Aminokislotalar almashinuvi fermentopatiyalari
Fenilalanin va tirozin almashinuvi buzilishlari ushbu aminokislotalar almashinuvi bilan bog’liq bo’lgan to’rt xil molekulyar kasalliklar tez-tez uchrab turadi. Bu kasalliklarning rivojlanish sabablari aminokislotalar almashinuvining turli etaplarida bloklar hosil bo’lishi.
Fenilketonuriya, yoki fenilpirovinograd oligofreniyasi (57-rasm, І-blok), molekulyar kasallik f e n i l a l a n i n g i d r o k s i l a z a fermentini defekti bilan bog’liq. Bu kasallikda fenilalaninni tirozinga o’tish reaksiyasi to’xtab qolgan (blokirlangan). Natijada fenilalanin va uning o’zgarish mahsulotlari – fenilpiruvat, fenilaktat va fenilatsetat yig’ilib qoladilar. Bu moddalarning miqdori qonda ko’payadi va siydik bilan ajralib chiqadi. Odatda, kasallik qonda fenilalanin va siydikda fenilpirouzum kislotaning ko’payishidan aniqlanadi.
Taxmin qilinishicha, fenilpirouzum kislotaning o’zi miya hujayralarini zaharlaydi yoki yig’ilib, nerv tizimining faoliyatida muhim rol o’ynaydigan boshqa birikmalarga (masalan, serotoninga, uning miqdori bu kasallikda kamayadi) ta’sir ko’rsatadi. Natijada shu xastalikka duchor bo’lgan bolalarda og’ir shaklda miya zaifligi (esi pastlik), tutqanoqlar kuzatiladi.
Albinizm (57-rasm ІІ–blok) bu molekulyar kasallik t i r o z i n a z a fermentining defekti bilan bog’liq. Bu fermentopatiyada diokisfenilalaninni (DOFA) DOFA-xinonga va keyinchalik melaninga (qora rang pigmenti) o’tish reaksiyasi buziladi. Melanin teri, soch, ko’z qorachig’ida joylashib, ularning rangini belgilaydi. Albinizmning xarakter belgisi terining kuchsiz pigmentatsiyasi, oq sochlar, qizil rangli ko’z qorachig’i (kapillyarlarning ko’rinib turishidan) kabilardir. Bu holatdagi insonlar oftob nurida kamroq bo’lishlari kerak.
Tirozinemiya (57-rasm, ІІІ-blok) – n-g i d r o k s if e n i l p i r u v a t o k s i d a- z a fermentining defekti bilan bog’liq bo’lgan kasallik. Bu kasallikda gomogentizin kislotaning oldbirikmalardan hosil bo’lmaydi, shu sababli tirozinni va n-gidroksifenilpirouzum kislotaning miqdori qonda va siydikda oshadi. Bu fermentopatiyasi bor bolalarda rivojlanishi sekinlashadi.
Alkaptonuriya (57-rasm, ІV-blok) g o m o g e n t i z i n a t o k s i d a z a fermentining defekti bilan bog’liq bo’lgan kasallik. Bunda gomogentizin kislotaning to’qimalarda oksidlanish reaksiyasi buziladi, natijada organizm suyuqliklarida uning miqdori oshadi va siydik bilan ajralib chiqishi ham ko’payadi. Kislorod mavjudligida gomogentizin kislota polimerlanib, qora pigment – alkapton hosil bo’ladi va bunday bemorlarning siydigi havoda qorayadi (bolalarning tagligi qora rangga bo’yaladi). Alkapton biologik suyuqliklarda ham hosil bo’lib, to’qimalarda, terida, paylarda, burun, quloqlar tog’ayida hamda bo’g’imlarda cho’kib ularning faoliyatini buzadi.
Yana bir qator aminokislotalar almashinuvi buzilishi natijasida shakllanadigan fermentopatiyalar mavjud bo’lib, gomosistonuriya, gistidinemiya, shohlangan aminokislotalar ketonuriyasi kasalliklar shular jumlasidandir. Bundan tashqari, uglevodlar almashinuvi, lipidlar almashinuvi fermentopatiyalari ham uchraydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |