Taqlid va uning UGMsi. Taqlid o‘zbek tilida bir guruhni tashkil etadi va mustaqil so‘z sirasidan o‘rin olgan. Buning bir nechta ilmiy asosi bor.
Birinchidan, turkiy tillarda taqlid miqdoran ko‘p va ma’no jihatdan rang-barang.
Ikkinchidan, ulardagi tovushlar tizmasi ma’lum obyektiv voqelikdan xabar berib turadi.
Uchinchidan, taqlid gap tarkibida ma’lum bir sintaktik pozitsiya egallaydi.
Taqlid – o‘zbek tilining muhim ifoda vositasi. Ularning ifoda tomoni mazmun tomoni bilan tabiiy bog‘lanishga ega.
Taqlid jamiyatning har bir a’zosi tushunadigan turli ma’noga ega. Masalan, taq-tiq/tuq-tuq/to‘q-to‘q/taq-taq taqlidi orqasida nimadir yotgani va ma’lum bir borliq hodisasini ifodalayotgani shu til jamiyatining barcha a’zolari uchun tushunarli.
Taqliddagi ma’noviy g‘ayrioddiylik uni boshqa mustaqil so‘z turkumidan ajratib turadi. Biroq ma’noviy g‘ayrioddiylik faqat taqlidgagina xos emas. Buni olmoshda ham kuzatish mumkin. Chunki ularning ma’nosi faqat matn tarkibidagina anglashilib, shu boisdan «ichi bo‘sh» so‘z sifatida baholanadi. Ammo, «ma’noviy bo‘shlik» olmoshni mustaqil so‘z sifatida qarashga monelik qila olmagan. Demak, bu nomustaqil so‘z sifatida qarab kelingan taqlidning ham «mustaqillashuvi»ga to‘siq bo‘la olmasligi kerak.
Taqlid morfologik jihatdan o‘zgaruvchan, bu bilan to‘la ma’nodagi mustaqil so‘z bo‘lgan ravishdan ham ustun turadi: odamlarning g‘ovur-g‘uvuri, eshikning taqir-tuquridan kabi.
Demak, taqlid «borliq hodisalariga taqlidning lisoniy ifodasi» UGMsiga ega.
Кo‘rinadiki, o‘zbek tilidagi taqlid semantik-morfologik-sintaktik jihatdan mustaqil so‘z maqomiga ega.
Taqlidning LMTlari. Taqlidning ayrimi tovushga taqlidni ifodalasa, ikkinchi bir xili ko‘rinish-holatga taqlidni ifodalaydi. Shu boisdan «tovushga taqlid» va «ko‘rinishga taqlid» LMTlari farqlanadi.
Ma’lumki, so‘zlar ma’noviy belgisiga ko‘ra uch turga bo‘linadi:
a) mustaqil ma’noli so‘z (fe’l, ot, sifat, son, ravish, taqlid);
b) bo‘sh – ishora ma’noli so‘z (olmosh);
d) yordamchi ma’noli so‘z (ko‘makchi, bog‘lovchi, yuklama, ko‘makchi fe’llar).
«Ishoraviylik» ramzi bilan ataluvchi olmosh boshqa leksemalardan ajralib turadi. O‘zbek tilshunosligida olmoshning doirasi va vazifasi zo‘rma-zo‘rakilik bilan ancha chegaralanib «ot, sifat, son o‘rnida qo‘llanuvchi so‘z» sifatida o‘ta tor tushunilgan. Vaholanki, bu bilan olmoshning nafaqat ot, sifat, son, balki fe’l, ravish, taqlid, undov, gap va, hatto, matnni almashtira olish, ularga ishora etish xususiyati hisobga olinmagan. Olmosh guruhiga [men], [sen], [u], [biz], [siz], [ular] kabi shaxsga; [kim], [nima], [bu], [ana], [mana], [mana bu] kabi predmetga; [qanday], [bunday], [shunday] kabi belgiga; [buncha], [shuncha], [qancha] kabi miqdorga; [qachon] kabi paytga; [qayer] kabi o‘ringa; [shunday bo‘lmoq], [qanday qilmoq] kabi harakat-holatga ishora qiluvchi leksema kiradi.
Olmoshlar shaxs, predmet, belgi yoki miqdorga xos bo‘lgan umumiy (mavhum) ma’noni anglatadi. Olmosh bildiruvchi ma’no nutq jarayonida aniq yuzaga chiqadi. Ular o‘zlari almashtiruvchi so‘z kabi morfologik jihatdan o‘zgaradi.
Olmosh qaysi so‘z turkumi o‘rnida qo‘llansa, shu turkumga xos sintaktik vazifani bajaradi: O‘qituvchi darsga kirdi. U o‘quvchilar bilan salomlashdi. Olmosh o‘zidan oldin aniqlovchi talab qilmaydi: Hamma xursand va shod. U kitobni o‘qidi. Olmosh ifoda etadigan ishoraviy ma’nosiga ko‘ra ma’no guruhlari (kishilik, ko‘rsatish…) o’zbek tilshunosligida keng o’rganilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |