VII.
— Yo’q, yo’q, yo’q! — qat’iy dedi Bormental, — marhamat qilib,
yoqangizga qistirib oling!
— E, tavba...— g’o’ldiradi Sharikov ensasi qotib.
— Minnatdorman, doktor, — yumshoqqina dedi Filipp Filippovich, —
hadeb tanbeh beraverish jonimga tegib ketdi.
— Taqib olmaguningizcha, ovqat yeyishingizga ruxsat bermayman. Zina,
Sharikovning mayonezini olib keting.
— Olib ketingiz nimasi? — ko’ngli buzildi Sharikovning, — hozir taqib
olaman. — Chap qo’li bilan ovqatini Zinadan yashirib, o’ng qo’li bilan
salfetkani yoqasiga qistirib, sartaroshxonadagi mijozlarga o’xshab qoldi.
— Marhamat qilib, vilkada yeng, — qo’shimcha qildi Bormental.
Sharikov chuqur xo’rsinib, quyuq qayla ichidan osetr bo’laklarini tuta
boshladi.
— Men yana aroq ichsam bo’ladimi? — dedi u savol ohangida.
— Balki yetar shu ichganingiz? — dedi Bormental, — so’nggi paytlarda
aroqqa ruju qo’yyapsiz.
— Nima, qizg’anyapsizmi? — so’radi Sharikov unga yer ostidan
tikilarkan.
— Bo’lmag’ur gapni gapiryapsiz... — aralashdi badjahl Filipp
Filippovich, lekin Bormental uning gapini bo’ldi.
73
— Siz hayajonlanmang, Filipp Filippovich, men o’zim. Siz, Sharikov,
bema’ni gapni gapiryapsiz, lekin afsuslanarli joyi shundaki, siz bu
gaplarni o’ta mas’uliyatsizlik bilan uzil-kesil gapiryapsiz. Aroqni sizdan
qizg’anayotganim yo’q, buning ustiga u meniki ham emas, Filipp
Filippovichniki. Avvalambor, u — zararli, undan keyin esa siz aroqsiz
ham o’zingizni tuta bilmaysiz.
Bormental qo’li bilan qulflab tashlangan bufetga ishora qildi.
— Zinusha, iltimos, menga yana baliq bering, — dedi professor.
Sharikov bu borada aroq solingan grafinga qo’l cho’zdi, Bormentalga
ko’z qirini tashlab, o’zining qadahini to’latib oldi.
— Boshqalarga ham taklif qilish kerak, — dedi Bormental, — qoidasi esa
bunday: avval Filipp Filippovichga, keyin menga, oxirida esa, o’zingizga.
Sharikov istehzo aralash iljayarkan, boshqa qadahlarni ham to’latdi.
— Sizlarda hamma narsa paraddagiga o’xshaydi, — gap qistirdi u, —
salfetkani u yoqqa, galstukni bu yoqqa, «kechirgaysiz», «marhamat —
mersi»... chinakamiga emas bular... Xuddi podsholik tuzumidagiday
tartib o’rnatib, o’z-o’zingizni qiynaysiz.
— Chinakamiga emas, deganingiz nimasi, bilsak bo’ladi-mi?
Sharikov Filipp Filippovichning bu savolini javobsiz qoldirdi, qadah
ko’tarib dedi:
— Xullas, hamma ishlaringiz...
— Sizning ham, — birmuncha kinoya aralash dedi Bormental.
Sharikov bir ko’tarishda qadahni tomog’iga quyib yubordi, aftini
burishtirib, bir bo’lak nonni burniga yaqinlashtirdi, hidladi va og’ziga
solib yutib yubordi. Illo ko’zlari yosh bilan to’ldi.
— Odat, — to’satdan, o’z-o’ziga gapirganday dedi Filipp Filippovich.
Bormental hayratga tushdi.
— Ma’zur tutasiz...
— Odat! — qaytardi Filipp Filippovich va boshini nadomat bilan
chayqagancha qo’shimcha qildi: — Bu yerda biz bir nima qilishga
ojizmiz — Klim.
Bormental favqulodda qiziqish va sinchkovlik bilan Filipp
Filippovichning ko’zlariga tikildi.
— Siz shunday deb o’ylaysizmi, Filipp Filippovich?
— O’ylashning hojati yo’q, bunga ishonchim komil.
74
— Nahotki... — deya so’z boshlagan Bormental Sharikovga qarab to’xtab
qoldi.
U esa shubhali tarzda qovog’ini uyib olgandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |