Abdulla Qahhor tarjimon
Abdulla Qahhor adabiyot tarixida o`z sahifasini ochgan, o`z ovozi va uslubiga ega bo`lgan yozuvchi sifatida, san`atkor sifatida qimmatlidir. Uning bir qancha asarlari millionlab kitobxonlarning e`tiborini qozondi. Yozuvchi asarlari butun dunyoga mehnatsevar, donishmand o`zbek xalqi haqida, uning ma`naviy kamoloti haqida hikoya qiladi.
Abdulla Qahhor ijodining g’oyaviyligi va zamonaviyligi uning haqqoniyligidadir.
Abdulla Qahhor faqat novellachi, yirik janrlarda asarlar yaratgan yozuvchi sifatidagina emas, balki yaxshi tarjimon sifatida ham mashhurdir. U avvalo rus adabiyoti, keyin chet el adabiyotidan qator asarlarni o`zbek tiliga tarjima qilib, keng kitobxonlar ommasiga taqdim etgan. O’zbek kitobxonlari Abdulla Qahhor orqali ushbu tarjimalarni o`qishga muyassar bo`lganlar.
Ma`lumotlarga ko`ra, Abdulla Qahhor dastlab, rus adabiyoti- dan 1931 yilda F.Gladkovning “Olovli ot” romanini, keyinchalik A.Serafimovichning “Temir oqim” romanini (1933), A.P.CHexovning “Kashtanka” hikoyasini (1936), A.S. Pushkinning “Kapitan qizi” qissasini (1939, 1949, 1972), N.V.Gogolning “Uylanish” p’esasini (1940), N.Virtaning “SHimoliy front: hikoyalar, ocherklar, portretlar”ini (1942), B.Gorbatovning “Aleksey Kulikov-jangchi” asarini (1943), A.Il’ichenkoning “qalb xotirasi” asarini (1943), L.SHapironing “Uchinchi o`g’il: Razvedkachi Sirojiddin Valiev haqida kinematograf uchun 12 epizoddan iborat povest'”ini (1943), N.V.Gogolning “Revizor”: 5 pardali komediyasini (1952, 1974, 1980), L.N.Tolstoyning “Urush va tinchlik” romanini (1954), A.Gaydarning “Timur va uning komandasi” asarini (1974) o`zbek tiliga tarjima qilgan.
Shuningdek, u Yu.Arbatning “Razvedkachi”, M. Zoshenkoning “Grafin”, “Kulrang eski”, “Ov”, “Sartaroshxonada” kabi hikoyalarini, A.Kononovning “Kutib olish” hikoyasini, V.Stavskiyning “Zirhteshar Rahmonov”, A.P. Chexovning “Grisha”, “Yovuz niyatli kishi”, “Lozim choralar”, “Niqob”, “Oy tutilishi”, “Sarlavhasiz”, “Semiz va oriq”, “Unter Prishibeev”, “Xameleon”, “Chinovnikning o`limi”, “Chiqdi” kabi hikoyalarini mohironalik bilan o`zbek tiliga tarjima qilgan.
Tarjimon Abdulla Qahhor arman adabiyotidan M.SHaginyanning “Gidrotsentral'” romanini (1933), ukrain adabiyotidan V.Vasilevskayaning “Kamalak” povestini (1944), Ivan Lening “Tog’ oraliqlari” romanini (1932), frantsuz adabiyotidan E.Zolyaning “Tegirmon hamali” asarini, qoraqalpoq adabiyoti- dan T.Qayipbergenovning “Sovuq bir tomchi” qissasini (1965), A.Klossning “Bizning parovoz ilgari bos” hikoyalari (1933), tojik adabiyotidan R.Jamilning “Mening doktorim” hikoyasini (1949), arab adabiyotidan “Bir soatlik xalifa”, “Ming bir kecha” kitobidan yangi hikoya va afsonalar (2-nchi nashrini) (1974) kabilarni o`zbek tiliga tarjima qilgan.
Abdulla Qahhorning tarjimonlik mahorati shundaki, u o`ta aniqlikdan qochib, masalaga ijodiy yondoshadi, uning uchun originalning tarjimasiga rasmiy muvofiqligi emas, balki originalga teng qimmatlilik, yozuvchining badiiy uslubini qayta yaratish muhimdir. U tarjimada faqat rasmiy talablarga rioya qilish nuqtai nazaridan qarovchilar bilan kelisha olmaydi.
O’zbek kitobxoni Gogolning Abdulla Qahhor tarjima qilgan “Revizor” komediyasini o`g’irkan, undagi komik obrazlarni jonli tasavvur qiladi va deyarli tarjima asar ekanligini sezmaydi. Komediyaning tarjimasi aniq, ta`sirchan bo`lib, tarjimon ba`zi joylarda originaldan oqilona chekinadi.
Abdulla Qahhor boshqa xalqlar namoyandalarining asarlarini tarjima qilib, ularni o`zbek kitobxonlariga tanitgan tarjimonlardan biridir.
Do'stlaringiz bilan baham: |