HOJIAKBAR SHAYXOV
3
Uv-uv-u-u-u-uv! Men sho’rlikka bir razm solinglar, o’lyapman, axir.
Tashqarida o’kirayotgan bo’ron bamisoli janozamni o’qiyapti, men ham
bo’ronga qo’shilib uv tortyapman. Sho’rginam qursin, sho’rginam... Xalq
Xo’jaligi Markaziy Kengashining oddiy ishchilar oshxonasida isqirt
qalpoqli bir ablah oshpaz ustimga qaynoq suv to’kib, chap biqinimni
pishirdi-qo’ydi. Voy la’nati-yey, yana proletariy! Voy joiim-ey, biram
og’riyaptiki!.. suyaklarimgacha sirqiratib yubordi. Endi yotib uv
tortyapman. Faqat uv tortganing bilan darding yengillashsa qani edi-ya...
Nima, men uning arpasini xom o’ribmanmi? Tovba! O’sha
axlatxonasini ozgina titkilaganim bilan Xalq Xo’jaligi Kengashining jami
ozuqasini yamlab yuborarmidim? Ochofat maxluq! Siz fursat topib uning
afti-angoriga bir razm soling-a: basharasi moy surilgandek yalt-yult
qiladi. Qip- qizil o’g’ri. Eh, odamlar, odamlar...
«Qalpoq» meni peshinda qaynoq suv bilan mehmon qilgandi, hozir
esa qorong’i tushgan, Prechistenka o’t o’chirish komandasi qarorgohidan
qovurilgan piyoz hidi kelayotganiga qaraganda, oradan yana to’rt soatlar
chamasi o’tgan. O’zingizga yaxshi ma’lumki, o’t o’chiruvchilar bo’tqa
iste’mol qilishadi. Ular uchun bo’tqa qo’ziqorinday mazali taom. Lekin
o’sha prechistenkalik itlarning hikoya qilishlaricha, Neglinniydagi «Bar»
restoranida go’yoki kundalik taom sifatida porsiyasi 3 so’m 75 tiyin
turadigan qo’ziqorin-u pikan qaylasi iste’mol qilisharmish. Bu, albatta,
shinavandalarning ishi, kalish yalagandek bir gap... Uv-u-u-uv...
Biqinim zirqirab og’riyapti, yaqin istiqbolimni ham mutlaqo aniq
sezib turibman: kuygan joylarim yaraga aylanadi. Qanday davolanaman
endi? Yoz bo’lsa ekanki, zing’illab Sokolnikiga borsang, u yerda ajoyib,
juda yaxshi bir shifobaxsh o’t o’sadi, undan tashqari, tekin kolbasa
bo’laklarini terib yesa bo’ladi. Hurmatli grajdanlar yog’li qog’ozlarni
tashlab ketishadi, ularni maza qilib yalash mumkin. U yerda anavi oy
nurida o’ltirib «Azizim Aida»ni kuylaydigan qandaydir lo’ttibozning
yurakni ezuvchi nolasini hisobga olmasa, qammasi joyida bo’lardi...
4
Hozir-chi, qayerga ham borasan?.. Sizni hech etik bilan orqangizga
tepishganmi? Tepishgan. Qovurg’angizga g’isht bilan tushirishganmi?
Yetarlicha tushirishgan. Hammasiga chidaganman. Allaqachon taqdirga
ham tan berganman. Agar hozir yig’layotgan bo’lsam, faqatgina jonim
og’riganidan, sovuqdan yig’layapman, lekin ruhim hali tetik. Itlarning
ruhiyati barqaror bo’ladi. Mana, butun tanamning sog’ joyi qolmagan,
yara-chaqa, hammasi mehribon odamlarning sharofati. Lekin asosiysi
qaynoq suv bilan pishirishganidan keyin yuz berdi: biqinimning junlari
to’kilib, shir yalang’och bo’lib qoldim. Endi o’pkamni shamollatib
qo’yishim ham hech gapmas, undan ham oldin, qadrli grajdanlar,
ochimdan o’laman. O’pkasi shamollagan it zinapoya tagidagi qalin qilib
to’shalgan burchakda jim yotishi kerak. Xo’sh, u holda menday bo’ydoq
va oshqozoni pakillab yotgan kuchuk o’rniga kim qorin to’yg’azish
uchun axlatxonama-axlatxona chopadi? O’pkam butunlay ishdan chiqqan
taqdirda ham qornim bilan emaklab, obdan holdan toyib yurganimda
istagan odam tayoq bilan bir urib surobimni to’g’rilaydi-qo’yadi. Ko’cha
supuruvchilar esa meni oyog’imdan ushlab, axlat ortilgan aravaga
uloqtirishadi.
Ko’cha supuruvchilar proletarlar ichidagi eng berahm, battol
odamlardir. Ular eng past tabaqaga mansub. Oshpazlarning har xili
uchraydi. Masalan, prechistenkalik marhum Vlas. U ozmunchamizning
hayotimizni saqlab qoldimi? Har qanday bemor uchun eng muhimi — bir
burdagina nimadir yeb olish. Qari itlarning gapiga qaraganda, o’sha Vlas
deganlari ba’zida suyakka qo’shib yaxshi g’ajilmagan go’sht ham tashlab
turarkan. Joying jannatda bo’lgur asil inson bo’lgan-da, man-man degan
graf Tolstoylarning xonadonida xizmat qilgan, anavilarga o’xshab
mo’tadil ovqatlanish Kengashida emas... Ularning ovqatlanish tarmog’ida
ko’rsatayotgan karomatlariga itning ham aqli bovar qilmaydi. Anavi
ablahlar bo’lsa, tuzlangan sassiq go’shtdan karam sho’rva pishirishadi,
hech narsadan bexabar haligi sho’rliklar esa, yugura kelib yeb-ichib
mazza qilib ketishadi.
Anovi mashinkachi esa to’qqizinchi razryad bo’yicha to’rt yarim
so’lkavoy oladi, to’g’ri, uying o’ynashi momiqqina paypoq sovg’a qilib
turadi. Lekin bitta momiq paypoq uchun qanday xo’rliklarga chidashi
kerak, chunki o’ynashi undan oddiygina usulni emas, fransuzcha
5
muhabbat qoidalarini talab qiladi. Gap o’rtamizda qolsin, o’lguday
bemaza bo’lishadi o’sha fransuzlar. Lunjlari to’la ovqat-u, ustidan qizil
vino ichganlariga nima deysiz.
Ha... Yugurib-yelib keladi sho’rlik mashinkachi... Axir, uning 4,5
so’lkavoyiga «Bar»ga kirishning iloji yo’q. Hatto kinematografga ham
yetmaydi. Kinematograf esa ayollar hayotida yakka-yu yagona ovunchoq.
Aftini bujmaytirib, ko’zlarini yumib-ochib turgan bo’lsa ham gupillatib
hammasini yeb oladi. O’zingiz o’ylab ko’ring: ikki xil ovqat uchun 40
tiyin to’lash kerak. Vaholanki, bu ovqatlar 15 tiyinga ham arzimaydi.
Chunki qolgan 25 tiyinni zavxoz cho’ntagiga uradi. Mashinkachiga
shunaqa hashamatli stol kerak deysizmi? Uning o’ng o’pkasining yuqori
qismi dardga chalingan. Yana fransuzcha muhabbat tufayli xotinlarga
taalluqli kasal ham orttirgan. Ishxonasida undan balo-battarlar uchun pul
ushlab qolishadi, oshxonada esa yuvindi bilan qornini to’yg’azvorishadi,
ana u, ana u... o’ynashi sovg’a qilgan paypoqchalarda yugurib ketyapti.
Oyoqlari muzday, qorniga sovuq shamol kirib ketyapti, chunki ko’ylagi
mening junimga o’xshagan, ishtoni ham ipildiriqgina, quruq to’rlar-u
lentalardan tikilgan. O’ynashining nigohi uchun. Issiq, paxmoq ishton
kiyib ko’rsin-chi qani... Namuncha qo’pol kiyinasan, deb shunaqangi
baqirib beradiki! Jonimga tegdi mening matryonam paxmoq ishtonlari
bilan... Endi mening davrim keldi. Endi rais bo’ldim, qancha o’g’irlasam,
hammasini ayol tanasiga, nozik bo’yinlarga,
Do'stlaringiz bilan baham: |