Javoblar
Yaqinda Prezidentimiz tomonidan yangi tahrirdagi Soliq kodeksi imzolanib, matbuotda e’lon qilindi. Joriy yil 1 yanvardan kuchga kirgan yangi tahrirdagi Soliq kodeksida ko‘plab o‘zgarish va yangiliklar ko‘zda tutilgani barcha soliq to‘lovchilarni — hammaning qiziqishini oshirdi. Shunday yangiliklardan biri — yangi tahrirdagi Soliq kodeksi bilan bir qator maxsus soliq rejimlari bekor qilingani bo‘ldi. Ya’ni, kodeksga tadbirkorlik sub’yektlari uchun yagona ijtimoiy to‘lov o‘rniga ijtimoiy soliq, yagona soliq to‘lovi o‘rniga – aylanmadan soliq, qat’iy belgilangan soliq o‘rniga — jismoniy shaxslarning daromadlariga, ularga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ilgari berilgan imtiyoz va soliqni hisoblash xususiyatlarini saqlab qolgan holda, qat’iy belgilangan miqdorda soliq joriy etildi. Shu bilan birga, tadbirkorlar uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida pulli yoki bepul asosda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yoki u vakolat bergan organ (komissiyalar) ishtirokisiz soliqlarni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini taqdim etishning yangi shaffof mexanizmi joriy qilindi. Yangi tahrirdagi Soliq kodeksiga asosan, qo‘shilgan qiymat solig‘i, aksiz solig‘i, foyda solig‘i, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliqlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va aylanmadan olinadigan soliqlar bo‘yicha — Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda mahalliy davlat hokimiyati organlari soliqlarni to‘lash muddatlarini o‘zgartirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash to‘g‘risida qarorlar qabul qilish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilandi. Bunday soliqlarga nisbatan to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati ikki yilgacha muddatga berilishi mumkin. Bundan tashqari, soliqlarni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati tadbirkorlik sub’yektlariga tabiiy ofat, texnologik falokat yoki boshqa bartaraf etib bo‘lmaydigan holatlar natijasida zarar yetkazilganda hamda byudjetdan (davlat maqsadli jamg‘armalaridan) moliyalashtirish kechiktirilgani yoki davlat ehtiyojlari yoki mahalliy davlat hokimiyati organlarining ehtiyojlari uchun bajarilgan ishlar va (yoki) ko‘rsatilgan xizmatlar haqini to‘lashga kechiktirilgan bo‘lsa, qarz summasiga foizlar hisoblanmaydi. Agar tadbirkorlik sub’yektlari soliqni biryo‘la to‘lashi oqibatida uning nochorligi (bankrotligi) alomatlari paydo bo‘lishi xavfi yuzaga kelgan, mulkiy holati soliqni biryo‘la to‘lash imkoniyatini istisno etishi, tovarlar yoki xizmatlarni ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish mavsumiy xususiyatga ega ekani hamda O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlar olib o‘tilishi munosabati bilan bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan to‘lanishi lozim bo‘lgan soliqlarni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berish asoslariga ko‘ra berilgan bo‘lsa, ularga Markaziy bankning amaldagi qayta moliyalashtirish stavkasiga teng stavkadan kelib chiqqan holda, qarz summasiga foizlar hisoblanadi. Avvalgi soliq kodeksida insofli soliq to‘lovchilarga soliq ta’tillari, shuningdek soliq qarzini to‘lashni kechiktirish va (yoki) bo‘lib-bo‘lib to‘lash Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda Hukumat yoki u vakolat bergan organ tomonidan berilgan edi. Bu esa, o‘z navbatida, soliqlarni to‘lashni kechiktirish huquqini olish uchun soliq to‘lovchilarga ovoragarchilik va noqulayliklar keltirib, ortiqcha qog‘ozbozlik talab qilar edi. Shu sababli, keyingi uch yil ichida soliqlarni kechiktirish huquqidan hech qaysi tadbirkorlik sub’yekti foydalanmagan. Umuman olganda, yangi tahrirdagi Soliq kodeksida soliq to‘lovchilar uchun ijobiy bo‘lgan yangiliklar ko‘p. Uning ijrosining ta’minlanishi iqtisodiyotimizning barqaror rivojlanishiga, aholi real daromadlarini oshirishga, soliq ma’muriyatchiligini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.
Moliya — markazlashgan va markazlashmagan maqsadli pul fondlarini hosil qilish, jamlash, taqsimlash va qayta taqsimlash yoki ishlatish yuzasidan paydo boʻladigan iqtisodiy munosabatlarga aytiladi. M. iqtisodiyotning pul sektorida yuzaga keladi va daromadlar asosida yuz beradi. Pul sektori pul va pulga tenglashtirilgan aktivlarning harakati boʻlib, buning natijasida pul fondlari vujudga keladi. Maqsadli pul fondlari — bu M. resurslari yoki M. obʼyektidir. M. subʼyekti shu fondlarni yaratish, taqsimlash va ishlatishda ishtirok etuvchilar, yaʼni korxonalar (firmalar), turli xoʻjaliklar, xonadonlar, nodavlat jamoat tashkilotlari va davlat idoralaridan iborat. M. daromad hosil qilish va uni sarflashni anglatadi. Daromadlar ilk bor, yaʼni birlamchi taqsimlanganda korxona, davlat va xonadon M.si yuzaga keladi. Bu oʻrinda birlamchi daromadlar hosil boʻladi, korxona M. fondlarini tashkil etadi, ishlovchilar ish haqi oladi va bu xonadon daromadini hosil etadi, korxonalar byudjetga soliq toʻlaydilar va bu davlat daromadini yuzaga keltiradi. Daromadlar ikkilamchi taqsimlanganda byudjetdan trans-fertlar (toʻlovlar) va turli maxsus fondlar ajratiladi. Daromadlar kayta taqsimlanganda turli nodavlat va jamoat tashkilotlari korxonalardan, aholidan va byudjetdan pul olib, oʻzining maxsus fondlarini hosil etadi. M. pul munosabatlari sifatida iqtisodiyotda muhim vazifalarini bajaradi: 1. Taqsimlash vazifasi — jamiyat daromadi boʻlgan yalpi ichki mahsulot (YAIM) pul, qiymat shaklida iqtisodiyot subʼyektlari oʻrtasida boʻlinadi, ulardan har biri oʻz hissasini oladi, oʻz daromadiga ega boʻladi. 2. Rivojlantirish vazifasi — M. fondlaridan pul berish orqali iqtisodiyot subʼyektlarining faolligi yuzaga keltiriladi. Ragʻbatlantirish M. vositalarini qoʻllash orqali, chu-nonchi mukofotlash, subsidiya, subvensiya ajratish, jarima solish, sanatsiya va soliqlarni qoʻllash vositasida amalga oshiriladi. Bozor sharoitida asosiy ragʻbatlantirish vositasi soliq hisoblanadi. Soliqdan imtiyozlar berish soliq toʻlovchilarni qoʻliga tekkan daromadini oshiradi. Maqsadli imtiyozlar ularni yaxshi ishlashga undaydi. 3. Ijtimoi y himoya vazifasi — nochor aholi qatlamlari davlatdan, korxona va har xil nodavlat tashkilotlaridan va puldor fuqarolardan moliyaviy yordam oladi. Mazkur vazifani davlat byudjetining ijtimoiy himoya uchun ajratilgan mablagʻlari bajaradi. 4. Axborot berish vazifasi — mamlakat va ayrim subʼyektlarning moliyaviy ahvoli haqida axborot. Moliyaviy ahvolni tavsiflovchi axborot (koʻrsatkichlar) iqtisodiyotga tashhis qoʻyishga xizmat qiladi. 5. Nazorat vazifasi — moliyalashtirish yoʻsinida ajratilgan pulni naqadar maqsadli ishlatilishini pul beruvchilar nazorat qiladilar. Shu pulni oʻrinli yoki oʻrinsiz ishlatilishiga qarab moliyalashtirish koʻpaytiriladi, qisqartiriladi yoki umuman toʻxtatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |