Axloqiy e’tiqod – jamiyat tomonidan e’tirof etilgan tartib, odob, o’zaro munosabat, muloqot, xulq-atvor, odob qoidalari, axloqiy me’yor va tamoyillarning ezgulikka xizmat qilishiga bo’lgan ishonch; ma’naviy-axloqiy asosga ega bo’lgan ezgu g’oyalarga shubhasiz ishonish. Axloqiy e’tiqod “iymon” tushunchasi bilan ham ifodalanadi9.
1.3. Oilada bolalarni estetik ruhda tarbiyalash
Nafosat tarbiyasi (estetik tarbiya: lot. «estezio» - «go'zallikni his etaman» ma'nosini bildiradi) shaxsni ijtimoiy voqelik, tabiat va mehnat munosabatlari hamda turmush go'zalliklarini anglash, idrok etish, to'g'ri tushunishni o'rgatish, ularning estetik didini o'stirish, ularda go'zallikka muhabbat uyg'otish, shuningdek, go'zallikni yaratish qobiliyatlarini tarbiyalash jarayoni bo’lib, ijtimoiy tarbiyaning yana bir muhim tarkibiy qismi sanaladi. Aqliy, axloqiy, mehnat tarbiyasini estetikasiz tasavvur qilib bo'lmaydi. Estetik tarbiyaning vazifalari quyidagilardan iborat:
shaxsga ijtimoiy voqelik, tabiat va mehnat munosabatlari hamda turmush go'zalliklari va ularni anglash to'g'risidagi bilimlarni berish;
shaxsda ijtimoiy voqelik, tabiat va mehnat munosabatlari hamda turmush go'zalliklarini anglash va idrok qilish qobiliyatini tarbiyalash,
unda mavjud go'zalliklarni qadrlash hissi hamda estetik didni shakllantirish, go'zallikka muhabbat uyg'otish;
go'zallikni yaratish ehtiyojini qarortoptirish, bu boradagi qobiliyat va estetik madaniyatni shakllantirish.
Estetik tarbiya axloqiy qiyofa, ijobiy xulq-atvor me'yorlarini tarkib toptirish, ularning ijodiy qobiliyatlarini taraqqiy ettirishga katta ta'sir ko'rsatadi. Ta'lim muassasalarida musiqa va tasviriy san'at darslari, adabiyot kabi fanlarning o'qitilishi estetik tarbiyani samarali yo'lga qo'yish vositasi hisoblanadi.
Estetik tarbiya bola tug'ilgandan boshlab umrining oxirigacha amalga oshiriladi. Shu sababli, u nafaqat maktabda, balki sinfdan va maktabdan tashqari sharoitlarda uyushtiriluvchi tadbirlarda, turli anjumalarda yosh avlodni go'zallik va nafosatni his etishga undovchi vositadir.
Xalqimizda, «Oq bo'lmasin, pok bo'lsin», «Pokliging - sog'lig'ing», «Sog' yuray desang, ozoda bo'l», «Yaxshi libos tanga oroyish» kabi maqollari bilan yoshlarimizni tabiat va jamiyatdagi go'zalliklarni ko'ra bilishga, ularni qadrlashga o'rgatib kelishgan.
Estetik tarbiya faqat narsa va hodisalarning mohiyatini anglash, go'zal jihatlarini ko'ra bilishnigina emas, balki ichki go'zallikni his qilish xislatini ham tarbiyalaydi. Insondagi xulqiy go'zallikning qadriga yetishga undaydi.
Alisher Navoiy o'zining «Farhod va Shirin» dostonida Shirinni zohiriy va botiniy go'zallik sohibasi sifatida tasvirlaydi. Bilamizki, uning bu darajaga yetishishida xolasi Mehribonuning tarbiyaviy ta'siri katta bo'lgan. Shirin mamlakat obodonchiligi, kanal qizish, suv chiqarish kabi ishlarda ishtirok etadi va o'sha xayrli ishlarga rahbarlik qiladi.
Shirin eng og'ir damlarda ham farhodga vafodor, sadoqatli, irodali yor bo'lishi bilan birga tadbirli murabbiya, odil va donishmand davlat arbobi, komila, oqila va fazilatli, latofatli qiz edi. Shirinning bu fazilatlari minglab qizlarga o'rnak bo'lib keldi va bundan keyin ham shunday bo'lib qoladi.
