Markaziy bankning elektron to`lov hamda hisob-kitoblar tizimi
Markaziy bankning Banklararo to‘lov tizimi mamlakatimizning
mustaqillikdan keyingi dastlabki to‘lov tizimi sifatida barcha to‘lov tizimlari
ishlashi uchun poydevor hisoblanadi. Xozirgi kunda Markaziy bankning
Banklararo to‘lov tizimida to‘lovlarni amalga oshirish maqsadida 31 ta tijorat
banki to‘lov tizimi foydalanuvchilari sifatida ulangan. Mazkur to‘lov tizimida
to‘lovlar real vaqt rejimida yalpi hisob-kitob tamoyili asosida, ya’ni to‘lov
hujjati kelib tushgan vaqtdan boshlab bir necha soniyalar ichida to‘lov amalga
oshiriladi hamda natijasi haqida tashabbuskor va benefitsiarga xabar yuboriladi.
Banklararo to‘lov tizimining qoidalari O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki
tomonidan belgilanadi.
Markaziy bankning banklararo to‘lov tizimi qo‘yidagi normativ-huquqiy
hujjatlarga muvofiq tartibga solinadi:
•
O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy
banki to‘g‘risida”gi Qonuni (11.11.2019 y., O‘RQ-582);
•
O‘zbekiston Respublikasining “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi
Qonuni (05.11.2019 y., O‘RQ-580);
•
O‘zbekiston Respublikasining “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida”gi
Qonuni (01.11.2019 y.,
№
O‘RQ-578);
•
“Markaziy bankning banklararo to‘lov tizimi orqali elektron to‘lovlarni
amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom (14.02.2006 y.,
№
1545);
•
“O‘zbekiston Respublikasida naqd pulsiz hisob-kitoblar to‘g‘risida”gi
Nizom (13.04.2020 y.,
№
3229).
Markaziy bankning Axborotlashtirish Bosh markazi va Markaziy bankning
Hisob-kitoblar markazi banklararo to‘lov tizimining ishtirokchilari hisoblanadi.
Banklararo to‘lov tizimining foydalanuvchilari Markaziy bankning Hisob-
kitoblar markazida vakillik hisobvarag‘iga ega bo‘lgan banklar va moliyaviy
institutlar hisoblanadi.
Markaziy bankning Hisob-kitoblar markazi (MB HKM) — uning vazifasiga
tijorat banklarining Bosh ofislariga (banklar) vakillik hisobvaraqlarini ochish va
xizmat ko‘rsatish hamda ular o‘rtasida elektron to‘lovlarning uzluksizligini
ta’minlash kiradi.Markaziy bankning Axborotlashtirish Bosh markazi (ABM) —
amaldagi qonunchilik hamda ABM va banklar o‘rtasidagi shartnomalarga
muvofiq banklararo to‘lov tizimining texnik, dasturiy va ekspluatatsion
xizmatlarini ta’minlaydigan markaz. Banklararo to‘lov tizimining ishtirokchilari
va foydalanuvchilarining huquq va majburiyatlari banklarning vakillik
hisobvaraqlarini ochish va xizmat ko‘rsatish uchun foydalanuvchi banklarning
MB HKM bilan, banklararo to‘lov tizimi orqali elektron to‘lovlar o‘tkazish
uchun esa — ABM bilan tuzilgan ikki tomonlama shartnoma asosida tartibga
solinadi.
To‘lovlar banklardan faqatgina vakillik hisobvaraqlaridagi mablag‘lar
qoldig‘i doirasida amalga oshiriladi, agarda MB HKM va bank o‘rtasidagi
shartnomada boshqa holat kelishilmagan bo‘lsa.
Soat 9-00 dan 17-00 gacha — banklararo hisob-kitoblar bo‘yicha elektron
to‘lov hujjatlar (ETH)ni uzatish - qabul qilish - nazorat qilish vaqti. Banklar
mazkur davrning har qanday vaqtida MB HKMga ETHlarni uzatishlari mumkin;
Bugungi kunda naqd pulsiz hisob-kitoblar hayotimizning ajralmas qismi
bo‘lib, uning rivoji milliy iqtisodiyotning barqarorligi hamda mablag‘lar
aylanishining tezlashishiga olib keladi.
1-2-rasm. Diagrammalarda mualliflik ma’lumotlaridan foydalanildi.
