Jasur To'rayev
29.03.2021-yil.
Unutish
Ko'nglim hududidan tog' o'pirsa ham,
Aldanmam siz degan kuy-navolarga.
Har qancha muhabbat qon tupirsa ham,
Kunim qolgani yo'q bevafolarga...!
Endi siz jannatni yodga solmaysiz,
Afzal ko'rmam hatto gullar atridan,
Izlab o'zingizni topa olmaysiz,
Yozgan she'rlarimning biror satridan...
Dilimni to'zg'itgan to'fonlar tindi,
Barham berdim lahza xayol surishga.
Ta'qiq qo'ymoq qoldi birgina endi -
Har kecha tushimda sizni ko'rishga !!!
Jasur TO'RAYEV
12.12.2021
(22:28)
Xitob
Agar móminlikka qilsangiz da'vo,
Ezgu amallar-u savob axtaring.
Savollar tug'ilsa, do'stim, avvalo,
Qur'oni Karimdan javob axtaring.
Dunyo o'zi nima, bilay desangiz,
Kimningdir boshini silay desangiz,
Alloh suygan ishni qilay desangiz -
Qur'oni Karimdan javob axtaring.
Fitnalar bog'ini losh qilmoq uchun,
Ko'zlarda iymoniy yosh qilmoq uchun,
Dunyo sirlarini fosh qilmoq uchun -
Qur'oni Karimdan javob axtaring
Tug'ilmoq nima-yu, o'lmoq nimadir,
Ko'ngil qorasini yulmoq nimadir,
Jannatga munosib bo'lmoq nimadir -
Qur'oni Karimdan javob axtaring.
Qo'ying, bid'atkashlar to'qigan so'zni,
Bilar-bilmaslar ham cho'qigan so'zni,
O'qib Rasululloh (s.a.v) o'qigan so'zni -
Qur'oni Karimdan javob axtaring.
Do'stim, mo'min do'stin go'shtini yemas,
Yozsam ko'nglim haqdan boshqani demas,
Savolingiz bo'lsa, she'rimdan emas,
Qur'oni Karimdan javob axtaring.
Jasur TO'RAYEV
15.07.2021
19:52
Do'stlaringiz bilan baham: |