Materiallarning kirimini buxgalteriyada hisobga olish
Korxona buxgalteriyasida moddiy boyliklarning kirim-chiqimlari xususidagi barcha birlamchi hujjatlar: manzil belgilari, imzolar, summalar va amalga oshirilgan tadbirlarning qonunga to’g’ri kelish-kelmasligi tekshiriladi.
Kirim orderlaridagi yozuvlar tegishli to’lov hujjatlari, schyot-fakturalar, yukxatlar va boshqa hujjatlar bilan solishtiriladi. Noto’g’ri rasmiylashtirilgan hujjatlar qayta ko’rib chiqish uchun qaytariladi.
Buxgalteriyada tekshirishdan o’tkazilgan hujjatlar taksirovka qilinadi, ya’ni material miqdori uning narxiga ko’paytirilib, hujjat bo’yicha umumiy summa aniqlanadi. Keyin barcha kirim- chiqim hujjatlari omborlar, jamlama hisobvaraqlar bo’yicha guruhlarga ajratiladi, bu guruhlar esa hisob narxi bo’yicha kichik guruhlarga bo’linadi. Bu hujjatlarning yakunlari M-43 shaklidagi materiallarning jamlama hisobi jamg’aruv qaydnomasiga yozib qo’yiladi.
Buxgalteriya hisobida materiallarning hisobini yuritishda quyidagi hisobvaraqlardan foydalanish mumkin:
1010 - «Xom-ashyo va materiallar»;
1020 - «Sotib olinadigan yarim tayyor mahsulotlar va butlovchi qismlar»; 1030 - «Yoqilg’i»;
1040 - «Ehtiyot qismlar»;
1050 - «Qurilish mollari»;
1060 - «Idish va idish materiallari»;
1070 - «Boshqa tomonga qayta ishlash uchun berilgan materiallar»; 1080 - «Inventar va xo’jalik anjomlari»;
1090 - «Boshqa materiallar».
Ushbu hisobvaraqlarning debetida ishlab chiqarish zahiralarining ko’payishi, kreditida esa ularning ishlab chiqarish va boshqa maqsadlar uchun sarflanishi aks ettiriladi. Yuqorida sanab o’tilgan hisobvaraqlar aktiv hisoblanib, ularning debetidagi qoldiq hisobot davri boshidagi materiallar qoldig’ini aks ettiradi.
Mol etkazib beruvchilar schyotlari va ombor kirim orderlari asosida omborga materiallarning qabul qilinishiga quyidagicha buxgalteriya provodkasi beriladi:
D-t 1010-«Xom-ashyo va materiallar»
K-t 6010-«Mol etkazib beruvchilar va pudratchilarga to’lanadigan schyotlar».
Qabul qilish vaqtida materiallarning kamomadi yoki etishmasligi aniqlansa, u holda materialning sotib olinish bahosiga quyidagicha provodka beriladi:
D-t 4860-«Da’volar bo’yicha olinadigan schyotlar»
K-t 6010-«Mol etkazib beruvchilar va pudratchilarga to’lanadigan schyotlar».
Agarda korxonaga keltirilgan materiallar mol etkazib beruvchilar hujjatlarida ko’rsatilganidan ortiq bo’lsa, u holda ko’p chiqqan material qiymatiga tegishli material schyotlari debetlanib, 6010-«Mol etkazib beruvchilar va pudratchilarga to’lanadigan schyotlar» hisobvarag’i kreditlanadi.
Sotib olingan materiallar bo’yicha mol etkazib beruvchilar schyotining to’lanishiga quyidagicha provodka beriladi:
D-t 6010-«Mol etkazib beruvchilar va pudratchilarga to’lanadigan schyotlar». K-t 5110-«Hisob-kitob schyoti».
Korxonaning o’zida tayyorlangan va omborga qabul qilingan materiallarning haqiqiy tannarxiga quyidagicha buxgalteriya provodkasi beriladi:
D-t 1010-«Xom-ashyo va materiallar» K-t 2310-«Yordamchi ishlab chiqarish».
Do'stlaringiz bilan baham: |