Psixologik himoya-shaxs yaxlitligiga tahdid soluvchi, nizolilar bilan bog‘liq bo‘lgan salbiy kechinmalarni kamaytirishga yo‘naltirilgan mexanizmlar tizimi. Psixologik himoya shaxs tomonidan psixologik noqulaylik, «Men-obrazi»ga tahdid soluvchi kechinmalarni bartaraf etish va ushbu vaziyatlarga tegishli bo‘lgan darajada saqlash uchun qo‘llaniladigan boshqarish tizimini tashkil qiladi.
Hozirda psixologik himoya shaxs nazariyalarining barchasida, insonga nisbatan turli yondoshuvlarda tan olinadi va ta’riflanadi. Himoya mexanizmlari yoki psixologik himoya-bu insonning o‘zini noxush kechinmalar, qalb jarohatlari va xavotirlardan himoya qilishda qo‘llaydigan, unga xos bo‘lgan va umuman anglanmaydigan tizimli harakatlar.
Tadqiqotlarga ko‘ra, odamlar shaxsiy sifatlari baholanishlari orasidan o‘zlarining baho berishlari bilan mos tushadiganlarini yodda saqlab qoladilar. Shu tarzda ular o‘zlariga bo‘lgan hurmatlarini yo‘qotmagan, ko‘z oldimizda obro‘imizni tushirmagan xolda xatoliklar va omadsizliklarning sababini tushuntirishga harakat qiladilar. Xuddi mana shuning uchun ham inson ruhiyati himoya mexanizmlari bilan qurollandi. Ular tashqaridan kelayotgan axborotlarni saralab, faqatgina insonning ichki olami-«Men-konsepsiyasi»ning yaxlitliligini saqlashga xizmat qiladiganlarini o‘tkazadilar.
Shunday qilib, himoya mexanizmlari insonlar uchun juda muhim bo‘lgan ikki xususiyatga egadirlar:
- voqelikni inkor etadilar, buzib ko‘rsatadilar yoki parchalaydilar;
- anglanmagan holda, ya’ni, avtomatik tarzda va tez ta’sir ko‘rsatadilar.
Psixologik himoyalarni tasniflashga nisbatan bir necha xil yondoshuvlar mavjud. Ularni etuk va sodda guruhlarga ajratish eng oddiy tasniflashdir. Birinchi guruhga maqsadga muvofiqlik, intellektuallashtirish, mutoyiba, sublimatsiya va boshqalar, ikkinchisiga esa -dissotsiatsiya, kuchli nazorat, qadrsizlanish, inkor etish, yakkalanish, tahdid soluvchi bilan tenglashtirish va boshqalar kiradi. Psixologik himoyani boshqa tamoyil asosida ham tasniflash mumkin, unga ko‘ra, bir xillari idrok darajasida ta’sir qilsa, masalan, siqib chiqarish, boshqalari esa-transformatsiya darajasida, ma’lumotni qayta ishlash jarayonida ta’sir ko‘rsatadi, masalan, maqsadga muvofiqlik.
Psixologik himoyaning asosiy mexanizmlari o‘rtasida quyidagilarni ajratib ko‘rsatish mumkin: ustunlik, reaktiv o‘qitish, inkor etish va rad qilish, siqib chiqarish, sublimatsiya, proeksiya, maqsadga muvofiqlik va boshqalar. Hozirda ruhshunoslarning fikriga ko‘ra, o‘zining samaradorligi, etukligi va ularni yuzaga keltirgan nizoli,- intilishlar, ahloqiy mayllar yoki tashqi voqelik sohasiga kiritilishi bo‘yicha tafovutlanadigan himoya mexanizmlarining yigirmadan ortiq turi mavjud.
Do'stlaringiz bilan baham: |