Mich Elbom. Morrining seshanba darslari
www.ziyouz.com
kutubxonasi
70
Risoladagidek oila qurish qisqagina roʻyxatimdagi masalalardan biri
edi: kech boʻlmasidan tartibga solinishi zarur boʻlgan ishlar roʻyxati.
Morriga bizning avlod farzand koʻrishga qattiq ikkilanayotgani,
chunki farzandlar qoʻl-oyogʻimizga kishan boʻlishi va oʻzimiz
istamagan “ota-onalik” vazifalari boʻynimizga ilib qoʻyishidan
hadiksirashimiz haqida aytdim. Oʻzimda ham shunday hadiksirash
borligini tan oldim.
Biroq Morriga qarab, oʻzimga oʻzim savol berardim: Agar men uning
oʻrnida – oʻlim toʻshagida yotgan boʻlsam va oilam, bola-chaqam
boʻlmasa, ichki boʻm-boʻshlikka bardosh bera olarmidim? U ikki
oʻgʻlini mehribon va gʻamxoʻr qilib tarbiyalagan va ikkalasi ham Morri
kabi oʻz mehrini namoyish etishdan tortinmasdi. Agar u xohlaganida,
ikki oʻgʻil ham barcha ishini tashlab, soʻnggi oylarning har lahzasini
otasining yonida oʻtkazgan boʻlardi. Ammo u buni xohlamasdi.
– Yashashdan toʻxtamang, — dedi u oʻgʻillariga. – Aks holda, bu
dard bir emas, uch kishining hayotini vayron qilgan boʻladi.
Shu yoʻsinda, u oʻlayotgan joyida ham farzandlarining oʻz dunyosi
borligini hurmat qilishini koʻrsatdi. Balki shu sabablidir, ular
Morrining yonida boʻlganda, mehrlari daryodek oqishi, tinimsiz hazil
qilishlari, krovat yonida oʻtirib, uning qoʻllaridan tutishlari va oʻpib
qoʻyishlari odamni koʻp ham hayratga solmasdi.
– Odamlar mendan farzandli boʻlish yoki farzandsiz oʻtish haqida
qachon maslahat soʻramasin, men hech qachon ularga toʻgʻridan-
toʻgʻri nima qilishni aytmayman, — dedi Morri toʻngʻich oʻgʻlining
suratiga qarab.
– Shunchaki, “Farzandli boʻlishdek buyuk neʼmat
yoʻq” deb javob beraman. Tamom. Buning oʻrnini bosa oladigan
narsa mavjud emas. Doʻsting bilan ham, suyukliging bilan ham bu
tuygʻuni boshdan kechira olmaysan. Oʻzingdan boshqa bir inson
uchun toʻliq masʼuliyatni zimmangga olish, unga cheksiz mehr
berish va u bilan jon rishtasini bogʻlash tuygʻusini his qilib koʻrging
kelsa, unda farzand koʻrishing kerak.
Mich Elbom. Morrining seshanba darslari
www.ziyouz.com
kutubxonasi
71
– Demak, agar hayotingizni qaytadan yashash imkoni boʻlganda,
yana farzand koʻrishni tanlarmidingiz? — soʻradim men.
Suratga koʻz tashladim: Rob Morrining peshonasidan oʻpib
qoʻyayotgan, Morri esa koʻzlarini yumgancha kulayotgan edi.
– Yana farzand koʻrishni tanlarmidim? — dedi u, hayrat bilan menga
boqib,
– Mich, men hech qachon bunday imkoniyatni qoʻldan
chiqarmasdim. Garchi…
U bir yutinib olib, suratni tizzasiga qoʻydi.
– Garchi bu juda qimmatga tushsa ham, – dedi u.
– Chunki bari bir ularni tark etasiz.
– Chunki ularni tez orada tark etaman.
U lablarini qisib, koʻzini yumdi. Yanogʻiga bir tomchi koʻz yosh
yumalaganini koʻrdim.
– Endi esa, – shivirladi u, – sen gapirasan.
– Men?
– Oilang haqida. Ota-onangni bilaman. Ular bilan ancha yillar oldin –
bitiruv oqshomida tanishganmiz. Oilangizda qiz farzand bor, a?
– Ha, – dedim men.
– Sendan katta, toʻgʻrimi?
– Ha, opam bor.
– Yana bitta oʻgʻil farzand ham bor, toʻgʻrimi?
Men bosh irgʻatdim.
– Sendan kichikmi?
– Ha, ukam.
– Menga oʻxsharkansan, – dedi Morri. – Mening ham ukam bor.
– Oʻxshash ekanmiz, – dedim men.
– U ham bitirish oqshomingga kelgandi-ya?
Men kiprik qoqdim. Bir lahza 16 yil oldingi hammamiz yigʻilgan kun
koʻz oldimga keldi: quyoshli jazirama kun, moviy ridolar, quyosh
nurlaridan koʻzimiz qisilgan, suratga tushish uchun bir-birmizning
yelkamizdan quchoqlayapmiz, kimdir sanaydi “bir, ikki, uuuch…”
Do'stlaringiz bilan baham: |