QANG’ DAVLATINING XITOY BILAN O’ZARO MUNOSABATLARI
Tarix fakutet 2-kurs talabasi Quvondiqov Javlon
Toshkent shahri tarixi o’zining yigirma asrdan oshiqroq o’tmishi mobaynida o’lkaning tabiiy sharoiti va uni o’zlashtirib obod etgan qadimgi aholisining ijtimoiy va iqtisodiy hamda siyosiy hayot taqozosi bilan bir joydan ikkinchi joyga siljib, qadimgi ro’yi zaminini bir necha bor o’zlashtirgani singari, uning nomi ham asrlar davomida bir necha bor o’zgardi.
Hozirgi Toshkent shahri joylashgan hudud Chirchiq (qadimda Parak,Turk nomlari bilan atalgan) daryosi sug’orma dehqonchilik vohasining bir qismidan iborat bo’lganligi aniqlangan. Eramizdan avvalgi I asrlarga kelib voha Toshkent nomi bilan, keyinchalik esa uning asosiy shahri Choch nomi bilan atala boshlangan. Choch geografik nom sifatida ilk bor Eron podshosi Shopur I eramizning 262-yilida Erondagi “Zardusht ka’basi”da o’yib yozilgan bitiknomasida berib o’tilgan. Unda Choch tog’lari sosoniylarning Sharqdagi mulklarining so’ngi sarhadlari deb atalgan. Dastavval bu atama otashparastlarning qadimiy muqaddas kitobi Avestoda tilga olinadi. Ba’zi tadqiqotchilarning fikricha, bu atama miloddan avvalgi I ming yillik o’rtalarida yuzaga kelgan bo’lib, asli Orol dengizining qadimgi eron tilidagi “Chae-chasta” degan nomidan kelib chiqqan70.
Miloddan avvalgi III asrda qadimgi Choch viloyatida tashkil topib, milodning III asrigacha hukm surgan davlat “ Qang’ ”, “Qanqqa ” yoki “Qang’xa” deb atalgan. Xitoy yozma manbalarida u “Kangyuy” yoki “Kanzyuy” nomlari bilan tilga olinadi. Qadimgi toxarlar ( Surxandaryo vohasining qadimgi aholisi) tilida “Qang” so’zi ham “tosh” ma’nosini anglatgan. Qadimgi Sharq manbalarida Sirdaryo bo’yidagi eng yirik shahar – Qanqa bo’lganligi ta’kidlab o’tiladi. Qanqa “Qanxey” toponimi dastavval “Avesto” ning eng qadimgi qismi bo’lgan beshinchi “Yasht” da tilga olinadi, ya’ni turon (shak, skif) qabilalarining turar joyi sifatida eslatiladi71.
Ilk xitoy solnomasi bo’lmish Shi-szi go’yoki Toshkentning o’tmishidagi voqealarni ochganday bo’ladi.U eramizdan oldingi 138-yilda yuechjilar huzuriga – O’zbekiston janubidagi qabilalar huzuriga yuborilgan xitoy elchisi Chjan Szyanning bitiklari asosida tuzilgan. Mazkur elchi shimoldan janubga borar ekan, O’rta Osiyoning ustidan o’tadi hamda xitoyliklarga o’zi kashf etgan bu mamlakatni “G’arbiy o’lka” deb ta’riflaydi. Shi-szi Farg’onadan g’arb tomonda joylashgan Kangyuy yoki Kanzyuy davlatini eslatib o’tadi. U “Djaovu xonadoni” ga mansub sulola tomonidan boshqarilgan. Ushbu davlatning markazi Toshkent vohasi hisoblanadi. Asta sekin davlat turfa tillarda so’zlashuvchi qabilalarning qudratli ittifoqiga aylanadi. Miloddan avvalgi II-I asrlarda Qang’ davlati nihoyatda kuchayib, unga beshta viloyat, ya’ni “ beshta kichik mulk”: Suse (Kesh), Fumu (Sug’d), Yuni (Choch), Gi (Buxoro), Yueszyan (Xorazm) hokimlari bo’ysungan. Eramizning III asri ikkinchi yarmidan mazkur davlat hukmdorlari o’z tangalarini zarb ettira boshladi. Davlat devonxonalarida sug’d yozuvidan foydalanilardi, bu haqda nafaqat tangalar, balki yozuvlarga doir topilmalar ham guvohlik beradi72. Yozma manbalarda ta’riflanishicha, bu davlat nihoyatda mustaqil va kuchli bo’lib, chet davlatlardan kelgan elchilarni qabul qilish vaqtida o’z mustaqilligini namoyish etish maqsadida Xitoy imperiyasi elchilarini qadimgi Yettisuv viloyatida yashaydigan Usun qabilalari elchilaridan pastroqqa o’tkazgan. Miloddan avvalgi I asrning birinchi yarmida usunlar bilan xunlar orasidagi munosabat keskinlashdi. Qang’arlar esa xunlar bilan ittifoq bo’lib, shimoliy qo’shnilari – usunlar bilan urushadilar. Ana shu urush haqida Xitoy voqeanavislaridan biri quyidagilarni yozadi: “Bu uch mamlakat (Xun, Usun, Qang’uy) o’zaro aloqada bo’lsa hamki, biri ikkinchisiga ishonmasdan bir-birlarini muntazam kuzatib turadilar.
Miloddan oldingi 102-yili Xitoy qo’shinlari Farg’onaga ikkinchi marotaba yurish qiladilar. Bu yurishda qurol-aslaha va oziq-ovqat bilan yaxshilab ta’minlangan 60 minglik armiya ishtirok etadi. Oziq-ovqat, qurol-aslaha va boshqalar 100 ming ho’kizga, 30 ming otga va 10 ming eshakka yuklatilgan. Qo’shin ichida qamal qilingan qo’rg’on – istehkomlarni olish yo’lini biladigan ustalar ham bor edi. Xitoy armiyasining dovonga ikkinchi marta yurishidan maqsad bu viloyatning markaziy shahri bo’lgan Guyshan (Koson) ni zabt etish, so’ngra boshqa shahar va qishloqlarni egallab, g’arbga – Sug’diyonaga yo’l ochish edi. Bosqinchilarning Guyshanga yaqinlashib kelayotganligidan xabar topgan guyshanliklar qang’arlarga chopar yuborib, ularni voqeadan xabardor qiladilar va ulardan yordam so’raydilar. Qang’arlar Qoshg’ar va Yorkent viloyatlariga ham harbiy madad yuborib turganlar. Miloddan oldingi 65-yili Yorkentda Xitoy ma’murlariga qarshi qo’zg’olon ko’tarilib, bu yerdagi Xitoy elchisini va ulraning tarafdori bo’lgan hokimni o’ldiradilar. Bu qo’zg’olonni tashkil etishda qang’arlarning hissasi bor, albatta. Shuni ham aytib o’tish kerakki, Qashg’ar, Yorkent va Farg’onaning Xitoy ta’sirida bo’lishi qang’arlarga ham katta xavf solar edi. Shuning uchun ham Qang’ hukmdorlari qo’shni xalqarga harbiy kuch bilan yordam berib, bosqinchilarni o’z chegaralariga yaqinlashtirmaslikka harakat qiladilar.
Xulosa qilib aytganda, yurtimiz qadim davrlarda ham muhim strategik ahamiyatga ega bo’lganligi uchun tashqi tomondan tez-tez dushmanlar xavf solib turgan. Vatanni muqaddas bilgan ota-bobolarimiz kindik qoni to’kilgan ona yurtlarini mardona himoya qilib, ozodlik bayrog’ini baland ko’tarib yurishgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |