Moliyaviy hisobning mohiyati va asosiy vazifalari
Moliyaviy hisob yordamida mavjud moddiy qiymatliklar, pul mablag’larining harakati kuzatiladi va nazorat qilinadi, mahsulot ishlab chiqarish va uni sotish bilan bog’liq xarajatlar aniqlanadi, xo’jalik faoliyatining moliyaviy natijalari va korxonaning umumiy mulki haqidagi ma’lumotlar topiladi.
Moliyaviy hisob har qanday tizimda ham quyidagi uchta funktsiyani bajaradi: 1) axborot berish; 2) nazorat qilish; 3) boshqaruv echimlarini ishlab chiqish. Bu funktsiyalarni bajarishda moliyaviy hisob har xil usullardan foydalanishi mumkin. Shuningdek, moliya hisobi har xil ijtimoiy tizimlarda muayyan tizimning maqsadiga qarab har xil vazifalarni bajarishi mumkin.
Moliyaviy hisobning asosiy vazifalarini tushunib olish uchun uning ob’ektlarini bilib olish lozim bo’ladi. Ushbu ob’ektlar quyidagi 4 ta guruhdan tashkil topgan:
Korxona mablag’ (resurs)lari: mehnat vositalari, tovar-moddiy boyliklar, pul mablag’lari, tayyor mahsulot, ustav fondi (kapitali), boshqa har xil fondlar, kelgusidagi xarajatlar va to’lovlar rezervi, korxonalar foydasi hisobidan tashkil qilingan har xil zaxira va hakozolar. Bu mablag’lar korxonaning ishlab chiqarish jarayoni uchun tegishli sharoit yaratib beradi.
Korxonalarda sodir bo’layotgan muhim jarayonlar: tovar –moddiy boyliklarni tayyorlash, mahsulot ishlab chiqarish, tayyor mahsulot, bajarilgan ish va xizmatlar realizatsiyasi, kapital qurilish va boshqa jarayonlar.
Hisoblashish muomalalari: byudjet, mol etkazib beruvchi va pudratchilar, xaridorlar, ishchi va xizmatchilar, davlat banki va boshqa banklar hamda boshqa tashkilot va shaxslar bilan hisoblashishlar.
Korxona xo’jalik faoliyatining moliyaviy natijalari: jamoaning daromadi, foyda va zararlari.
Ushbu ob’ektlarni o’rganish va nazorat qilish jarayonida uning vazifalari yuzaga keladi.
Hozirgi davr talabidan kelib chiqqan holda moliyaviy hisob oldiga qo’yilgan talablar asosan quyidagilardan iborat:
qat’iy bir xillik (unifikatsiyalanganlik);
ishlab chiqarish topshiriqlarining bajarilishini aks ettiradigan ko’rsatkichlarga asoslanishi;
soliq solish bazasini va byudjetga boshqa ajratmalarni to’g’ri hisoblash.
Jamiyatda moliyaviy hisob ma’lumotlaridan juda keng miqyosda foydalaniladi. Ushbu foydalanuvchilar o’z navbatida uchta guruhga bo’linadi:
korxona boshqaruvchilari;
moliyaviy manfaatdor shaxslar;
moliyaviy manfaatdor bo’lmagan shaxslar.
Demak, 1-guruh ichki foydalanuvchiga va 2, 3-guruhlar tashqi foydalanuvchiga bo’linadi. Tashqi foydalanuvchilarni asosan quyidagi ko’rsatkichlar qiziqtiradi:
Korxona aktivlari va passivlarining tuzilishi;
Korxonaning likvidligi;
O’zining va jalb qilingan kapitalning hissasi;
Aktivlarning aylanish tezligi;
Barcha aktivlar va realizatsiya qilingan mahsulotning rentabelligi;
Korxona ixtiyorida qoladigan sof foyda;
To’langan dividendlarning hissasi (agar aktsionerlik kompaniyasi bo’lsa).
Chunki axborotdan foydalanuvchilar o’z manfaatini ko’zlagan holda u yoki bu axborot manbalaridan foydalanadilar. Masalan, soliq organlari soliqqa tortish uchun moliyaviy hisobot, deklaratsiya va tekshiruv ma’lumotlaridan foydalanadilar, xaridor mahsulot narxining asoslanish darajasini moliyaviy hisobotdan oladilar va hokazo.
Bozor iqtisodiyotiga o’tish munosabatlari tizimidagi o’zgarishlar, shuningdek fuqarolik- huquqiy doirasining kengayishi buxgalteriya hisobida adekvat (bir xillik) transformatsiyalash tamoyillarning zaruriyatini yuzaga chiqarmoqda.
Moliyaviy hisob kontseptsiyalari va uning asosida ishlab chiqarilayotgan qonun-qoidalar asosida xo’jalik sub’ektlarida moliyaviy hisobning yuritilishini bozor infrastrukturasiga mos elementlarini yaratish zarurligi sezilmoqda.
Bu borada O’zbekistonda hisob tizimini bozor iqtisodiyotiga mos tarzda tashkil etish vazifalari oldimizga qo’yiladi. Bu vazifalar quyidagilardan iborat:
buxgalteriya hisobi bo’yicha amal qilinayotgan normativ aktlarni ishlab chiqarish va qayta ko’rib chiqish;
hisobning turli normativ aktlarida bir xillikni ta’minlash. Ularni bir-birini inkor etishiga va jarayonlarni to’la qamrab olganligiga ahamiyat berish;
buxgalterlik axborotini iste’mol qiluvchilarga to’liq, sifatli va davriy etkazib berish va uni o’qish yuzasidan yagona tilga o’tkazish.
Kontseptsiya - turli xil tarmoqqa tegishli xo’jaliklar, turli faoliyat ko’rinishlari, tashkiliy- huquqiy shakllarda buxgalteriya hisobini olib boruvchi va tashkil etuvchi asoslarni xarakterlaydi.
Kontseptsiyalar birgalikda ham, alohida-alohida holatda ham buxgalteriya hisobining maqsadlariga qarshi bo’lmasligi lozim.
Moliya hisobi va moliya hisoboti kontseptsiyasi moliya hisobi va hisobotning xalqaro standartlariga muvofiq, muayyan qoidalar va standartlar rioya qilingan holda tashkil etiladi.
Moliya hisobi quyidagi vazifalarni hal etishga qaratilgan:
mavjud va potentsial sarmoyadorlar va kreditorlarning tushunishi uchun qulay va xolis axborotni taqdim etish;
mavjud va potentsial sarmoyadorlar va kreditorlarga kutilajak daromadlar bilan bog’liq summalar, vaqt va tavakkalchiliklar haqida fikr yuritishga yordam beradigan axborotni taqdim etish;
korxonaning xo’jalik resurslari, uning majburiyatlari, mulk tarkibi va uning hosil bo’lish manbalari, shuningdek, ularning o’zgarishlari haqidagi axborotni taqdim etish.
Moliya hisobi va moliyaviy hisobotni tuzish pul ifodasida amalga oshiriladi.
Tizimli moliya hisobida to’plangan va ishlangan axborotdan korxona tashqarisidagi foydalanuvchilariga taqdim etishning asosiy uslubi bo’lib umumiy belgilangan tashqi hisoboti hisoblanadi.
Moliyaviy axborot quyidagi talablarni qondirishi kerak: tizimli (buxgalterlik) hisobida shakllanishi, aniq-puxta, xolis ahamiyatli bo’lishi kerak, bu, undan qabul qilinayotgan qaror natijasida ta’sir qilish uchun foydalanishga imkon beradi. Istiqbol jihatdan qadrli, aks aloqaga asoslanishi o’z vaqtida bo’lish, boshqarishga oid yoki boshqa qarorlarni qabul qiladigan yoki tayyorlaydigan shaxslarga tushunarli bo’lishi kerak. Sintetik va tahliliy raqamlarning olib borilishini nazarda tutadigan buxgalterlik axboroti hosil bo’lishi to’g’riligini tekshirish va tasdiqlash imkonini beradi.
Moliya hisobotlarida keltiriladigan buxgalterlik axboroti quyidagi talablarni qondirishi kerak: keltirilayotgan ma’lumotlarini taqqoslay olishlik: doimiy bo’lishi, ya’ni tanlangan davrda qabul qilingan metodologiya va hisob protseduralaridan foydalanishi kerak: ahamiyatli, ya’ni undan foydalanish muayyan darajada moliya hisobotida keltiriladigan faoliyat ko’rsatkichlari va natijalariga ta’sir qilish mumkin.
Moliya hisobotida keltiriladigan hisob axboroti konservativ bo’lishi kerak, ya’ni aktivlar, mulkni baholashda, odatda, joiz va hollardan eng pasti tanlanadi, bu agarda aktivlar yoki mulkning bozor narxi tannarxdan yuqori bo’lsa, ya’ni hisobotda boyliklar, eng past bahoda, ya’ni tannarx bo’yicha ko’rsatiladi. Aksincha, ya’ni agarda aktivlar yoki mulkning bozor narxi tannarxdan past bo’lsa, unda bu boyliklar bozor narxlarida aks ettiriladi. Ushbu xususiyat aktivlar va mulkni baholashda ehtiyotkorlikni ta’minlanganidek, foyda miqdorini aniqlashda ham muhim o’rin tutadi. Moliya hisobotlarida keltiriladigan buxgalterlik axboroti to’la va axborot foydalanuvchilari uchun zaruriy manbalarni eng ko’pini o’z ichiga olgan bo’lishi kerak.
Axborotlarga qiziqish quyidagi mazmunda berilishi talab etiladi:
investorlar va ularning vakillari ular tomonidan qo’yilgan investitsiyalardan kutilayotgan daromadlar va xatarlar haqidagi axborotlar haqida;
investitsiyalar bo’yicha imkoniyatlar va ularni idora etilishi haqida;
tashkilotlarning dividend to’lay olish qobiliyati haqida kabilar.
Moliya hisobini tashkil etishdagi kontseptsiyalarni ro’yobga chiqarishda quyidagi talablar hisobga olinadi:
tashkilotning majburiyatlari va mol-mulklari shu tashkilotdagi mulk egalarining majburiyatlari va mol-mulkidan alohida hisobga olinadi;
tashkilot o’zining faoliyatini kuzatilgan kelajakda ham davom ettiradi, bu tashkilotning faoliyatini to’xtatish yoki likvidatsiya qilish kabi niyatlari mavjud bo’lmaydi, shu bilan birga o’rnatilgan qonun-qoidalar bo’yicha majburiyatlar to’lanib boriladi;
tashkilot tomonidan tanlab olingan hisob siyosati joriy yilning keyingisiga nisbatan, bir tashkilot chegarasida, shuningdek o’zaro bog’liq tashkilotlar miqyosida qo’llaniladi.
Moliya hisobotini tashkil etish va moliya hisobotini tuzish kontseptsiyasining asosiy printsiplaridan yana biri har bir xo’jalik operatsiyasini, xo’jalik faktini iqtisodiy mazmun va ikki xillik xususiyatdan kelib chiqib, moliya hisobining bir xil summada aks ettirishga imkon beradigan qo’sh yozuv uslubini qo’llash hisoblanadi.
Sintetik va tahliliy raqamlar yordamida tashkil etilajak tizimni buxgalterlik hisobi moliya hisobotida umumlashtirilgan korxona mulki va uning shakllanish manbalari haqidagi aniq puxta axborotni olishga imkon beradi.
Moliya hisobi va hisoboti asosida o’tkaziladigan korxonaning moliyaviy ahvolini tahlil qilish imkoniyatining mavjudligi ham asosiy qoida hisoblanadi. Korxonaning moliyaviy ahvolini tahlil qilish, balans aktivlari likvidliligini aniqlash, ishlab chiqarish zahiralari va boshqa moddiy boyliklarning naqdligini aniqlash, shuningdek qator koeffitsientlarni hisoblashni nazarda tutadi.
Moliyaviy hisobotdan nafaqat korxona ichida foydalanish, balki u asosan tashqi foydalanuvchilarga yo’naltirilganligi sababli, xalqaro qoida va standartlarga muvofiq o’tkazilishi lozim bo’lgan auditorlik tekshiruvi zarurligini ham xarakterlaydi.
Auditor xulosasi mustaqil auditorlik firmasi tomonidan moliya hisobotiga izohlarni aks ettirgan holda tuziladi. Shuningdek, moliya hisobi va hisoboti tizimini tashkil etish paytida inflyatsiyani hisobga olish muhim masala hisoblanadi.
Moliya hisobining qabul qilingan printsiplari mamlakatlarning ko’pchiligida boshlang’ich narxlarga asoslangan ko’rsatkichlarni o’z ichiga olgan moliya hisobotlari (moliya vedomostlari)ga yo’naltirilgan.
Bunday yondashuv ikki sabab bilan tushuntiriladi, boshlang’ich narxlar, korxona bitim sodir etilgan soniyasida to’lovni amalga oshirgan yoki mablag’larni olgan haqiqiy narxlarni ifodalaydi: boshlang’ich narxlar, odatda, mustaqil sheriklar o’rtasida tijorat bitimining tuzilishi natijasi hisoblanadi va shuning uchun xolis va tekshirib to’laydigan moliya operatsiyalarining ko’rsatkichlaridan iborat bo’ladi.
Respublikamizda bozor munosabatlariga asoslangan buxgalteriya hisobi va hisoboti tizimiga o’tish bo’yicha islohotlar olib borilmoqda. Chunki xalqaro standartlarga mos buxgalteriya hisobi, hisoboti va ularning tahlilisiz korxonalar faoliyatini tashkil etish va rivojlantirish mumkin emas.
Mustaqillik yillarida respublikamizda buxgalteriya hisobi va hisobotini xalqaro standartlar darajasiga chiqarish borasida talaygina ishlar qilib kelinmoqda. Moliyaviy hisobotlar tizimidagi o’zgarishlar hisob tizimida qo’llanila boshlanishi bo’ldi. Bulardan tashqari buxgalteriya hisobi va audit bo’yicha Milliy Standartlarning ishlab chiqilishi va qabul qilinishi natijasida respublikamizning buxgalteriya hisobi va audit tizimida qator yangilanishlar sodir bo’ldi. 1996 yil 30-avgustda qabul qilingan «Buxgalteriya hisobi to’g’risida»gi qonunga muvofiq O’zbekiston Respublikasi xalqaro andozalari asosida buxgalteriya hisobining milliy standartlarini ishlab chiqdi. Hozirgi vaqtda bizda buxgalteriya hisobi milliy standartlarining (BHMS) 17 ta standarti O’zbekiston Respublikasi Moliya Vazirligi tomonidan tasdiqlangan va O’zbekiston Respublikasi Adliya Vazirligida ro’yxatdan o’tgan.
№ 1 (BHMS) Hisob siyosati va moliyaviy hisobot. Bu standartda har bir xo’jalik yurituvchi sub’ekt o’ziga xo’jalik yuritish xususiyatlarini hisobga olgan holda qo’shimcha schyotlardan foydalanish va hisob siyosatini o’zi belgilab olishi aytib o’tilgan.
№ 2 (BHMS) Asosiy xo’jalik faoliyatidan olingan daromadlar. Bu standartga xo’jalikka kelib tushadigan daromadlarning aniqlanishi va daromad turlari berilgan.
№ 3 (BHMS) Moliyaviy natijalar to’g’risida hisobot. Bu standartda xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning oladigan moliyaviy natijasi haqida tushunchalar berilgan.
№ 4 (BHMS) Tovar-moddiy zahiralar. Bu standartda xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning moddiy zahiralari haqida ko’rsatmalar berilgan.
№ 5 (BHMS) Asosiy vositalar. Bu standartda xo’jalik yurituvchi sub’ektlarining asosiy vositalari eskirishini hisobga olish, ularning dastlabki qiymati, qayta tiklash qiymati, qoldiq qiymati bo’yicha hisoblash yo’llari ko’rsatilgan.
№ 6 (BHMS) Lizing hisobi. Bu standartda xo’jalik yurituvchi sub’ktlarning lizing operatsiyalari bo’yicha tushunchalar ular bilan operatsiyalarni hisobga olish tartiblari berilgan.
№ 7 (BHMS) Nomoddiy aktivlar. Bu standartda xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning nomoddiy aktivlari haqida tushunchalar, nomoddiy aktivlarni hisobga olish tartiblari berilgan.
№ 8 (BHMS) Konsolidallashgan moliyaviy hisobotlar va sho’’ba xo’jalik jamiyatlariga qo’yilgan investitsiyalar hisobi. Bu standartda xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning sho’’ba korxonalarida hisob yuritish tartibi ularning moliya hisobotini tuzish imkoniyatlari ko’rsatilgan.
№ 9 (BHMS) Pul oqimi to’g’risida hisobot. Bu standartda xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning pul mablag’lari bo’yicha, valyuta mablag’lari bo’yicha va boshqa pul oqimlari bo’yicha operatsiyalarini hisobga olish tartiblari ko’rsatilgan.
№ 10 (BHMS) Davlat subsidiyalari hisobi va davlat yordamini izohlash. Bu standartda xo’jalik yurituvchi sub’ektlarga davlat subsidiyasi berilganda va davlat tomonidan berilgan yordamni hisobga olish ishlarini yuritish tartiblari ko’rsatilgan.
№ 11 (BHMS) Ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlariga qilingan xarajatlar. Bu standartda xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik qayta ishlash xarajatlarini hisobga olish tartiblari berilgan.
№ 12 (BHMS) Moliyaviy investitsiyalar hisobi. Bu standartda xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning uzoq muddatli va qisqa muddatli moliyaviy investitsiyalar bo’yicha yuritiladigan operatsiyalari haqida tushuncha berilgan.
№ 16 (BHMS) Buxgalteriya balansi tuzilgan sanadan keyingi kutilmagan hodisa va xo’jalik faoliyatida sodir bo’ladigan voqealar. Bu standartda xo’jalik yurituvchi sub’ektlarda kutilmagan sharoitlarni hisobga olish va buxgalteriya balansini tuzgandan keyin xo’jalikda bo’ladigan voqealarni hisobga olish tartiblari ko’rsatilgan.
№ 17 (BHMS) Kapital qurilish bo’yicha pudrat shartnomalari. Bu standartda xo’jalik yurituvchi sub’ektlarda kapital qurilishida pudrat shartnomasi asosida hisob yuritish tartiblari ko’rsatilgan.
№ 19 (BHMS) Inventarizatsiyani tashkil etish va o’tkazish. Bu standartda xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning inventarizatsiya tashkil etish va o’tkazish tartiblari bo’yicha tushunchalar berilgan.
№ 20 (BHMS) Kichik tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan soddalashtirilgan hisob yuritish va hisobot tuzish tartibi to’g’risida. Bu standartda xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning kichik tadbirkorlik sub’ektlarining hisobotini tuzish tartiblari ko’rsatilgan.
№ 21 (BHMS) Xo’jalik yurituvchi sub’ektlar moliyaviy-xo’jalik faoliyatining buxgalteriya hisobi hisobvaraqlar rejasi va uni qo’llash bo’yicha yo’riqnoma. Bu standartda xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning yangi schyotlar rejasini qo’llanilishi bo’yicha ko’rsatmalar berilgan. 2002 yil 1-yanvardan boshlab Respublikamiz buxgalteriya hisobini yuritishda yangi schyotlar rejasi asosida yangi hisobot tuzish shakllarida buxgalteriya hisobining milliy standartlariga mos hisob-kitob ishlarini boshlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |