Sintaktik birliklarning transformatsion o`rganilishi distributiv tahlil usuli doirasida shakllangan bo`lib, oddiy sintaktik qurilmalardan murakkabroqlarini, bir turdagi sintaktik qurilmadan boshqa turdagisini ma`lum qoidalar asosida hosil qilish yo`llari hamda vositalarini tadqiq va tahlil etishga mo`ljallangan. Bu tahlil usulida markaziy (asosiy, ilk sodda) birlik (odatda, aniqlik mayli, umumiy zamon, umumiy shaxs-son shakl va ma`nolaridagi gap yoki, masalan, aniq nisbatli qurilma va h.) tanlanib, shu qurilmadan boshqa ma`noli va vazifali qurilmalarning hosil qilish ( chunonchi, ko`chirma gapli qurilmalardan o`zlashtirma gapli qurilmalar hosil qilish, sodda gaplarni qo`shma gapda birlashtirish va aksincha…) chizma, vosita va yo`llari aniq belgilanadi, kodlashtirilib, modellashtiriladi. Samara avtomatik (mashina, kompyuter) vositasida ma`lum bir dastur asosida bir qurilmadan ikkinchisini to`g`ri hosil qila olish bilan belgilanadi. Bu borada A.Madaminov, S.Mahmatqulov, M.Muhammadiyeva, S.Muhammedov, M.Muhammedova, S.Nizomiddinova, N.Turniyozov, Sh.Turniyozov, kabilarning ishlari alohida e`tiborga molik, lekin o`zbek injener lingvistikasi deyarli shakllanmaganligi bois bu yo`nalish natijalarini amalda sinab ko`rishdan hali ancha uzoqdamiz.
Tranfortatsion tahlildan o`sib chiqqan sintaktik derivatsiya bugungi kunda ma`lum darajada shakllangan yo`nalishdir. U tilshunosligimizda filologiya fanlari doktori, professor N.Turniyozov va uning shogirdlari tomonidan rivojlantirilmoqda.
O`zbek formal sintaktik talqinlari asosida fanimizda shakllangan ta`limotlardan yana biri sintaktik tipologiyadir. Bu yo`nalishda o`zbek tilining sintaktik birliklarining rus, ingliz, nemis, fransuz va qisman boshqa turkiy tillar (jumladan hozirgi turk, qoraqalpoq v.b.) tillar hodisalari bilan qiyoyaslash va, asosan, metodik tavsiyalar ishlab chiqish yo`nalishida ancha ishlar amalga oshirildi. Bu sohada A.Abduazizov, U.Ahtamova, O.Azizov, J.Bo`ronov, M.Irisqulov, M.Mamatov, R.Mo`minova. A.Sodiqov, N.Turniyozov, Z.Xudoyberganova, Ertug`rul Yomon, U.Yusupov, Mustafo Chetin kabilarning tadqiqotlari diqqatga sazovordir.
Ko`rinib turibdiki, o`tgan asrning 80-yillariga kelib o`zbek tilshunosligida formal sintaktik talqinlar zaminida bir necha ilmiy oqim-u yo`nalishlar rivojlangan, ayni bir hodisaning (resp.formal talqin tamoyillari asosida ajratiladigan sintaktik birliklarning) turli qirralarini chuqurroq tahlil etishga xizmat qiladigan har xil tahlil usullari – metodlari bilan ta`minlangan, ta`lim tizimiida keng ommalashtirilgan zamonaviy sintaktik ta`limot shakllandi – o`zbek sintaktik ta`limoti jahon tilshunosligi silsilasidan munosib o`rin egalladi .
O`zbek formal sintaktik talqinlari taraqqiyoti sifatida fanimizda substansial (formal-funksional, shakl-vazifaviy) sintaksis ham substansial tilshunoslikning tarkibiy qismi bo`lib shakllandi va mana bu – qo`lingizdagi - kitobda umumlashtirilmoqda. Bu sintaktik yondashuv ibtidosini bir guruh olimlarimizning 1984- va 1988-yillarda “ Turkiy tillar sintaksisining muhim vazifalari. Formal-funksional tadqiq tezislari1” umumiy nomi bilan e`lon etgan ikki maqolasi tashkil etganligini eslatib o`tish va substasial sintaktik talqin uchun zarur bo`lgan ikki asosiy tushunchaning sharhini bu yerda takrorlash bilan kifoyalanamiz, zeroki o`zbek substansial tilshunosligining shakllanishi, tahlil tamoyillari, taraqqiyot holati, asosiy namoyandalari ushbu kitobning birinchi jildida yetarli darajada mufassal yoritilgan edi. Substansial sintaksisga oid ikki asosiy tushunchaning -
lisoniy sintaktik qolib (LSQ) tabiati va mohiyati,
LSQning tarkibiy qismlari -
sharhini takrorlash esa ushbu kitobda bayon etilgan fikrlarni uqish uchun zarurdir, shuning uchun ularni bu bo`limda takrorlash ortiqcha emas. Shu tushunchalar sharhiga o`tamiz.
Tilshunoslikda formal tadqiq nihoyasida bilimning ikki turini – empirik (fahmiy, hissiy) va ratsional (aqliy, idrokiy, nazariy) bilish mahsulini - farqlashning amaliy tatbiqi sifatida nutq va lisonning izchil, metodologik farqlanishi ommalasha bordi va lisoniy tizimni o`rganishga ixtisoslashgan struktural tilshunoslik rijojlandi. Bu tilshunoslikdagi nutq~lison farqlanishini:
a) falsafiy AHVO~UMIS1 sifatida talqin etish,
b) lingvistik tavsif va tafhimda dialektik metodologik tamoyillarni izchillik bilan amamliy tatbiq etish zaruratini yoqlab chiqish,
b) lisonga (lisoniy tizimga) imkoniyatlar xazinasi sifatida yondashish
asoslarida o`zbek fanida substansial (formal-funksional) tilshunoslik
shakllandi2.
Substansial tilshunoslik sintaktik birliklarda nima xususiylik (AHVO) va nima umumiylik (UMIS) degan muammoni o`rtaga qo`yadi. Bunda:
a) formal tilshunoslikda sintaktik birliklar sifatida tahlil etilgan moddiy shaklda voqelangan so`z birikmalari va gap turlari mohiyatan AHVO tabiatli,
b) ularning tiplari, tarkibiy qismlarining o`zaro munosabatini aks ettiruvchi qurilish chizma-yu modellari - UMIS, ya`ni lisoniy tabiatli
ekanligi haqida xulosa chiqarildi.
O`zbek formal sintaktik talqinida sintaksisning tadqiq manbayi sifatida , asosan, moddiy shaklda voqelangan so`z birikmalari-yu gaplar (falsafiy-metodologik AHVOlar, sisitem-struktural nuqtayi nazardan nutqiy birliklar/variantlar…) va qisman ularning qurilish turlari olingan bo`lsa, substansial sintaksisning tadqiq manbayi sifatida, asosan, so`z birikmalari va gaplarning qurilish qoliplari/modellari (falsafiy-metodologik UMISlar, sisitem-struktural nuqtayi nazardan lisoniy birliklar/invariantlar…) olinadi. Shuning uchun substansial sintaktik tahlilda lisoniy sintaktik qolip (LSQ) sintaktik tahlil manbayi bo`lib, u ikki tomonlama lisoniy birlik – shakl va mazmun/vazifa tomonlari butunligi - sifatida o`ziga xos yangicha talqin oladi1. LSQ mohiyatan matematik tenglama tabiatli bo`lib, uning shakl tomonini tenglik belgisidan chapda, mazmun tomonini esa - o`ngda turgan tomon tashkil etadi. LSQning chap tomoni tarkibidagi /W/ istagan tur va kattalikdagi nominativ birlikka, /r/ ramzi bu nominativ birliklar orasidagi sintaktik munosabatga ishora qiladi. /W/ ramzi har xil grammatik shakllar (chunonchi, /Pm / – predikativlik kategoriyasi shakllari; /Wa/q/ - qaratqich kelishik shaklidagi atoqli ot), sintaktik mavqe/vazifa (chunonchi. /Ws/gap qurilishida ega mavqeida kelgan nominativ birlik/, /Wp/gap qurilishida kesim mavqeida kelgan nominativ birlik)ga ishora etadigan ramzlar bilan birga kelishi mumkin. Shu asosda so`z birikmalarining mimimal umumiy qolipi {/W1 r W2/ = so`z birikmasi), sodda gapning minimal qoliplari (markazlari) {/WPm./ = grammatik shakllangan sodda gap }, {/WP./ = semantik-funksional shakllangan gap }, {/Ws~Wp./ = kontekstual shakllangan gap} sitafida, qo`shma gapning minimal qoliplari {/WPm1 r WPm2/ =grammatik shakllangan gaplardan iborat qo`shma gap }….., sodda va qo`shma gaplar oraligida turgan uyushgan gaplar markazining umumiy qolipi {(/Ws1~P1/ r /Ws2~P2/)m = uyushgan gap} sifatida belgilanadi. O`zbek substansial sintaksisida bunday qoliplarni, ularning juda ko`p tur va ko`rinishlarini ajratish, oralaridagi paradigmatik munosabatlarini o`rganish, har birining o`ziga xos ma`noviy vazifasi, voqelanish xususiaytlarini atroflicha tadqiq va tahlil-u tavsif etish yo`nalishidagi izlanishlarga asos solindi. O`zbek tili sintaksisining substansial tadqiqi endi boshlanmoqda, bunda hali juda ko`p masalalar muayyanlashtirilishi, davr sinovi chig`iriqlaridan o`tib, “pishib yetilishi” lozim. Qo`lingidagi asar shu yo`ldagi tajribalardan biridir va unga shu nuqtayi nazardan yondashish lozim – unda tuzatilishi, to`ldirilishi, muayyanlashtirilishi lozim bo`lgan muammolar talqinini yoki yechimini topgan masalalardan ko`ra ko`proqdir. Bu kitob-qo`llanmadan maqsad mana shunday izlanishlarga turtki bo`lmoqlikdir – substansial sintaktik talqinlar Sizning ijodiy faoliyatingizni kutmoqda!
Do'stlaringiz bilan baham: |