Ma’lumki, yangi qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining "To‘lovlar
va to‘lov tizimlari to‘g‘risida"gi Qonunining 21-moddasida, Markaziy bankka
respublikamiz hududida naqd pulsiz to‘lovlarning amalga oshirilishi tartibini
belgilash vakolati yuklatilgan. Shuningdek, mazkur Qonunning qabul qilinishi
to‘lovlar va hisob-kitoblarga oid normativ-huquqiy hujjatlarni to‘liq qayta ko‘rib
chiqishni taqozo etdi. Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy
banki tomonidan ba’zi normativ-huquqiy hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish hamda
zamon talablariga moslashtirish yuzasidan olib borilgan amaliy ishlar doirasida
"O‘zbekiston Respublikasida naqd pulsiz hisob-kitoblar to‘g‘risida"gi Nizom
yangi tahrirda ishlab chiqilgan holda Adliya vazirligida joriy yilning 13 aprelida
3229-son bilan davlat ro‘yxatiga olindi.
Ushbu normativ-huquqiy hujjatni ishlab chiqishda barcha tijorat banklari
hamda keng jamoatchilik, shu jumladan, tadbirkorlik sub’ektlarining taklif va
mulohazalari ham o‘rganib chiqildi. Mazkur Nizom "To‘lovlar va to‘lov
tizimlari to‘g‘risida"gi Qonunning 33-moddasida keltirilgan to‘lov hujjatlari
asosida naqd pulsiz hisob-kitoblarni tashkil etishga oid umumiy yondashuvlar va
banklarda to‘lov hujjatlari almashinuvini tashkil etish, shuningdek, yuridik va
jismoniy shaxslarning to‘lov hujjatlaridan foydalanib, naqd pulsiz hisob-
kitoblarini amalga oshirish tartibini belgilaydi. Norma ijodkorligiga oid xalqaro
standartlarga hamda mamlakatimizda idoraviy normativ hujjatlarni tayyorlash
va qabul qilish qoidalariga muvofiq, Nizomda asosiy tushunchalar ta’riflari
keltirilgan bo‘lib, foydalanuvchilarga asosiy mazmunni qulay va oson
tushunishga imkoniyati yaratildi. Bundan tashqari, ushbu Nizomda banklar
amaliyotida naqd pulsiz hisob-kitoblarda foydalaniladigan to‘lov hujjatlari
turlari keltirilib, ularni rasmiylashtirish va banklarga taqdim etish tartibi batafsil
yoritildi. Jumladan, xalqaro to‘lovlar qonun hujjatlarida belgilangan talablarga
muvofiq, to‘lov hujjatlari olingan paytdan e’tiboran ikki operatsiya kunidan
kechiktirmay bajarilishi belgilab qo‘yildi. Mazkur normativ-huquqiy hujjatda
xalqaro to‘lovlarni amalga oshirish uchun bankka taqdim qilinadigan chet el
valyutasidagi to‘lov hujjatlarini rasmiylashtirish tartibi ham yoritib berildi.
Jahon tajribasidan kelib chiqib, yangi tushuncha – "valyutalash sanasi", ya’ni
to‘lov hujjati asosida pul mablag‘larini oluvchining hisobvarag‘iga o‘tkazib
berish sanasi, ya’ni to‘lov topshiriqnomasini ijro etish sanasi kiritilib, Qonun 48-
moddasiga asosan to‘lov topshiriqnomasida ko‘rsatilgan valyutalash sanasi
to‘lov topshiriqnomasi taqdim etilgan sanadan e’tiboran o‘n kundan oshmasligi
kerakligi belgilandi.
Yangi tahrirdagi Nizomda qog‘oz shakldagi to‘lov hujjatlari bank operatsiya
kuni davomida mijozlar bilan ishlash vaqtidan kelib chiqib qabul qilinishi,
elektron shakldagi to‘lov hujjjatlari esa mijozlar bilan ishlash vaqtidan qati
nazar qabul qilinishi aniq ko‘rsatib o‘tildi. Akkreditiv bo‘yicha hisob-kitoblarni
amalga oshirish tartiblari xalqaro tajriba, bank amaliyoti hamda Fuqarolik
kodeksi talablaridan kelib chiqib takomillashtirilgan holda bayon etildi.
Shuningdek, mijozlarning:
•
masofaviy xizmat ko‘rsatish tizimlari orqali yuborilgan elektron shakldagi
to‘lov hujjatlari bank va mijoz o‘rtasida tuziladigan shartnomaga asosan
identifikatsiya vositalari orqali tasdiqlangan holda bank tomonidan qabul
qilinishi;
•
bank hisobvaraqlariga mablag‘lar kirim qilinishi uchun asos bo‘ladigan
to‘lov hujjatlari nusxasini mijozga taqdim etish tartibi bank va mijoz
o‘rtasida tuziladigan shartnomada ko‘rsatilishi;
•
soliqlar va yig‘imlar bo‘yicha to‘lov topshiriqnomalari 2-son kartotekadan
tegishli soliq organining yozma yoki elektron shakldagi murojaati hamda
sud qarori asosida chaqirib olinishi;
•
qog‘oz shakldagi to‘lov hujjatlarining (to‘lov topshiriqnomasi va to‘lov
talabnomasi) taqdim etish tartibi ham takomillashtirilib, oldingi Nizomda
majburiy bo‘lgan uch nusxa o‘rniga mazkur to‘lov hujjatlarining ikki
nusxasi taqdim etilishi belgilandi.
