Fanning asosiy vazifalari:
- monetar siyosatning mohiyatini, uning asosiy instrumentlarini hamda monetar siyosat orqali iqtisodiyotni tartibga solish va uni barqaror o‘sishini ta’minlash yo‘llarini amaliy tomondan o‘rganish va tashkiliy tomonlarini bilish; - iqtisodiyotni rivojlantirishda pul hajmini tartibga solish jarayonlarini o‘rganish;
-monetar siyosatning xalqaro tendensiyalarini o‘rganish;
- pul-kredit siyosati intsrumentlarini aniqlash;
- markaziy bankning monetar siyosati, tijorat banklari tizimining faoliyatini samarali olib borish, ularni liberallashtirish hamda modernizatsiyalash mexanizmlarini o‘rganadi.
Shuningdek, “Monetar siyosat nazariyasi” fani fundamental fanlardan biri bo‘lib, boshqa iqtisodiy fanlarni chuqur o‘rganishda asos bo‘lib xizmat qiladi.
2.Pullarning kelib chiqishi, mohiyati va amal qilish shakllarining tarixiy rivojlanishi.
Pul va u bilan bog‘liq munosabatlarni tahlil qilish “Monetar siyosat nazariyasi” fanining eng muhim sohasini tashkil etadi. Pulning harakati bozor iqtisodiyotining moliyaviy asoslaridan biri bo‘lib, uning barqarorligi pul tizimi daromadlar va xarajatlar aylanishiga hayotiy tus bag‘ishlaydi, butun iqtisodiyotning rivojlanishini ta’minlab beradi, ishlab chiqarish quvvatlaridan to‘liq foydalanishga imkon tug‘diradi va to‘liq bandlikka erishishni ta’minlaydi. Aksincha, beqaror amal qiluvchi pul tizimi ishlab chiqarish, bandlilik va narx darajasining keskin tebranishiga asosiy sabab bo‘lib, iqtisodiy rivojlanishga to‘siq bo‘lishi mumkin.
Taxminan eramizdan oldingi XII asrda Xitoyda, VII asrda esa O‘rta er dengizi davlatlari – Lidiya va Eginada vazni, miqdori va qotishmalarining tarkibiga ko‘ra bir xildagi metall pullar paydo bo‘ldi. Ular asta- sekin ishlab chiqarish va foydalanish uchun qulay bo‘lgan doira shakliga ega bo‘ldi. Ular an’anaviy yombilardan birmuncha kichik o‘lchamlari bilan, shuningdek, ularning to‘lovga qobiliyatliligi va asosiy parametrlari (miqdori, qotishmalar tarkibi, vazni) u yoki bu darajada davlat tomonidan kafolatlanishi va muhofaza qilinishi bilan ajralib turardi. SHunday qilib, shu davrdan e’tiboran metall pullar hukmronligining uzoq davri boshlandi.
Bunday pullarda nominallar – metall pulning muayyan vaznli standartini ifodalovchi va pullarning nomlari sifatida muhim o‘rin olgan tushunchalarning paydo bo‘lishi, ushbu pullar evolyusiyasining eng muhim natijalaridan biri edi. Asrlar qa’ridan bizgacha etib kelgan tangalarning nomlari – draxmalar, franklar, markalar, talerlar va boshqa ko‘plab tangalar nomlari – metall pullarning muayyan vaznli mohiyatlarini anglatardi.
Pullarning yombilarda bo‘lmagan yangi sifatlari hisob-kitoblarni amalga oshirishda ularni shunchaki oddiy qayta hisoblashga va vaqti kelib ularni tortib ko‘rishdan voz kechishga imkoniyat yaratdi. Belgilar va yozuvlar shunday sifat belgilari bo‘lib, ular oldiniga pul birliklarining bir tomoniga, keyinchalik – ikkala tomoniga ham bosilgan. Eramizdan oldingi V asrdan boshlab esa ularning majburiy atributlari tusini olgan.
Muomalaga kirgan pullar “moneta” (“tanga”) degan nomni YUnonaning nomlaridan biri (Juno Moneta – Ogohlantiruvchi YUnona) sharafiga qabul qilingan bo‘lib, uning Rimdagi Kapitoliy tepaligidagi YUnona saroyida ushbu antik davlatning yangi zarbxonasi joylashgan bo‘lgan. Tangalarning paydo bo‘lishi tovar-pul munosabatlarining rivojlanishi bilan bog‘liq edi. Metall pulning eng muhim xususiyatlaridan biri – qiymat ana shu voqeada o‘z aksini topgan. Ular muomala uchun yombilarga qaraganda ancha qulay bo‘lib, qisqa davr ichida butun dunyoda keng ommalashib ketdi.
Pul aylanishining alohida sohalarida va turli sharoitlarida pulning ma’lum turlari qo‘llaniladi. XIX asrning oxiri va XX asrning boshlarida muomalada oltin tanga ko‘rinishidagi naqd pullardan keng foydalanildi. Rossiyada 1895-1897 yillardagi pul islohotidan keyin I-jahon urushigacha 10 rubllik va 5 rubllik oltin tangalar bo‘lgan. Bunday pullarning o‘ziga xos xususiyati shundaki, ular o‘z qiymatiga ega va inflyasiyaga uchramaydilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |