Botanik xususiyatlari. Yeryong‘oq dukkakdoshlar (Fabaceae) oilasiga mansub, - Arachis hypogaea L avlodi va turiga kiradi. Madaniy turi bir nechta kenja turlarga ega. Eng ko‘p tarqalgani ssp. Vulgaris Z. Luz. Bu kenja turi to‘rt xilga bo‘linadi. Tur xillari poyaning balandligi, shoxlanishi, bargining shakli va kattaligi, dukkagining tuzilishi va donining rangi bo‘yicha farqlanadi. Yeryong‘oqning tik o‘sadigan va yotib o‘sadigan shakllari bor. Bizning mamlakatimizda tik o‘sadigan shaklsi tarqalgan, poyasini uzunligi 50-60 sm. Ildizi o‘q ildiz, kuchli rivojlangan, 1,5 m chuqurlikgacha kirib boradi. Ildizida tuganaklar ko‘p shakllanadi. Poyasi o‘tsimon tik o‘sadi, poyalarining soni 4-20 tagacha, balandligi 10-80 sm gacha boradi va tuk bilan qoplangan bo‘ladi. Barglari juft patsimon shaklda, bargining ustki qismi silliq, pastki qismi tukli, barg bandi yo‘g‘onlashgan, uzunligi 5 sm gacha, tukli, pastki qismida ikkita yon barglari bor. Guli kapalaksimon, barg qo‘ltiqlarida 2-3 ta bo‘lib joylashadi. Gulining rangi sariq yoki qovoq rangda bo‘ladi. Changchisi o‘nta bo‘lib, urug‘chisi uzun, ingichka, tumshuqchali, tugunchasi bir uyali. Yer ustki gullari chetdan ham changlanishi mumkin. Yer ostki gullari o‘z-o‘zidan changlanadi. Yer ustki gullari changlangandan so‘ng tuguncha yoki urug‘donni pastki qismi uzunlashib ginofor (poyacha) hosil qiladi. U 5-6 kun yuqoriga qarab o‘sadi, keyin qayrilib o‘sib tuproqqa kiradi, 8-10 sm chuqurlikka yetgach tuguncha yoki urug‘dondan meva hosil bo‘ladi. Tuproqqa yetib bormagan ginofordan meva hosil bo‘lmaydi. Dukkagi pillasimon, bir nechta joyidan kuchsiz yoki qattiq siqilgan, uzunligi 1,5-2,0 sm dan 3,5-6,0 sm gacha bo‘ladi. Rangi somon rang, yuzasi to‘rlangan. Naviga qarab dukkaklarining po‘sti qalin yoki yupqa bo‘ladi. Dukkagida 3-6 ta urug‘i bo‘lishi mumkin. Urug‘i uzunchoq oval yoki yumaloq shaklda to‘q qizil yoki och pushti rangda bo‘ladi. 1000 ta urug‘ining og‘irligi 300-500 g.
Biologik xususiyatlari. Yeryong‘oq issiqsevar, namsevar, yorug‘sevar va qisqa kun o‘simlik hisoblanadi. Urug‘lari 140 C issiqda unib chiqadi. Maysalari sovuqga ta’sirchan, 10 C da nobud bo‘ladi. O‘sishi, rivojlanishi uchun optimal temperatura 25-280 C. 120 C dan past temperaturada mevalari hosil bo‘lmaydi.
Yeryong‘oq suvga talabchan, ayniqsa gullash davridan meva hosil bo‘lgungacha suvni ko‘p talab etadi. Shu paytda tuproqning namligi 70% dan kam bo‘lmasligi kerak. Gullay boshlagandan keyin sug‘orish lozim. Shu davrda suvni yetarli bo‘lmasligi gullashni va meva hosil bo‘lishini to‘xtatadi, natijada dukkaklar hosili keskin kamayib ketadi. Yeryong‘oqni sug‘orish meyori-800-1000 kub.mga teng. Yeryong‘oqning o‘suv davri 120-150 kunni tashkil etadi. Yeryong‘oqni quyidagi navlari: Tashkentskiy-112, Perzuvan 4612, Jelud navlari bor, hozirda respublikamizda ko‘proq Qibray-4 navi ekilmoqda.
Yeryong‘oq kuzgi bug‘doy, makkajo‘xori, kanakunjut, kunjutdan keyin ekiladi. Yeryong‘oqni o‘zi ko‘pgina dala ekinlari uchun yaxshi o‘tmishdosh ekin hisoblanadi. O‘tmishdosh ekinlarga ham talabchan hisoblanadi. Uning uchun eng yaxshi o‘tmishdosh o‘simliklar: paxta, sabzavot va don ekinlaridir.
Do'stlaringiz bilan baham: |