Yangi Nizomga muvofiq, banklar tomonidan mablag‘larni to‘lovchining
bankiga kredit va ularga hisoblangan foizlari bo‘yicha muddatida to‘lanmagan
qarzlar, shuningdek, kreditlar va ularga hisoblangan foizlar bo‘yicha muddatida
to‘lanmagan qarzlarni kafil bo‘lgan shaxsdan undirish uchun akseptsiz to‘lov
talabnomalari taqdim etilishi mumkinligi qayd etildi.
Akseptli to‘lov talabnomasini akseptlash muddati, mijozning hududiy
joylashuvidan qat’i nazar, talabnoma to‘lovchiga topshirilgan kundan keyingi
kundan boshlab besh operatsiya kuni yoki to‘lovchining asosli arizasi bilan
murojaat qilinganda o‘n operatsiya kuni etib belgilandi. Endilikda to‘lov
talabnomalari qog‘oz shaklda yoki masofaviy xizmat ko‘rsatish tizimlari orqali
elektron shaklda taqdim etilishi mumkin. Bundan tashqari, akseptli va akseptsiz
to‘lov talabnomalarining 2-son kartotekadan hisobdan chiqarilishi hamda ijro
etilmasdan qaytarib yuborilishi sud qaroriga, mablag‘larni oluvchining arizasiga
hamda mablag‘larni oluvchining faoliyati tugatilganligini tasdiqlovchi
ma’lumotnomaga asosan amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi. Yangi tahrirda
qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi talablaridan kelib
chiqib, soliq organlari tomonidan inkasso topshiriqnomalarini taqdim etish
tartiblariga o‘zgartirishlar kiritildi.
Moliya vazirligi tomonidan inkasso topshiriqnomalarini taqdim etish orqali
to‘lovchilarning hisobvaraqlaridan mablag‘larni undirib olish holatlari ham
amaldagi qonun hujjatlari normalariga muvofiq ravishda o‘z aksini topdi. Ushbu
Nizomda inkasso topshiriqnomalari bilan hisob-kitoblar tartibi soddalashtirilib,
inkasso topshiriqnomasi mablag‘larni to‘lovchi yoki oluvchining bankiga
qog‘oz yoki elektron shaklda taqdim etilishi mumkinligi belgilandi.
Ta’kidlash o‘rinliki, inkasso topshiriqnomasi nafaqat undiruvchining arizasi va
sud qaroriga asosan, balki to‘lovchi tugatilganligini tasdiqlovchi ma’lumot
asosida ham bekor qilinishi mumkin.
3-rasm CBU.uz saytidan olingan
Shu bilan birga, yangi tahrirdagi Nizomdan:
- hozirgi kunda tijorat bankining hisob-kitob cheklari to‘lov instrumenti sifatida
o‘z ahamiyatini yo‘qotganligi va amaliyotda bir necha yillardan beri
qo‘llanilmayotganligi hamda "To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida"gi
Qonunda to‘lov hujjatlari ro‘yxatida mavjud emasligi sababli ushbu to‘lov
hujjati bilan amalga oshiriladigan hisob-kitoblarga oid qoidalar;
- "To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida"gi Qonunda bank kartasini elektron
to‘lov vositasi sifatida emissiya qilish, undan foydalanish tartibi batafsil
yoritilganligi, shuningdek, bank kartasining muomalada bo‘lishi boshqa
normativ-huquqiy hujjatda yoritilganligi munosabati bilan bank kartasi orqali
hisob-kitoblarni amalga oshirish tartibi;
- Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga
majburiy to‘lovlarni undirish uchun, debitorlarning bank hisobvaraqlariga
o‘zaro hisob-kitoblarning solishtirma dalolatnomasini ilova qilgan holda, soliq
to‘lovchining soliq qarzi summasini undirish uchun va qonunchilikda nazarda
tutilmagan boshqa hollarda inkasso topshiriqnomalarini taqdim etish normalari
chiqarib tashlandi.Xulosa o‘rnida qayd etish joizki, naqd pulsiz hisob-
kitoblarning takomillashuvi va rivojlanishi natijasida banklarda hisob-kitoblarni
tashkil etish samaradorligining yanada oshishiga, operatsion xarajatlarning
kamayishiga hamda pul mablag‘lari aylanishining tezlashishiga erishiladi.
Umuman olganda, ishlab chiqilgan Nizom respublikamizda naqd pulsiz hisob-
kitoblar tartibini belgilovchi huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |