Quyidagilar ishga qabul qilishni g’ayriqonuniy ravishda rad etish deb hisoblanadi:
Mehnat Kodeksining 6-moddasi birinchi qismidagi talablar (jinsi, yoshi, irqi, millati, tili, ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy holati va mansab mavqei, dinga bo’lgan munosabati, e’tiqodi, jamoat birlashmalariga mansubligi, shuningdek, xodimlarning ishchanlik qobiliyatlariga va ular mehnatining natijalariga aloqador bo’lmagan boshqa jihatlariga qarab, mehnatga oid munosabatlar sohasida har qanday cheklashlarga yoki imtiyozlar belgilashga yo’l qo’yilmasligi)ning buzilishi35;
ish beruvchi tomonidan ish taklif qilgan shaxslarni ishga qabul qilmaslik;
ish beruvchi qonunga muvofiq mehnat shartnomasi tuzishi shart bo’lgan shaxslarni (belgilangan minimal ish joylari hisobidan ishga yuborilgan shaxslarni: homilador ayollarni va uch yoshga to’lmagan bolalari bor ayollarni — tegishlicha ularning homiladorligi yoki bolasi borligini vaj qilib) ishga qabul qilmaslik.
Ishga qabul qilish rad etilgan taqdirda, xodimning talabi bilan ish beruvchi ishga qabul qilishni rad etishning sababini asoslab uch kun muddat ichida yozma javob berishi shart. Bu javob ishga qabul qilish huquqiga ega bo’lgan mansabdor shaxs tomonidan imzolangan bo’lishi lozim. Asoslantirilgan javob berish haqidagi talablarni qondirishni rad etish xodimni ishga qabul qilish g’ayriqonuniy ravishda rad etilganligi ustidan shikoyat qilishga to’siq bo’lmaydi.
O’zaro yaqin qarindosh yoki quda-anda bo’lgan shaxslarning (ota-onalar, aka-ukalar, opa-singillar, o’g’il va qizlar, er-xotinlar, shuningdek er-xotinlarning ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillari va bolalari), basharti ulardan biri ikkinchisiga bevosita bo’ysunib yoki uning nazorati ostida xizmat qiladigan bo’lsa, bir davlat korxonasida birga xizmat qilishlari taqiqlanadi.
Bu qoidadan istisnolar O’zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan belgilanishi mumkin.
Ishga qabul qilish vaqtida, ishga kirayotgan shaxs quyidagi hujjatlarni:
pasport yoki uning o’rnini bosadigan boshqa shaxsni tasdiqlovchi hujjatni, o’n olti yoshgacha bo’lgan shaxslar esa, — tug’ilganlik to’g’risidagi guvohnoma va turar joyidan ma’lumotnomani;
mehnat daftarchasini, birinchi marotaba ishga kirayotgan shaxslar bundan mustasno. O’rindoshlik asosida ishga kirayotgan shaxslar, mehnat daftarchasi o’rniga asosiy ish joyidan olgan ma’lumotnomani;
harbiy xizmatga majburlar yoki chaqiriluvchilar tegishlicha harbiy biletni yoki harbiy hisobda turganlik haqidagi guvohnomani;
qonun hujjatlariga muvofiq maxsus tayyorgarlikka ega shaxslargina bajarishi mumkin bo’lgan ishlarga kirayotganda oliy yoki o’rta maxsus o’quv yurtini tamomlaganligi to’g’risidagi diplomni yoxud mazkur ishni bajarish huquqini beradigan guvohnomani yoki boshqa tegishli hujjatni taqdim etadi.
Ishga qabul qilish vaqtida ishga kirayotgan shaxsdan qonun hujjatlarida ko’rsatilmagan hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.
Mehnat shartnomasini tuzish haqidagi kelishuvdan oldin qo’shimcha holatlar (tanlovdan o’tish, lavozimga saylanish va boshqalar) bo’lishi mumkin.
Ish beruvchi korxonada besh kundan ortiq ishlagan barcha xodimlarga mehnat daftarchasini tutishi shart, o’rindoshlik asosida ishlovchilar bundan mustasno.
Do'stlaringiz bilan baham: |