Milliy turizm mahsuloti va brendining tashkiliy-iqtisodiy asoslari.
VII–VIII asrlarda arablar Movarounnahrni zabt etish yo‘li bilan mahalliy xalqning urf-odati, dini va e’tiqodi, qadimdan rivojlanib kelayotgan madaniyatiga o‘z ta’sirini o‘tkazib, asta-sekinlik bilan islom dinini targ‘ib eta boshlashdi. Mahalliy xalqning islom diniga o‘tishi bilan, Markaziy Osiyo Arabistondagi Makka-yu Madina bilan bog‘landi. Islom dini farzlaridan biri hajga borish hisoblanib, movarounnahrliklar o‘z yurtlaridan chiqib, Afg‘oniston, Eron, Iroq, Suriya orqali o‘tib, Saudiya Arabistonidagi Makka va Madina shaharlarida haj amalini bajarganlar. Bu yo‘l mashaqqatli, og‘ir, bir necha oy va yillar ichida bosib o‘tiladigan masofaga teng bo‘lsa-da, yildan yilga hajga boruvchilarning soni ortib borgan.
Ziyoratchi-olimlarning eng mashhuri deb buyuk muhaddis Imom al-Buxoriyni kiritishimiz mumkin. Imom Ismoil al-Buxoriy o‘z onasi bilan 17 yoshda hajga borib, bir necha yil Arabistonda yashaydi. U 40 yil mobaynida Bog‘dod, Damashq, Balx, Nishopur, Misr va boshqa ko‘pgina arab mamlakatlari shaharlarini sayohat qilib, hadislarni to‘playdi. Bundan tashqari, Abu Iso Muhammad at-Termiziyni ham misol qilish mumkin. Shu davrda uning Bog‘dodda ko‘pgina shogirdlari ham bor edi.
Arab xalifaligiga kirgan Movarounnahrda, Xurosonda, Xorazmda mahalliy tillarda yozilgan asarlar yo‘q qilinadi, natijada yerli olimlar, tolibi ilmlar xalifalikning markaziy shaharlari: Damashq, Qohira, Bog‘dod, Kufa va Basraga borib bilim olishga va arab tilida ijod qilishga majbur bo‘ladilar. Bu shaharlar o‘sha davrda Sharqning yirik ilm va madaniyat markazlari bo‘lib, ular orasida Bog‘dod shahri eng mashhuri edi. IX asrda bu shaharda «Bayt ul-hikma» («Donishmandlar uyi») – Sharqning o‘z davridagi Fanlar akademiyasi tashkil etilgan edi.
«Bayt ul-hikma»da katta kutubxona hamda Bog‘dodda va Damashqda astranomik kuzatishlar olib boriladigan rasadxonalar mavjud edi. Bu yerdagi toliblar tadqiqotlar bilan bir qatorda qadimgi yunon va hind olimlarining ilmiy merosini o‘rganish va asarlarini arab tiliga tarjima qilish bilan shug‘ullanganlar. Bu yerda o‘rta asar ilm-u faniga katta hissa qo‘shgan ko‘pgina movarounnahrlik va xurosonlik olimlar ijod qilishgan.
Jumladan, 20 dan ortiq asarlar muallifi, qomusiy olim Muhammad Muso al-Xorazmiy o‘z bilimini oshirish maqsadida Xuroson, Eron, Iroq va Suriya mamlakatlariga borib, matematika, geografiya, astranomiya fanlari bilan shug‘ullangan va olamshumul kashfiyotlar qilgan.
«Bayt ul-hikma»da faoliyat ko‘rsatgan olimlardan yana biri buyuk astranom, matematik, geograf Ahmad al-Farg‘oniydir. U Farg‘onalik bo‘lib, avval Marv, so‘ngra Bog‘dod, Damashq va Qohira shaharlariga borib, astranomiya, matematika, geografiya fanlari bilan shug‘ullanadi. U Qohira shahri yaqinida joylashgan Ravzo orolida joylashgan Nil daryosi sohilidagi qadimgi gidrometr – daryo oqimi sathini o‘lchaydigan «Miqyos an-Nil» inshooti qurilishiga rahbarlik qiladi.
Buyuk vatandoshlarimiz – Abu Nasr Farobiy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy kabi allomalar fan taraqqiyotiga o‘z hissalarini qo‘shishi bilan birga el kezgan olimlardir. Al-Beruniyning «O‘tmish avlodlaridan qolgan yodgorliklar», «Hindiston» asarlarida Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati, geografiyasi haqida boy ma’lumot to‘plangan.
Zahiriddin MuhammadBobur (1483- yil 14- fevral, Andijon shahri–1530- yil 26- dekabr, Hindistonning Agra shahri) – o‘zbek mumtoz adabiyotining yirik vakili, tarixchi, sayyoh-olim, temuriylar sulolasi vakili. «Buyuk mo‘g‘ullar imperiyasi» deb nomlangan Hind davlatining, aslida, Boburiylar davlatining asoschisi bo‘lgan. Bobur o‘zining mashhur «Boburnoma» nomli asarida XV asrning ikkinchi yarmi va XVI asrning birinchi yarmidagi Movarounnahr, O‘rta Osiyo, Afg‘oniston hamda Hindiston tarixi, madaniyati va tabiati haqida juda boy ilmiy ma’lumotlar keltiradi, bu, albatta, Boburning ushbu yurtlarni kezib chiqqanligidan dalolat beradi.
Xulosa qilib aytish mumkinki, O‘rta Osiyoda qadimgi sayyohlik Buyuk Ipak yo‘lining paydo bo‘lishi bilan bog‘liq bo‘lib, IX–XI asrlarda sayyohlik tufayli kishilar bilimini oshiradigan turizmning ilmiy turiga asos solingan va ziyoratchilik turizmi keng rivojlangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |