Aktivlarni boshqarish funksiyasi mohiyati korxona moliyaviy-xoʻjalik faoliyati boʻyicha belgilab qoʻyilgan koʻrsatkichlardan kelib chiqqan holda turli xil aktivlarga real talabni belgilash bilan ifodalanadi. Bunda yuqori darajada samarali foydalanish nuqtai nazaridan aktivlar tarkibini optimallashtirish, likvidlilikni ta’minlash, samarali amortizatsiya siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish, aktivlarni moliyalashtirishning korxona uchun qulay boʻlgan shakllari va manbalarini tanlash kabilarga jiddiy e’tibor qaratish talab etiladi
Kapitalni boshqarish rivojlanish strategiyasiga mos ravishda korxonaning strategik va joriy faoliyat turlarini moliyaviy resurslar bilan ta’minlashga yoʻnaltirilgan. U kapitalga umumiy talabni aniqlash, korxona uchun eng ma’qul kapital manbalarini va moliyalashtirish shakllarini qidirib topish, kapital bahosini minimallashtirish va ulardan yuqori darajada samarali foydalanish, qayta moliyalashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida ular oʻrtasidagi optimal nisbatni ta’minlash kabilarni oʻz ichiga oladi.
Investitsiyalarni boshqarish korxonaning strategik va joriy maqsadlarini amalga oshirishga yoʻnaltirilgan investitsion siyosatni shakllantirishdan iborat. Mazkur funksiya doirasida alohida loyihalarning va moliyaviy instrumentlarning investitsion jozibadorligini baholash, kapital qoʻyilmalar byudjetini ishlab chiqish, qimmatli qogʻozlar portfelini shakllantirish va boshqarish hamda boshqa shu kabilar amalga oshiriladi.
Pul oqimlarini boshqarish korxonaning joriy, kundalik faoliyatida shak-shubhasiz muhim rol oʻynaydi. Bu funksiyaning samarali amalga oshiriligi koʻp jihatdan korxonaning toʻlovga layoqatliligi, likvidliligi va moliyaviy barqarorligiga xizmat qiladi. Funksiyaning mohiyati korxona pul mablagʻlari oqimining kirimi va chiqib ketishini toʻgʻri shakllantir, miqdor, vaqt va alohida operatsiyalar boʻyicha pul oqimlarini sinxronlashtirish, vaqtinchalik boʻsh pul mablagʻlaridan toʻgʻri foydalanish kabilarni oʻz ichiga oladi.
Bozor iqtisodiyotida risk korxona moliyaviy-xoʻjalik faoliyatining ajralmas omili hisoblanadi. Moliyaviy risklarni boshqarish funksiyasini amalga oshirish jarayonida ularning asosiy turlari aniqlanadi, bunday risklar darajasi va ular bilan bogʻliq yuzaga kelishi mumkin boʻlgan yoʻqotishlar darajasini baholash oʻtkaziladi. Olingan axborotlar va tahlil natijalari asosida risklarni kompleks boshqarish, risklarning alohida turlari profilaktikasi va ularni minimallashtirish, shuningdek diversifikatsiyalash, sugʻurtalash va xedjerlash boʻyicha chora-tadbirlar tizimi shakllantiriladi.
http://fayllar.org
Do'stlaringiz bilan baham: |