Oila muhiti farzandlarni estetik tarbiyalash uchun zarur shart-sharoitlarga ega bo’lishi lozim. Buning uchun ota-onalardan, eng avvalo, uyda tartib o’rnatish, barcha buyumlarning doimo o’z o’rnida bo’lishiga erishish talab etiladi. Binobarin, ozodalik, saranjomlik, tartib, go’zallik mavjud bo’lgan joydagina bolaning estetik didi shakllanadi. Qadim-qadimdan onalar oila sharoitida to’g’rilanmagan (yig’ishtirilmagan) o’rin, supurilmagan hovli, yuvilmagan idish kabilarga erkak kishi (er)ning ko’zi tushmasligiga e’tibor qaratishgan va tabiiyki, aynan shu harakatlar bolalarda go’zallikka nisbatan muhabbatni tarbiyalashga xizmat qilgan. Shu bilan birga onalarning uyda so’zana, kashta, qiyiq, do’ppilarning tikishlari, gilam to’qishlari, hovlilarga turli-tuman anvoyi gullarni ekib, ularni parvarish qilishlari ham bolalar didini o’stirishga yordam bergan. Buning aksi bo’lgan holatlar (betartiblik, xunuklik) esa ularda didsizlikni shakllantirgan.
E’tibor berilsa, nikoh to’yi oldidan kelinning sepi sifatida kuyovning xonadoniga olib borilgan ko’rpa-to’shaklarni mehrobga, sandiqlar ustiga taxlash yumushi har kimga topshirilmagan, balki uni nihoyatda didli, ularni katta-kichikligi, qalin-yuqaligiga ko’ra muayyan tartibda, nihoyatda chiroyli taxlay oladigan ayollargina bajarishgan. Xuddi shunday to shu kunga qadar odat bo’lib kelgan kelin sarpolarini maxsus ajratilgan xonada (osib qo’yilgan holda) namoyish qilish ham ana shu ishning “ustasi” bo’lgan ayollar zimmasiga yuklatilgan.
Bizning nazarimizda, yangi oila shakllantirilayotgan dastlabki paytlardayoq muhitning estetik jihatdan ko’rimli bo’lishiga intilish zaminida nafaqat atrofdagilarga kelin uyining chiroyli tarzda namoyish qilishdan ham ko’ra ko’proq estetik didi yuqori farzandlarni tarbiyalovchi ota-onaning o’zida uni hosil qilishga bo’lgan intilish aks etadi. Qolaversa, “axloqiy va estetik qarashlar mazmuni o’zgargan bir sharoitda oilada axloqiy va estetik tarbiyani to’g’ri va samarali tashkil etilishi ayniqsa muhimdir. Bolalar juda yoshligidanoq soxta go’zalliklar (yarim yalang’och yoki yalang’och badan, me’yoridan ortiq qo’llanilgan pardoz, urfga kirib borayotgan kosmetik operatsiyalar “mahsuli”, o’ta darajadagi yaltiroq mato yoki taqinchoqlar) go’zallikning timsoli emasligini anglab yetishlari lozim. bola tasavvurida haqiqiy, tabiiy go’zallik (yam-yashil tabiat, nafis qor uchquni, nozik gullar, beg’ubor osmon, viqorli tog’lar, tiniq zilol suv, toza, musaffao havo, bepoyon dalalar, qushlarning yoqimli ovozi, sharqiroq suv, “chuchvara”lar hosil qilayotgan yomg’ir tomchilari, kamalak jilosi, shuningdek, ochiq, xushsurat, chiroyli tabassum, shirali ovoz, ta’sirchan badiiy va san’at asarlari, yuksak mahorat bilan yaratilgan o’yinchoqlar (bolaning asabini junbushga keltiradigan elektron o’yinchoqlar emas), yarashiqli liboslar va boshqalar)ning namoyon bo’lishi uchun shart-sharoit yaratib berish maqsadga muvofiqdir. bolalarda haqiqiy go’zallikni his etish tuyg’usi tabiat bag’rida, muzey, ko’rgazma, kino va teatrlarda bo’lish tufayli shakllanadi. shu bois maktabgacha ta’lim muassasalari hamda boshlang’ich sinf o’quvchilari bilan tabiat bag’riga, muzey, ko’rgazma, kino va teatrlarga uyushtiriladigan ekskursiya va tashriflar katta tarbiyaviy kuchga egadir.
Do'stlaringiz bilan baham: |