[OKOZ:
1.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.03.00.00 Davlat xavfsizligi / 16.03.01.00 Umumiy qoidalar]
[TSZ:
1.Mudofaa va milliy xavfsizlik / Umumiy masalalar]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
BMT XAVFSIZLIK KENGAShI 1540-SON (2004) REZOLYUTSIYASINING BAJARILIShINI TAShKIL ETISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
BMT Xavfsizlik Kengashining davlatga qarashli bo‘lmagan subyektlarning ommaviy qirg‘in qurollari va ularni yetkazib berish vositalarini olishining oldini olish, shuningdek ularning noqonuniy aylanishiga barham berish to‘g‘risidagi 1540-son (2004) rezolyutsiyasini (keyingi o‘rinlarda Rezolyutsiya deb ataladi) bajarish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Bosh prokuraturasi Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Milliy xavfsizlik xizmati, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
(1-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 6-martdagi 195-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 07.03.2019-y., 09/19/195/2712-son)
ommaviy qirg‘in qurollari tarqalishining oldini olish masalalariga taalluqli barcha normativ-huquqiy hujjatlarni puxta xatlovdan o‘tkazsinlar;
zarurat bo‘lganda milliy qonun hujjatlariga Rezolyutsiyadan kelib chiquvchi o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsinlar.
2. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura:
davlatga qarashli bo‘lmagan subyektlarning ommaviy qirg‘in qurollari va ularning komponentlarini, shuningdek ularni yetkazib berish vositalarini olishi imkoniyatining har qanday yo‘llarini istisno etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasida ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatmaslik rejimini ta’minlashga doir ishlarning ahvolini chuqur tahlil qilsinlar. Zarurat bo‘lganda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatmaslik rejimini kuchaytirish yuzasidan tegishli takliflar kiritsinlar;
yadro quroli, kimyoviy qurollar va biologik qurollar hamda ularni yetkazib berish vositalari ishlab chiqarish uchun foydalanilishi mumkin bo‘lgan moddalar, materiallar va buyumlarning saqlanishi, tashilishi ustidan nazoratni kuchaytirish yuzasidan qo‘shma chora-tadbirlar kompleksini xalqaro qoidalar va talablarni hisobga olgan holda ikki oy muddatda ishlab chiqsinlar va amalga oshirilishini ta’minlasinlar.
Oldingi tahrirga qarang.
3. O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasiga:
(3-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 6-martdagi 195-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 07.03.2019-y., 09/19/195/2712-son)
O‘zbekiston Respublikasi tegishli vazirliklari va idoralarining Rezolyutsiyani bajarish, shu jumladan ommaviy qirg‘in qurollari komponentlari va ularni yetkazib berish vositalari mavjud bo‘lgan obyektlarni tabiiy muhofaza qilish rejimini hamda xavfsizlik tizimini kuchaytirishni tashkil etish, shuningdek ommaviy qirg‘in qurollarining har qanday turlari noqonuniy aylanishining oldini olish masalalari bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtirish;
tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Rezolyutsiya qoidalarining bajarilishi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy ma’ruzalarni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xavfsizlik Kengashiga taqdim etish uchun o‘z vaqtida tayyorlash yuklansin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari O‘.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 10-sentabr,
424-son
Do'stlaringiz bilan baham: |