Qimmatli qog‘ozlar bozori – bozor iqtisodiyotining eng muhim tarkibiy qismlaridan biri. U moliya bozorining bir qismi bo‘lish bilan birga jamg‘armalarni to‘playdigan va keyinchalik iqtisodiyotga investitsiyalash hamda uning ishlab chiqarish quvvatini takomillashtirish uchun ularni moliya aktivlariga aylantiradigan kanal vazifasini o‘taydi. Qimmatli qog‘ozlar bozori bank krediti tizimini to‘ldiradi va u bilan o‘zaro munosabatda bo‘ladi. Tijorat banklari, odatda kreditni bir-yildan ko‘p muddatga bermaydi. Qimmatli qog‘ozlar bozori esa, ishlab chiqaruvchilarga ancha ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini amalda istalgan muddatga hamda bank kreditiga nisbatan foydaliroq shartlarda jalb qilishga imkon beradi. Bu bozor boshqa bozorlar kabi, talab va taklif duch keladigan oldi-sotdiga doir iqtisodiy munosabatlar tizimidan iborat.
Qimmatli qog‘ozlar bozori ham boshqa bozorlarga o‘xshab talab va taklifga binoan amal qiladi. Bu yerda talab asosan ikki yo‘nalishda bo‘ladi:
- investitsiyani moliyalashtirish maqsadida korxona, korporatsiya va davlat tomonidan kredit olish;
- uy-joy, ko‘chmas mulk egasi bo‘lish maqsadida aholi va xususiy sektor tomonidan qimmatli qog‘ozlarni kreditor (qarz beruvchi) sifatida sotib olish.
Qimmatli qog‘ozlar bozori tashkiliy jarayon nuqtai nazaridan:
- birlamchi bozorlarga;
- ikkilamchi bozorlarga;
shaklan esa:
-birjaviy bozorlarga:
-nobirjaviy bozorlarga bo‘linadi.
Qimmatli qog‘ozlarning birlamchi bozori deganda qimmatli qog‘ozlarni dastlabki egalari (investorlar)ga, ya’ni yuridik va jismoniy shaxslarga sotish maqsadida ularni birlamchi va takror (ikkilamchi va h. k. ) emissiya qilish va muomalaga chiqarish tushuniladi. Bu bozor qimmatli qog‘ozlarni joylashtirishni tashkil kiluvchi va ta’minlovchi bozordir. Boshqacha qilib aytganda, birlamchi bozor - bu birlamchi va takror emissiya qilingan qimmatli qog‘ozlarni dastlabki egalariga joylashtiruvchi bozordir. Bu bozorda davlat va munitsipal obligatsiyalar, shuningdek, turli aksioner jamiyatlarining aksiyalari va obligatsiyalari emissiya qilinadi.
Qimmatli qog‘ozlarning birlamchi bozorga chiqarish va joylashtirish maqsadida quyidagi amallar bajariladi:
- aksionerlik jamiyatlari o‘zining ustav kapitalini, chiqariladigan qimmatli qog‘ozlar turlarini, ularning muomalasi sharoitini aniqlab chiqadi;
- aksionerlik jamiyati chiqaradigan qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish kafilligini oluvchi investitsiya bankini izlaydi;
- investitsiya banki, yuristlar, auditorlar, aksionerlik jamiyatining qimmatli qog‘ozlarni chiqarish bo‘yicha qarorini va uning harakatini baholab chiqadi;
- aksionerlik jamiyati direksiyasi, investitsiya banki, yurist va auditorlar qimmatli qog‘oz va birja bo‘yicha komissiyaga emissiya prospektini qayd qilish arizasini tayyorlaydi;
- qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish kafilligini olgan investitsiya banki emissiya prospektini xomaki nushasini patensial investorlar orasida tarqatadi, savdo agentlari esa, buyurtmalarni yig‘adi.
Birlamchi bozorning eng muhim funksiyasi shundan iboratki, uning emitent xususida tayyorlagan axboroti investor uchun o‘sha emitentni tanlashga to‘la-to‘kis asos bo‘la olishi kerak.
Qimmatli qog‘ozlarning birlamchi bozorida quyidagi muassasalar investorlar bo‘lib hisoblandi:
- investitsiya banklari;
- tijorat banklari;
- investitsiya fondlari;
- investitsiya kompaniyalari va boshqa investitsiya institutlari;
- sug‘urta kompaniyalari, fondlar va boshqa moliya-kredit muassasalari.
Qimmatli qog‘ozlarning ikkilamchi bozori deganda, egasi bor qimmatli qog‘ozlarni talab va taklifdan kelib chiqqan holda qayta oldi-sotdisini tashkil qilib va ta’minlab beruvchi bozor tushiniladi. Uning funksiyasi qimmatli qog‘ozlarning oldi-sotdisini tezkorlik bilan ta’minlashdir. Unda sotuvchi va xaridorni uchrashtirish, bo‘sh kapitalni iqtisodiyotning eng unumli sohasiga zudlik bilan safarbar qilish, tomonlarning o‘zaro manfaatlarini ta’minlash ikkilamchi bozorning asosiy vazifasi bo‘lib hisoblanadi. Ikkilamchi bozor:
- yuqori likvidlikka ega, ya’ni qisqa muddat ichida juda katta miqdordagi qimmatli qog‘ozlarni ular kursining sezilarlisiz o‘zgarishi sharoitida kam xarajat bilan oldi-sotdiga jalb qila oladi. Respublikamizda ikkilamchi bozorga nisbatan birlamchi bozor tezroq rivojlanish tendensiyasiga ega.
Birjaviy qimmatli qog‘ozlar bozori - bu fond birjasi bo‘lib, u belgilangan tartibda qimmatli qog‘ozlarning erkin savdosini brokerlar, maklerlar, dilerlar tomonidan amalga oshirishni ta’minlab beruvchi bozordir.
Nobirjaviy qimmatli qog‘ozlar bozori - bu qimmatli qog‘ozlarning muomalada bo‘lishini ta’minlovchi muhit bo‘lib, unda fond birjalariga sotuvga qo‘yilmagan qimmatli qog‘ozlarning erkin savdosi amalga oshiriladi.
Qimmatli qog‘ozlar bozorining o‘ta murakkabligi va uning tez o‘zgaruvchanligi, ishtirokchilar sonining ko‘pligi va xilma-xilligi, katta hajmlarda shartnomalar va amallarning bajarilishi, har xil turdagi axborotlarning mavjudligi va ularning almashinib turishi va boshqa omillarning qimmatli qog‘ozlar bozoridagi turli g‘ayriqonuniy ishlarning yuz berishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bunday hol investorlarning manfaatlari va huquqlarini paymol qilishga, ularning fond bozoriga nisbatan ishonchlarini kamaytirish, pirovard natijada esa, bozorning nufuzini pasaytirishi mumkin.
Shu sababli qimmatli qog‘ozlar bozori davlat boshqaruvi vakolatli organlari tomonidan nazorat qilib turiladi va boshqariladi.
Ikkinchi yo‘l bilan bozorni boshqarishga quyidagilar qo‘llaniladi:
-pul-kredit siyosatini yuritish va shu orqali foiz stavkalariga ta’sir qilish;
- soliq siyosatini o‘tkazish;
- xususiy sektorning depozit kreditlari bo‘yicha kafolatlarni muvofiqlashtirish;
- korporatsiyalar hamkorligida kredit uchun raqobat yo‘lida davlat qimmatli qog‘ozlarini chiqarish;
- tashqi iqtisodiy faoliyatdagi holatni inobatga olish.
Qimmatli qog‘ozlar bozorini boshqarish Moliya vazirligi, Markaziy bank yoki boshqa davlat organlariga yuklatilishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |