Moliyaviy tahlilni tashkil etish va axborot manbalari
Reja:
1.Moliyaviy tahlilni tashkil etish va tartibga solishning me’yoriy asoslari 2.Moliyaviy tahlilni tashkil etish shakllari 3. Moliyaviy tahlil bosqichlari 4. Moliyaviy tahlilning axborot manbalari
1.Moliyaviy tahlilni tashkil etish va tartibga solishning me’yoriy asoslari Moliyaviy tahlilning metodologik asoslari me’yoriy hujjatlar asosida ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi. Buxgalteriya hisobi va auditni yo‘lga qo‘yish va yuritishda rioya etiladigan barcha me’yorlar (Qonunlar, standartlar, Nizomlar, yo‘riqnomalar, buyruqlar, tartiblar) tahlil uchun ham ahamiyatli hisoblanadi. SHu bilan birgalikda tahlilning o‘zi uchun ham qator normalar belgilanganki, ular xo‘jalik yurituvchi subektlarning boshqaruvi zaruriyatidan kelib chiqqan holda ijro etiladi va amalga oshiriladi.
Moliyaviy tahlilni odatda rasmiy va norasmiy me’yoriy asoslariga muhim e’tibor qaratiladi. Rasmiy asoslari majburiylik tartibida, aniq me’yoriy hujjatlar asosida tashkil etiladi va yuritiladi, norasmiy asoslarini esa boshqaruvchilar, menejerlar o‘z maqsadlaridan kelib chiqqan holda mustaqil belgilaydilar va yuritadilar.
Rasmiy me’yoriy asoslarga xo‘jalik yurituvchi subektning moliya xo‘jalik faoliyatini tahlil etishning quyidagi tartiblarini kiritish mumkin:
- xo‘jalik yurituvchi subektning muhim samaradorlik ko‘rsatkichlarini baholash;
- xo‘jalik yurituvchi subektning iqtisodiy nochorligini baholash;
- xo‘jalik yurituvchi subektning kreditga layoqatliligini baholash;
Norasmiy asoslarda o‘rganiladigan masalalar ko‘lami juda keng doirada amalga oshirilib ularning qatoriga quyidagilarni kiritish mumkin:
- aktivlar, kapital va majburiyatlar tahlili;
- moliyaviy barqarorlik tahlili;
- to‘lov layoqati va likvidlik tahlili;
- ish va bozor aktivligi tahlili;
- pul oqimlarining tahlili;
- xususiy kapital tahlili;
- foyda va zararlar tahlili;
- debitorlik va kreditorlik qarzlari tahlili;
- innovatsion mahsulot va faoliyat tahlili;
- investitsion faoliyat tahlili;
- soliq to‘lovlari va majburiyatlar tahlili;
- logistik tahlil va h.k.
Xo‘jalik yurituvchi subekt faoliyatiga baho berish va tahlil etishda bir qator analitik jarayonlar amalga oshiriladi. Bu jarayonlarning asosiy manbasi sifatida buxgalteriya (moliyaviy) hisoboti ma’lumotlari olinadi. Biznesdagi holat va uning kelgusidagi rivojini prognozlash yuzasidan‚ shuningdek, statistik, makroiqtisodiy va tarmoq ko‘rsatkichlarining qiyosiy tahlili ham amalga oshiriladi. SHu bilan bir qatorda xo‘jalik yurituvchi subektlarda bu borada tahlil boshqaruvning eng muhim dastagi sifatida qaraladi.
Xo‘jalik yurituvchi subektlar faoliyatini baholashda moliyaviy tahlildan foydalanish albatta: xo‘jalik yurituvchi subektlarning moliyaviy hisobotlarini tuzish va ularga tushuntirishlar berishda; moliyaviy holatini baholashda; iqtisodiy nochorlik (bankrotlik)ka qarshi boshqaruv hisobotini tayyorlashda; biznesini restruktarizatsiya qilishda; moliyaviy sog‘lomlashtirishda; mulkiy munosabatlarni tartibga solishda qo‘l keladi.
Moliyaviy tahlildan foydalanishning yagona metodikasi shu paytga qadar yaratilmagan. SHu sababli, har bitta menejer o‘z amaliy tajribasidan, xo‘jalik yurituvchi subektining faoliyat va boshqaruv xususiyatlaridan, axborot manbalarining hajmidan kelib chiqqan holda alohida metodik ishlanmalardan foydalanadilar.
Xo‘jalik yurituvchi subektning moliya-xo‘jalik faoliyatini tahlil etishda moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga asosan 3 ta bosqichi tarkiblanadi: tahlilning maqsadini va uni realizatsiya qilish tartibini belgilash; tahlilda foydalaniladigan axborotlar sifatini baholash, ishonchli axborotlar bazasini shakllantirish; tahlil usullari (metodlari)ni aniqlash, tahlilni o‘tkazish va olingan natijalarni umumlashtirish.
Tahlil etishning metodologik asoslari ko‘pincha huquqiy manbalarga tayangan holda tuzib chiqiladi. Xo‘jalik yurituvchi subektlar faoliyatini moliyaviy tahlil etishning amaldagi normalariga quyidagilarni kiritish mumkin:
Buxgalteriya hisobining milliy standartlari (BHMS);
“Korxonalarning moliyaviy iqtisodiy ahvoli monitoringi va tahlilini o‘tkazish mezonlarini aniqlash tartibi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi qoshidagi Iqtisodiy nochor korxonalar ishlari Qo‘mitasi qarori;
“Davlat ulushi bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlari va boshqa xo‘jalik yurituvchi subektlar faoliyati samaradorligini baholash mezonlarini joriy etish to‘g‘risida” Vazirlar Mahkamasi qarori;