Qarz va kredit sifatida kiritilgan investitsiyalarni baholash. Qarz va kredit sifatida kiritilgan investitsiyalarni baholash ularning berish sanasidagi hisob qiymati bo‘yicha amalga oshiriladi. Hisob qiymati investitsiyaga kiritilgan aktivning turiga bog‘liq bo‘ladi.
Jumladan, qisqa va uzoq muddatga investitsiyaga kiritilgan asosiy vositalar va nomoddiy aktivlar balansda ularning boshlang‘ich qiymati bo‘yicha baholanadi. Bu aktivlarni boshlang‘ich qiymatdan yuqori baholanib investitsiyaga kiritilishi korxonaga qo‘shimcha daromad keltirishi mumkin va aksincha, past qilib kiritilishi korxonaga zarar keltirishi mumkin. Lekinda har ikkala holda ham investitsiyaning balans qiymati ushbu aktivlar bo‘yicha boshlang‘ich qiymatga teng bo‘lishi zarur. Investitsiya muddati tugagach bu turdagi aktivlar boshlang‘ich qiymatida mos schyotlar tarkibiga tiklanadi.
Qarz va kredit sifatida investitsiyaga kiritilgan tovar-moddiy zahiralar ularning balans qiymatida, ya’ni tannarxi bo‘yicha balansda aks etishi lozim. Ushbu qiymatdan chetlanish ( past yoki yuqori) korxonaga , xuddi uzoq muddatli aktivlar singari, mos ravishda zarar yeki qo‘shimcha daromad keltiradi. Moddiy zahiralarni qaytarilishi ham mos schetlarga balans qiymatida, ya’ni tannarxi bo‘yicha tiklanadi.
Pul mablag‘larini qarz va kredit sifatida investitsiyaga kiritilishi ularning berilgan summadagi miqdorida baholanadi va o‘sha miqdorda qaytarilgach mos schetlarga tiklanadi.
Qarz va kredit shartnomasiga muvofiq qarz va kredit sifatida kiritilgan investitsiyalar qayta baholanishi ham mumkin. Qayta baholash investitsiyaga kiritilgan asosiy vositalar va moddiy aktivlarning boshlang‘ich qiymatlari hukumat qarorlari yoki korxonaning mulkini boshqa mulk shakliga aylanishi munosabati bilan mutassadi tashkilot qarori bilan o‘zgartirilganda amalga oshiriladi. Bunday holda investor investitsiyaga kiritgan uzoq muddatli aktivlarining balans qiymatini o‘zgartiradi va o‘sha qiymatda keyingi sanalarda ularni balansda aks ettiradi. Qayta baholash tovar-moddiy zahiralarga ham taalluqli bo‘lib, ularning balans qiymatini o‘zgarishi investitsiya qiymatini ham o‘zgarishiga olib keladi. Qarz va kredit sifatida investitsiyaga kiritilgan aktivlarning qayta baholanishi shartnoma shartlariga muvofiq investorning oladigan daromadiga ta’sir qilishi ham, ta’sir qilmasligi ham mumkin.
Aktivlarni qarz va kredit sifatida investitsiyaga kirituvchi korxonalar o‘zlarining hisob siyosatlarida baholash va qayta baholash tartiblarini , ularni korxona daromad va harajatlariga ta’sirini , shuningdek qayta baholash natijalarini schetlarda aks ettirish usullarini ochib berishlari lozim.