Xizmat ko‘rsatuvchi xo‘jaliklarda ishlab chiqarilgan mahsulot, bajarilgan ish va ko‘rsatilgan xizmatlar bilan bog‘liq xarajatlar to‘g‘risidagi axborotlarni umumlashtirish 2710 "Xizmat ko‘rsatuvchi xo‘jaliklar" schyotida amalga oshiriladi.
2710 "Xizmat ko‘rsatuvchi xo‘jaliklar" schyotining debetida xizmat ko‘rsatuvchi xo‘jaliklarda mahsulot ishlab chiqarish, ish bajarish va xizmatlar ko‘rsatish bilan bog‘liq xarajatlar aks ettiriladi. Xarajatlar 2710 "Xizmat ko‘rsatuvchi xo‘jaliklar" schyotning debetiga tovar-moddiy zaxiralari, mehnat haqi to‘lash bo‘yicha xodimlar bilan hisob-kitoblar va boshqalarni hisobga oluvchi schyotlarning kreditidan hisobdan chiqariladi.
2710 "Xizmat ko‘rsatuvchi xo‘jaliklar" schyotining kreditida xizmat ko‘rsatuvchi xo‘jaliklar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulot, bajarilgan ish va ko‘rsatilgan xizmatlarning haqiqiy tannarxi aks ettiriladi. Ushbu summalar 2710 "Xizmat ko‘rsatuvchi xo‘jaliklar" schyotining krediti bo‘yicha tovar moddiy zaxiralari va boshqalarni hisobga oluvchi schyotlar bilan bog‘langan holda aks ettiriladi.
2710 "Xizmat ko‘rsatuvchi xo‘jaliklar" schyoti bo‘yicha oy oxiridagi qoldiq tugallanmagan ishlab chiqarish qiymatini ko‘rsatadi.
2710 "Xizmat ko‘rsatuvchi xo‘jaliklar" schyotlari bo‘yicha analitik hisob har bir xizmat ko‘rsatuvchi xo‘jalik va xarajat elementlari, moddalari bo‘yicha va mahsulot turlari bo‘yicha yuritiladi.
Davr xarajatlari hisobi.
Davr xarajatlari tarkibiga korxona ishlab chiqarish jarayoni bilan bevosita bog‘liq bo‘lmagan xarajatlar kiradi. Bular jumlasiga boshqaruv, tijorat bilan bog‘liq xarajatlar, shuningdek umumxo‘jalik xarajatlari, jumladan ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari bo‘yicha xarajatlar ham kiradi. Bu xarajatlar korxona asosiy faoliyati va mahsulot sotish bilan bog‘liq bo‘lmaganligi, lekin ma’lum bir jarayonlarni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lganligi uchun ular operatsion xarajatlar, umumiy va ma’muriy xarajatlar deyiladi. Ular mahsulot ishlab chiqarish va sotish hajmiga bog‘liq bo‘lmagani, va aksincha, vaqt bilan, xo‘jalik faoliyatining davomiyligi bilan bog‘liq bo‘lgani sababli ular davr xarajatlari deb yuritiladi.
Mahsulot sotish, ma’muriy xarajatlar, xizmat ko‘rsatuvchi xo‘jaliklar xarajatlari, boshqa operatsion xarajatlar davr xarajatlari tarkibiga kiritiladi.
Hisobvaraqlar rejasiga binoan davr xarajatlari quyidagi hisobvaraqlarda aks ettiriladi:
9410-«Sotish xarajatlari»
9420-«Ma’muriy xarajatlar»
9430-«Boshqa operatsion xarajatlar»