Oʻn toʻrtinchi seshanba: xayrlashamiz
Havo sovuq va nam edi. Zinapoyalardan Morrining uyiga koʻtarilayotib, avvalgi tashriflarimda
ilgʻamagan mayda-chuydalarga ham eʼtibor berayotganimni sezdim. Tepalik shakli. Uyning
tosh urilgan devorlari. Pastak, hamisha yashil butalardan iborat yoʻlak chetidagi
95
devordaraxtlar. Men shoshmasdan, oyogʻim ostida tekislanib qolayotgan hoʻl xazonlarni
bosib, sekin yurib borardim.
Bir kun oldi
n Sharlotta qoʻngʻiroq qilib, Morrining ahvoli ogʻirlashganini aytgandi. Bu bilan u
“soʻnggi kunlar yetib keldi” demoqchi edi. Morri hamma uchrashuvlarini bekor qilib, juda koʻp
vaqtini uyquda oʻtkazayotgandi: bu hecham Morriga oʻxshamasdi. U hech qachon uxlashga
ishtiyoqmand boʻlmagan, ayniqsa, gaplashish uchun tayyor suhbatdoshlar boʻlganda.
– U sizni kelsin deyapti, — dedi Sharlotta. – Lekin, Mich…
– Labbay?
– U juda darmonsizlanib qolgan.
Kirish eshigiga olib chiquvchi zinapoyalar. Eshikning oynali qismi. Men bu narsalarni sekin,
kuzatuvchan nigoh bilan xotiramga singdirib borardim, goʻyoki ularni ilk marta
koʻrayotgandek. Yelkamga osilgan sumkadagi magnitofonni paypaslab koʻraman, keyin esa
tasmalarni ham olganimga ishonch hosil qilish maqsadida sumkani
ng ichini ochib koʻraman.
Nega bunday qildim
– bilmayman. Tasmalarni doim yonimda olib yuraman-ku.
Eshikni Konni ochdi. Tabiatan xushchaqchaq Konni bugun gʻamgin koʻrinardi. Deyarli
shivirlab salomlashdi.
– Uning ahvoli qanday? — soʻradim men.
– Unchalik yaxshimas, — deya labini tishladi u. – Bu haqida oʻylashni ham xohlamayman.
Shunday yaxshi odam, a?
– Bilaman.
– Kulfat-ku bu!
Sharlotta koridordan chiqib kelib, meni quchoqladi. Soat ertalabki 10 boʻlayotgan boʻlsa-da,
Morri hali uygʻonmabdi. Oshxonaga oʻtdik. Stol ustida qatorlashib turgan oq telpakli jigarrang
plastik askarchalar
– dori idishchalarini koʻrib, unga oshxonani yigʻishtirishga koʻmaklashdim.
Keksa professorim nafas olishni yengillashtirish uchun morfiy qabul qilardi.
Oʻzim bilan olib kelgan oziq-ovqatlarni muzlatgichga joyladim: shoʻrva, sabzavotli pishiriq,
tuna salati. Yana ovqat koʻtarib kelganim uchun Sharlottadan uzr soʻradim. Morri bu kabi
yeguliklarni chaynolmay qolganiga ancha boʻlganini ikkalamiz ham bilardik, ammo bozorlik
qilib kelish odat tusiga kirib qolgandi-
da. Baʼzan kimingnidir yoʻqotayotganingda, mayda-
chuyda odatlarga ham choʻkayotgan odam xasga yopishganidek amal qilarkansan.
Morri va Ted Koppelning ilk suhbati tasvirga olingan mehmonxonada kutib oʻtirdim. Stolda
yotgan gazetani oʻqiy boshladim. Minnesotada ikki bolakay otasining qurollari bilan oʻynay
96
turib, bir-
birini otib qoʻyibdi. Los-Anjeles koʻchalaridan biridagi axlat qutisidan chaqaloq
topilibdi.
Gazetani joyiga qoʻyib, boʻm-boʻsh kaminga tikildim. Poyabzalim bilan parket polni ohista
depsiy boshladim. Va nihoyat, eshik ochilib-yopilgani, keyin esa Sharlottaning men tomon
kelayotgan qadam tovushlari qulogʻimga chalindi.
– Boʻldi, — dedi u mayin ovozda. – U seni koʻrishga tayyor.
Men oʻrnimdan qoʻzgʻalib, odatiy joyimizga tomon yurarkanman, koridor oxirida, yigʻma
kursida oyoqlarini chalishtirib oʻtirgancha kitob oʻqiyotgan begona ayolga koʻzim tushdi. U
oʻlim toʻshagida yotgan bemorlar kasalxonasidan kelgan hamshira boʻlib, Morridan yigirma
toʻrt soat boxabar boʻlib turuvchi navbatchi jamoa aʼzosi edi.
Morrining kabinetida hech kim yoʻq edi. Bundan bir oz gangib qoldim. Keyin ikkilanibgina
yotoqxonaga qayrildim, ha, mana u, yotoqda choyshablarga oʻranib yotibdi. Men uni bu holda
oldin faqat bir marta koʻrgandim: u uqalash muolajasini olayotganida. Yana uning
“Yotogʻingdan turmabsan, demakki, sen – murdasan” degan hikmatli soʻzlari miyamda aks-
sado berdi.
Yuzimda zoʻraki tabassum bilan xonaga kirdim. U tepasiga sariq rangli tungi koʻylak kiyib
olgan, koʻkragidan pastki qismiga esa koʻrpa yopib qoʻyilgandi. Uning koʻrpa ostidagi tanasi
shu qadar ozib-
toʻzib ketgandiki, menga bir nafas u yerda nimadir yetishmayotgandek
tuyuldi. Uning kichrayib ketgan jussasi yosh bolanikidek kelardi.
Morrining ogʻzi ochiq, yuzi terisi oqarib, yonoq suyaklariga yopishib turardi. Nigohi menga
tushib, gapirishga urindi, ammo boʻgʻzidan faqat xirillagan tovush eshitildi.
– Mana, qayerda ekansiz! — dedim men boʻm-boʻsh ichimda qolgan bor kuchimni toʻplab.
U nafas chiqardi, koʻzlarini yumdi, keyin esa jilmaydi. Shu jilmayish ham uni holdan
toydirayotgandek edi.
– Qadrdon… doʻstim, — dedi u va nihoyat.
– Ha, doʻstingizman, — dedim men.
– Bugun ahvolim… uncha yaxshimas.
– Ertaga oʻzingizga kelib qolasiz.
U qiyinchilik bilan yana nafas chiqa
rdi va zoʻrgʻa bosh irgʻatdi. Choyshab tagidan nimadir
qilishga qattiq urinayotgani koʻrib, qoʻlini chiqarmoqchiligini angladim.
– Qoʻlimdan tut, — dedi u.
97
Koʻrpani tortib, uning barmoqlarini mahkam ushladim. Ular qoʻllarim orasida yoʻq boʻlib ketdi.
U tomonga engashdim, yuzim yuziga tegay deb turardi. Birinchi marta uni soqoli olinmagan
holda koʻrishim edi. Endi oʻsib kelayotgan oppoq moʻylari Morrining yuzida shu qadar begona
tuyulardiki, xuddi birov uning yonoqlari va iyagiga bir tekis qilib tuz sepib chiqqandek edi. Jon
hamma aʼzolarini tark etayotgan bir paytda yangi hayot boshlashga quvvatni qayerdan oldi
ekan bu soqol?
– Morri, — chaqirdim men.
– Murabbiy, — meni toʻgʻriladi u.
– Murabbiy, — dedim men.
Vujudimni titroq bosdi. U toʻxtab-toʻxtab gapirdi: nafas olishi – havo, chiqarishi – soʻzlar.
Ingichka, titroq ovozda soʻzlardi. Undan malhamlarning hidi kelardi.
– Sen… yaxshi odamsan.
– Yaxshi odam.
– Mana bu yerimdan, — dedi u shivirlab, qoʻlimni yuragi tomonga olib borarkan. – joy
olgansan.
Boʻgʻzimga nimadir tiqildi.
– Murabbiy?
– A-a?
– Men qanday xayrlashishni bilmayman.
U hali ham koʻksida turgan qoʻlimni ohistagina urib qoʻydi.
– Mana… shunday… xayrlashamiz.
Morri ohistagina nafas olar, men uning koʻkrak qafasi koʻtarilib-tushishini his qilib turardim. U
koʻzimga tik qarab:
– Seni… yaxshi koʻraman, — dedi xirildoq ovozda.
– Men ham sizni yaxshi koʻraman, murabbiy.
– Yaxshi koʻrishingni bilaman… Yana boshqa… bir narsani ham bilaman.
– Yana nimani bilasiz?
– Har doim… yaxshi koʻrganingni...
98
Uning koʻzlari qisildi, keyin esa u yigʻlay boshladi. Yuzi xuddi hali qanday yigʻlashni
bilmaydigan chaqaloqnikidek bujmaydi. Men bir necha daqiqa uni bagʻrimga bosib turdim.
Osilib qolgan terisini, sochlarini siladim. Kaftlarimni uning yuziga bosdim, qurigan eti ostida
yonoq suyaklari yaqqol sezilib turardi. Doritomizgʻichdan siqib chiqarilayotgan tomchilardek
mayda koʻz yoshlaridan kaftim namlandi.
Nafas olishi bir maromga tushgach, tomogʻimni bir qirib oldim-da, uning holdan toyganini,
shu sababli keyingi seshanba kelishimni va ungacha ahvoli bir oz yaxshilanib qolishiga umid
qilishimni aytdim.
– Rahmat, – dedi Morri va kulishga urinib, yengil pixillab qoʻydi. Bari bir kulgisi ham gʻamgin
chiqdi.
Kelganimdan beri yopiqligicha turgan, magnitofon solingan
sumkamni qoʻlimga oldim. Buni
nega olib keldim oʻzi? Undan foydalanmasligimizni bilgandim-ku. Morri tomonga egilib, uni
oʻpib qoʻydim. Zora unga bir lahza boʻlsa-da zavq bagʻishlasa, degan umidda yuzimni uning
yuziga odatdagidan uzoqroq bosib turdim.
– Boʻpti, unda, – dedim qaddimni rostlar ekanman.
Namlangan koʻzlarimdan yosh chiqmasligi uchun kiprik qoqqanimni koʻrib, uning lablari
siqildi va hayratdan qoshlari koʻtarildi. Oʻsha lahzada keksa professorim oʻz gʻalabasidan
mamnun edi, deb oʻylagim keladi: va nihoyat, u meni yigʻlashga majbur qilgandi.
– Boʻpti, – shivirladi u.
Do'stlaringiz bilan baham: |