Mavzu: Talimning xususiy qonuniyatlari
Reja:
1.Ta’lim qonuniyatlari haqida umumiy tushuncha.
2.O’qitishning yetakchi qoidalari.
3.Ta’limda nazaryaning amaliyot bilan bog’liq bo’lish qoidalari.
Ma‘lumki, o’qituvchi faoliyatining muvaffaqiyati avvalo u ta‘limning mazmuni, metodlari va tashkiliy shakllaridan umumiy didaktik printsip (qonuniyat) larni qanchalik to’g’ri amalga oshirishiga bog’liq. Qonuniyat deganda, bu barqaror, zaruriy, u yoki bu hodisalar va jarayonlar o’rtasidagi mutanosiblik va muhim aloqa. Demak, ta‘lim jarayonida ta‘lim berish, tarbiyalash va o’quvchilarning umumiy rivojlanishlarini bir butunlikda amalga oshirish zarur.
Ta‘lim qonuniyatlari bu - o’qitish jarayoniga qo’yiladigan talablar yig’indisidir. Ta‘lim printsip (qonuniyat) lari deb, ta‘limning barcha bosqichlari va hamma predmetlarini o’qitish uchun asos bo’ladigan qonuniyatlar, qoidalarga aytamiz. Ta‘lim qonuniyatlari o’quvchi va o’qituvchi orasidagi eng muhim ichki ahamiyatni aks ettiradi.
O’qitishning printsiplaridan uning qoidalari kelib chiqadi va ular u yoki bu printsiplarning xususiy qoidalarini aks ettiradi. Har bir o’qituvchi shuni anglab yetishi muhimki, o’quv jarayonini samarali qurish – bu, ishda o’zini oqlagan pedagogik qonuniyatlar, qoidalar, didaktik qoidalarni hozirgi zamon sharoitidagi yangi masalalarni hal qilishda ijodiy foydalangan holda, ulardan butunlay va o’zaro aloqada foydalanish demakdir.
O’qitishning muqobil tomonlarini tanlash uchun butun qonuniyatlar birligini va didaktik qoidalarini e‘tiborga olish zarur.
Ta‘lim printsiplariga o’tmishda mashhur allomalarimiz ham katta e‘tibor berganlar. Masalan, Abu Nasr Forobiy va Abu Ali ibn Sinolar ushbu printsiplar xususida o’z asarlarida bayon qilganlar. Jumladan, qomusiy olim Ibn Sino asarlarida ham didaktikaning printsiplariga, xususan ko’rsatmali o’qitishga qiziqish bilan qaragan. Olim inson haqiqatdan mavjud narsalarni yoki ularning tasvirini ko’rib idrok etishi tufayli unda ob‘ektiv voqelikni to’g’ri aks ettiradigan tasavvur shakllanishini o’qtirgan.
O’qitish qonuniyatlaridan uni samarali tashkil qilishga nisbatan muayyan muhim talablar kelib chiqadiki, buni o’qitish qoidalari deb ataydilar. O’qitish qoidalarini bilish o’qitishning zarur usullarini yanada ishonchliroq tanlashga imkon beradi.
O’qituvchining bilimlarni tizimli bayon qilishi o’quvchilarga o’quv predmetining strukturasi va mantiqini chuqurroq tushunish, fanning bosh g’oyasi va asosiy qoidalarini ajratish, tabiat va jamiyat hodisalari o’rtasidagi ichki bog’lanishni aniqlash imkonini beradi. Dars mazmunining muqobil tuzilishini tanlash, o’qitishdagi didaktikaning tizimlilik qoidasini hisobga olishni talab qiladi. O’qitishning tizimliligi o’qitishda muvaffaqiyat garovi bo’lib, fikrlarni tartibga soladi, bilim, ko’nikma va malakalarni o’zlashtirishni osonlashtiradi hamda yaxshilaydi.
Ta‘limda izchillikka rioya qilib o’qitish lozim, toki bugun o’rganilgan bilimlar kecha o’rganilganlarni mustahkamlasin, ertaga o’rganiladiganlarga zamin hozirlasin. Ta‘limning tizimli bo’lishi uning izchil bo’lishi bilan bog’liqdir. Izchillikka asoslangan ta‘limning xarakterli belgisi shundaki, u o’quvchilarning oldindan o’zlashtirgan bilim va malakalari zamirida yangi bilim, ko’nikma va malakalar hosil qilish, ularning o’zaro bog’lanishlarini takomillashtirish va aksincha, u yangi bilimlarini bayon qilish jarayonida oldindan o’zlashtirilgan bilim, ko’nikma va malakalarini yana ham chuqurlashtirish, kengaytirish va mustahkamlashni ta‘minlashga qaratilgandir.
Tizimlilik va izchillik o’quvchilarda har qaysi o’quv fanlarining bir-biri bilan uzviy bog’liq bo’lishini ko’rsatishda ham muhim ahamiyatga ega. Ta‘limning tizimli va izchillik qoidasi bayon qilinayotgan o’quv materiallarini mustahkamlash va ilgari o’tilganlarni to’ldirishga xizmat qilishini; o’quvchilarning uzluksiz va tizimli suratda mustaqil ish olib borishlarini; o’quvchilarning o’zlashtirgan bilim va hosil bo’lgan ko’nikma, malakalarini hisobga olib borishni ham o’z ichiga oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |