Mol mulk solig`ini hisoblashning amaldagi mexanizimi
Reja:
1. O‘zbekiston Respublikasi soliq tizimiga mol-mulk solig‘ining joriy etilishi va uning iqtisodiy mohiyati.
2. Mol-mulk solig‘i to‘lovchilar, soliqqa tortish ob‘ekti va mol-mulkning o‘rtacha yillik qoldiq qiymatini aniqlash tartibi.
3. Mol-mulk solig‘i stavkalari, soliqdan imtiyozlar.
O‘zbekiston Respublikasi soliq tizimiga mol-mulk solig‘ining joriy etilishi va uning iqtisodiy mohiyati. O‘zbekistonda korxonalar faoliyatini soliqqa tortish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri korxonalarning mol-mulkiga solinadigan soliqning joriy qilinishi bo‘ldi. Mol-mulk solig‘i dastlab, O‘zbekiston Respublikasining 1991 yil 15 fevralda qabul qilingan “Korxonalar, birlashmalar va tashkilotlardan olinadigan soliqlar to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan joriy etildi va shu bilan birga korxonalarning ishlab chiqarish fondlariga to‘lov hamda transport vositalariga solinadigan soliq bekor qilindi. Hozirgi vaqtda ushbu soliqning huquqiy asosi bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi, “Davlat soliq xizmati to‘g‘risida”gi qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari hamda boshqa soliq qonunchiligi bilan bog‘liq bo‘lgan me‘yoriy xujjatlar hisoblanadi. O‘zbekiston soliq tizimida yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i to‘g‘ri soliqlar tarkibiga kiradi va mohiyatiga ko‘ra bu soliq asosiy fondlar shaklidagi resurslarga nisbatan belgilangan soliq hisoblanadi. Mazkur soliq bo‘yicha tushumlar summasi to‘liq mahalliy budjetlarga tushadi va u budjetning barqaror daromad manbalaridan biri hisoblanadi. Mamlakat soliq tizimida mol-mulk solig‘ini joriy qilishdan ko‘zlangan maqsad birinchidan, korxonalar o‘zlarining xo‘jalik faoliyatini yuritishda ortiqcha va foydalanilmayotgan mol-mulkini sotishga qiziqishini uyg‘otish bo‘lsa, ikkinchidan, korxonalar balansidagi mol-mulkdan samarali foydalanishni rag‘batlantirishdan iborat. Chunki, korxonalarning ma‘naviy va jismoniy tomondan eskirgan asosiy vositalarini yangi, ilg‘or texnologiya-uskunalar bilan yangilashi ishlab chiqarilayotgan tovarlarning bahosini arzonlashtiradi va raqobatbardosh tovarlar ishlab chiqarishga imkon beradi. Xo‘jalik yurituvchi sub‘ektlarning balansidagi barcha mulklardan soliq to‘lashga majbur qilish uni ortiqcha bino, inshootlar, mashina va uskunalardan qutilishiga undaydi. Bu esa, o‘z navbatida, ishlab chiqarish vositalari bozorini shakllantirishga, mahsulot tannarxini pasaytirishga hamda raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish imkoniyatini yaratadi. Shuningdek, mol-mulk solig‘i daromad va mulk taqsimotidagi nomutanosiblikni bartaraf etishning muhim vositasi hisoblanadi.
2.Mol-mulk solig‘i to‘lovchilar, soliqqa tortish ob‘ekti va mol-mulkning o‘rtacha yillik qoldiq qiymatini aniqlash tartibi. Soliq qonunchiligiga asosan mol-mulk solig‘ining to‘lovchilari bo‘lib, soliq solinadigan mol-mulkka ega bo‘lgan yuridik shaxslar hisoblanadi. Soliq solish maqsadida yuridik shaxslar deganda, mulkida, xo‘jalik yuritishida yoki tezkor boshqaruvida mol-mulkka ega bo‘lgan va o‘z majburiyatlari bo‘yicha mol-mulki bilan javob bera oladigan hamda mustaqil balans va hisob-kitob varag‘iga ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub‘ektlar tushuniladi. Soliqqa tortishning alohida rejimi o‘rnatilgan ayrim toifadagi korxonalarga, jumladan yagona yer solig‘ini to‘lovchi qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilar, yagona soliq to‘lovini to‘lovchi miqrofirma va kichik korxonalar hamda savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari hamda notijorat tashkilotlar
uchun ularning asosiy faoliyati bo‘yicha mol-mulk solig‘ini to‘lash tatbiq etilmaydi. Agar soliqqa tortishning alohida rejimi o‘rnatilgan yuridik shaxslar faoliyatning asosiy turi bilan bir qatorda boshqa faoliyat turlari bilan shug‘ullansalar, ular alohida hisob yuritishlari va qonun hujjatlariga muvofiq molmulk solig‘ini to‘lashlari zarur bo‘ladi. Yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘ining ob‘ekti bo‘lib, asosiy vositalar (shu jumladan moliyaviy ijara (lizing) shartnomasi bo‘yicha olingan asosiy vositalar), nomoddiy aktivlar, tugallanmagan qurilish ob‘ektlari hamda belgilangan muddatda ishga tushirilmagan asbob-uskunalar qiymati hisoblanadi. Yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘ining soliqqa tortish bazasi bo‘lib esa: a) asosiy vositalarning o‘rtacha yillik qoldiq qiymati (shu jumladan moliyaviy ijara (lizing)shartnomasi bo‘yicha olingan asosiy vositalar); b) belgilangan muddatlarda tugallanmagan qurilish ob‘ektining o‘rtacha yillik qiymati; v) me‘yoriy muddatlarda o‘rnatilmagan uskunalarning o‘rtacha yillik qiymati hisoblanadi.
3.Mol-mulk solig‘i stavkalari, soliqdan imtiyozlar. Yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘ining stavkalari har yili keyingi moliya yil uchun tasdiqlanadigan asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozi va davlat budjeti parametrlari to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori asosida belgilanadi. 2018 yil 1 yanvardan boshlab yuridik shaxslardan olinadigan molmulk solig‘i stavkasi quyidagi miqdorlarda belgilangan.
Eksport mahsulot ishlab chiqaradigan va uni mustaqil ravishda sotadigan yoki ixtisoslashgan tashqi savdo birlashmalari va firmalari orqali sotadigan vazirliklar, idoralar, korporatsiyalar, kontsernlar, uyushmalar va kompaniyalarning tarkibiy bo‘linmalari hisoblangan korxonalar uchun sotishning umumiy xajmida o‘zi ishlab chiqargan mahsulot (ish, xizmatlar) ning eksportdagi ulushiga bog‘liq holda molmulk solig‘ining tabaqalashtirilgan stavkalari belgilangan. Mahsulotini eksport qiluvchi korxonalarga berilgan imtiyoz savdo-vositachi korxonalarga, shuningdek, erkin almashtiriladigan valyutaga xom-ashyo tovarlari – paxta tolasi, ip gazlama, lint, neft, neft mahsulotlari, gaz kondentsati, rangli va qora metallarni eksport qiladigan ishlab chiqarish korxonalariga tadbiq etilmaydi. Soliq stavkasi mol-mulkning qayta baholash natijasidagi qoldiq narxiga qo‘llaniladi. Qayta baholash maqsadida korxonalarning asosiy vositalari deganda quyidagilar tushuniladi:
- o‘zining asosiy vositalari; - o‘rnatiladigan uskunalar; - tugallanmagan qurilish ob‘ektlari; - uzoq muddatga ijaraga olinadigan, shu jumladan uzoq muddatli lizing bo‘yicha olingan asosiy vositalar. Asosiy vositalar qiymati har yili 1 fevralga qadar asosiy vositalarning 1 yanvar holatiga qarab qayta baholanadi. Qayta baholash chog‘ida korxona mutaxassis ekspertlarini jalb qiladi. Yer uchastkalari va tabiatdan foydalanish ob‘ektlarining qiymati qayta baholanmaydi. Amaldagi soliq qonunchiligiga ko‘ra quyidagi yuridik shaxslarning molmulkiga soliq solinmaydi: a) notijorat tashkilotlarning mol-mulkiga (tadbirkorlik faoliyati uchun foydalaniladigan mol-mulkdan tashqari). Soliqqa tortish maqsadida notijorat tashkilotlar deganda quyidagilar tushuniladi: faqat davlat budjeti mablag‘lari hisobiga moliyalanadigan, tasdiqlangan smetalar doirasida xarajatlarni qoplashga budjetdan dotatsiyalar oladigan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar; xayriya birlashmalar, uyushmalar va jamg‘armalar, xalqaro tashkilotlar, diniy birlashmalar va boshqa tashkilotlar
Do'stlaringiz bilan baham: |