Fluorit – CaF2 . «Flyuorum» - ftor elementining lotincha nomi. Tarkibi – Sa – 51,2%, F – 48,8%. Izomorf aralashma holda ittriy, seriy va uran bo`ladi. U kub singoniyali, to`g`ri tuzilgan kubik, ba`zan oktaedrik, dodekaedrik kristallar holida uchraydi. Ayrimda xol-xol donali yaxlit massa bo`lib, ba`zan tuproqsimon massa shaklida topiladi. Odatda rangsiz, shaffof, ba’zan sariq, yashil, havorang, gunafsha, qoramtir bo`ladi.
E`tiborga sazovorligi fluoritni qizdirganda rangi yo`qoladi, rentgen nurlarning ta`sirida yana bo`yalib qoladi. U shishadek yaltiraydi. Qattiqligi – 4, solishtirma og`irligi – 3,2, mo`rt, ulanish tekisligi kub bo`yicha mukammal. Fluoritning aksariyat qismi gidrotermal jarayonda paydo bo`ladi.
Fluorit yirik konlarda barit, kalsit, kvars va sulfid minerallari bilan birga uchraydi. U intruziv jinslarda ikkinchi darajali greyzen va pegmatitlarda katta miqdorda bo`lishi mumkin. Fluoritning 70% yaqini metallurgiyada oson eriydigan shlaklar olish uchun ishlatiladi. U kimyo sanoatda, keramika va shisha sanoatida va boshqa juda ko`p joylarda foydalaniladi.
Galit – NaCl. Grekcha «galos» – dengiz, tuz demakdir. U osh tuzi ham deyiladi. Tarkibi – Na – 39,4% va Sl – 60,6%. Mexanik aralashma sifatida gil, organik moddalar bo`ladi. U kub singoniyali, tuz havzalarining ostida bir-birlariga yopishmagan dona-dona bo`lib, zich kristallangan ko`rinishda topiladi.
Galit shishadek yaltiraydi, qattiqligi – 2, solishtirma og`irligi – 2,2, mo`rt, suvda oson eriydi, mazasi sho`r. U juda gigroskopik, havo namini o`ziga tortib oladi. Galit ekzogen sharoitda quriyotgan ko`llarda yoki dengiz havzasidan qum to`siqlari bilan ajralgan sayoz qo`ltiqlardan quruq va issiq iqlimli sharoitlarda paydo bo`ladi. Galitning eng katta zahirali konlari turli geologik davrlarda yuzaga kelgan. Ammo uning yirik konlari perm davriga mansub. Bu davr uchun uzoq davom etgan issiq kontinental iqlim xos bo`lgan (Yevropa, Osiyo, Amerika va boshqa mamlakatlarda). Galit muhim oziq-ovqat mahsuloti. U sanoat va qishloq xo`jaligining turli tarmoqlarida ishlatiladi.
Silvin – KCl. Tarkibi – K – 52,5%, Cl – 47,5%. Mexanik aralashma holda NaCl, Fe2O3 ishtirok etadi. U kub singoniyali, qavat-qavat teksturali yaxlit donador massalar holida topiladi. Silvinning toza xillari – shaffof, rangsiz, oq, och qizil va pushti rangli bo`ladi, shishadek yaltiraydi, qattiqligi – 1,5-2, solishtirma og`irligi – 1,99. Uning mazasi o`tkir sho`r, ba`zan achchiq ancha mo`rt mineral. U galit kabi qurayotgan sho`r suvli ko`llarda yuzaga keladi. Silvinning dunyodagi eng yirik koni Rossiyadagi – Solikamsk hisoblanadi. Bundan boshqa katta konlarga Germaniyadagi –Strassfurt va Elzas, Fransiyada topilgan. Ma`lumki, kaliy tuzlarining ko`p qismi dalalarni o`g`itlash uchun sarf bo`ladi, biroz qismi kimyo sanoatida, tibbiyot, parfumeriya, qog`oz sanoatida, shisha va lak-bo`yoq tayyorlashda qo`llaniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |