning qismi sifatida hisoblash uchun ishlatiladigan hisob so‘zi: [burda], [varaq], [luqma], [parcha], [poy], [siqim], [tilim], [tomchi], [to‘g‘ram], [chaqmoq], [chimdim], [shingil], [qultum].
Predmetni to‘dalab, guruhlab hisoblash uchun ishlatiladigan hisob so‘zi: [bog‘], [gala], [guruh], [dasta], [to‘da], [to‘p], [shoda], [quchoq], [hovuch].
Predmetni juftlab hisoblash uchun ishlatiladigan hisob so‘zi: [juft], (par).
Predmetning og‘irlik o‘lchovini hisoblash uchun ishlatiladigan hisob so‘zi: [gramm], [kilogramm], [litr], [pud], [tonna], [sentner], [misqol], [qadoq], [botmon], [kosa], [piyola], [qop], [qoshiq], [quti].
Predmetning uzunlik va masofa o‘lchovini hisoblash uchun ishlatiladigan hisob so‘zi: [qadam], [qarich], [quloch], [metr], [tosh], [chaqirim], [kilometr].
Yosh hisobini bildirish uchun ishlatiladigan hisob so‘zi: [yashar], [yoshdagi], [yoshli].
Vaqt o‘lchovini hisoblash uchun ishlatiladigan hisob so‘zi: [asr], [yil], [kun], [kecha-kunduz], [oy], [hafta], [daqiqa], [soniya].
Qiymat o‘lchovini hisoblash uchun ishlatiladigan hisob so‘zi: [so‘m], [tiyin], [miri], [paqir], [dinor], [dollar], [evro], [rubl].
Harakat miqdorini hisoblash uchun ishlatiladigan hisob so‘zi: [marta], [karra], [qatla], [daf’a], [sidra].
Son turkumida sintaktik kategoriya(EK, KK…) keng bo‘lmagan voqelanishga ega.
Ravish va uning UGMsi. Ravish hamisha tilshunoslikning muammoli masalalaridan biri bo‘lib kelgan. Uni o‘rgangan olim V.V.Vinogradov «mustaqil so‘zning hech bir guruhiga sig‘may qolgan so‘z ravish turkumiga yig‘ilgan» deb haqqoniy baho bergan edi. Uning ma’no va vazifasi ot, sifat, son, olmoshga yaqin turishi arab va Yevropa tilshunosligida qayd etilgan. Sharq va g‘arb tilshunosligi ravishni ma’no va vazifasi jihatidan emas, balki boshqa birortasiga xos bo‘lmagan belgi – o‘zgarmaslik belgisi bilan ismdan farqlaydi. Biroq o‘zbek tili grammatik qurilishining tavsifiga bag‘ishlab yozilgan ko‘plab ilmiy adabiyot va darslikda ravishning o‘zgarmaslik tabiati inobatga olinmagan. Tilshunoslar o‘zbekcha ravishni rus tilidagi «наречие»ning muqobili sifatida talqin qilishgan, natijada, [kecha], [kunduz], [tong], [oqshom] kabi payt oti, [atrof], [o‘rta], [u yerda], [bu yerda], [old], [orqa] kabi o‘rin oti, [oz], [mo‘l], [butun], [to‘la] kabi miqdor sifati, [keyin], [past], [baland], [yuqori] kabi o‘rin sifati ravish turkumi doirasida o‘rganilgan.
«Asosan harakatning, qisman predmetning belgi, miqdor yoki holatini bildiruvchi o‘zgarmas so‘z» – ravishning so‘z turkumi sifatidagi UGMsi.
Ravish – mustaqil ma’noli o‘zgarmas so‘z. U belgi, miqdor yoki holatni, o‘rin, payt ma’nosini ifodalaydi va bu jihatidan ot, sifat, songa yaqin turadi. Ulardan farqli jihati shundaki, so‘z o‘zgartiruvchi, shakl yasovchi qo‘shimcha bilan birika olmaydi. Masalan, ot ko‘plik, sifat daraja shaklini qabul qiladi. Masalan, [tongda], [oqshomda], [kunduzlari], [ko‘proq], [ozroq], [balandroq] kabi. Ayrim til birligida uchraydigan EК, КК shakli ravishning o‘zak qismida soddalashgan, ya’ni o‘zak bilan yaxlit holga kelib qolgan: [birdan], [zimdan], [to‘satdan], [kechasi], [birga]. Bundan tashqari qadimgi davrda keng iste’molda bo‘lgan [-ra] (jo‘nalish kelishigi) ([so‘ngra], [uzra]), [-a], ([qayta], [ko‘tara]), [-in (-un)] ([birin-ketin], [ostin-ustun]) qo‘shimchasi ham ravish tarkibida qotib qolgan.
Ravish turkumini talqin qilishda o‘zgarmaslik xususiyatini e’tiborga olish uning so‘z turkumi sifatidagi xususiyatini belgilashda qator qarama-qarshilikka nuqta qo‘yadi.
Ilmiy manba, darslik va qo‘llanmalarda [eng], [juda], [nihoyat], [g‘oyat], [lang], [g‘irt] kabi so‘z kuchaytiruv ravishi deb qaraladi. Holbuki, bu shakllar ravish oldidan kelib belgi ma’nosini kuchaytirishga xizmat qiladi. Shuning uchun keyingi yillarda ayrim tadqiqotchilar bu unsurlarning ravish emasligini, chunki ravish kabi mustaqil lug‘aviy ma’nodan xoliligini ta’kidlashib, kuchaytiruv yuklamasi sirasida o‘rganish lozimligini uqtiradi [ 19 ].
Ravish LMGlari. Ravish holat, miqdor-daraja, o‘rin, payt, maqsad, sabab LMGlariga bo‘linadi.
Payt ravishi. Payt ravishi harakatning vaqti, payti, muddatini bildiradi: [endi], [saharlab], [hali], [doim], [indin] kabi. Bugun erta turib tongni ko‘rdim. (Uyg‘.) Bugunning hakami ertadir. (A.Xud.).
O‘rin ravishi. O‘rin ravishi harakatning yuz berish o‘rnini bildiradi: [olg‘a], [ilgariga], [oldinga].
O‘rin ravishini o‘rin otidan farqlamoq kerak. Bunga o‘rin otlarining morfologik o‘zgarishi asos qilib olinadi: (atrofimiz), (o‘rtada), (o‘rtadan), (ichkarida), (o‘ngdan), (chapda), (oldida), (u yerdan) kabi.
Holat ravishi. Holat ravishi harakatning bajarilish usuli, tarzini bildiradi. Shu boisdan ular tarz-tus ravishi deb ham yuritiladi: [bexosdan], [astoydil], [majburan], [qavatma-qavat], [mardlarcha], [yigitlarcha].
Miqdor-daraja ravishi. Miqdor-daraja ravishi miqdoriy sifat va darajani ifodalaydi: [ko‘plab], [sal], [qarich-qarich], [arang], [xiyol], [yana] kabi. Miqdor-daraja ravishi songa yaqinlashadi. Biroq son bilan «noaniq miqdor» belgisi ostidagi noto‘liq ziddiyatda belgili a’zo sifatida yuzaga chiqadi.
Maqsad ravishi. Fe’ldan anglashilgan harakatning maqsadini ifodalaydi: [atay], [atayin], [ataylab], [azza-bazza], [jo‘rttaga], [qasddan].
Sabab ravishi fe’ldan anglashilgan harakatning sababini ifodalaydi: [noiloj], [noilojlikdan], [bekordan-bekorga], [chor-nochor].
Boshqa turkumda bo‘lgani kabi ravishning ham ko‘p ma’noliligi ularni LMGga ajratishda qiyinchilik tug‘diradi. Masalan, [nari-beri] ravishi o‘rinni ham (Stollarni nari-beri surdik), holatni ham (U nari-beri nonushta qildi) ifodalaydi.
Tilshunosligimizda ravish yasalishi munozarali. Chunki ravishning asosiy qismi – asli boshqa turkumga mansub soddalashgan, yaxlitlashgan leksema. Shu boisdan aksariyat tilshunoslar ravish yasalishini inkor etishib, ravishlashish (boshqa turkum so‘zining ravishga o‘tishi) mavjudligini tan olishadi.
Yuqorida sanab o‘tilgan ravishlar tarkibiga diqqat qilinsa, ularda turli so‘z yasash qolipi mavjudligi ma’lum bo‘ladi: [arabcha ot+an], [ot+chasiga], [ot+ona], [ot+larcha] [ot+lab] kabi.
Qo‘shma ravish esa [olmosh+ot] (har gal, har zamon), [ravish+ot] (hali zamon, hali beri), [son+ot] (bir yo‘la, bir dam) qolipi mahsuli.
Boshqa turkumdagi takroriy so‘z ravish bo‘lishi mumkin: yuzma-yuz, quruqdan-quruq kabi.
Tilshunoslar ravish turkumining yasalish sistemasiga ega emasligini [-an], [-ona] qo‘shimchasining arabcha va tojikcha so‘z tarkibida uchrashini, [-larcha], [-chasiga], [-lab] kabining grammatik ma’no ifodalashi bilan va [-iga/-siga], [-chasiga] kabi so‘zning sanoqli darajada ekanligi bilan izohlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |