1.1. O'zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi (bundan buyon matnda Partiya deb yuritiladi) O'zbekiston Respublikasi fuqarolarining qonuniy manfaatlari va siyosiy irodasini ifoda etuvchi umummilliy siyosiy tashkilotdir. Partiya O'zbekistonni rivojlantirishning - Yurt tinchligi, Vatan taraqqiyoti, Xalq farovonligi - umummilliy g'oyalari atrofiga butun jamiyatni jipslashtirishga asoslangan yo'lini qo'llab-quvvatlaydi. Bu g'oya O'zbekistonning dunyodagi o'rni va roli, davlatning taktik va strategik maqsadlari va vazifalari, uning yangi xalqaro sharoitlarda hamda geosiyosiy voqeliklarda milliy manfaatlarni ro'yobga chiqarish va himoya qilish borasidagi amaliy qadamlarini fuqarolar tomonidan to'g'ri idrok etish va anglashiga asoslanadi. U bizning asriy orzu-umidlarimiz va umumiy mafkuramiz, strategiyamiz hamda keng qamrovli milliy tiklanish dasturining mohiyatini ifodalaydi.
Partiya jamiyatning turli guruhlari va qatlamlariga mansub bo'lgan, milliy manfaatlarni ustuvor qo'ygan hamda milliy davlatchilik asoslarini mustahkamlashda, demokratik huquqiy davlat barpo etishda, yurtning gullab-yashnashini ta’minlash hamda Xalq farovonligini oshirishda ongli va mas’uliyatli tarzda ishtirok etuvchi mamlakatimiz fuqarolarini ihtiyoriy asosda birlashtiradi.
1.2. Partiya O'zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi va O'zbekiston "Fidokorlar" milliy-demokratik partiyasining birlashuvi orqali tashkil etildi.
1.3. Partiya o'z faoliyatini O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, "Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizaciya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish to'g'risida"gi Konstitutsiyaviy Qonuni, "Siyosiy partiyalar to'g'risida"gi, "Jamoat birlashmalari to'g'risida"gi, "Nodavlat notijorat tashkilotlar to'g'risida"gi, "Nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatining kafolatlari to'g'risida"gi, "Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to'g'risida"gi qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar hamda ushbu Ustavga muvofiq amalga oshiradi.
1.4. Partiyaning faoliyati vatanparvarlik, umummilliy birdamlik, adolat, bag'rikenglik, ma’naviy yetuklik, o'z hohish-irodasini erkin bildirish, Partiyaga kirish va chiqishning ihtiyoriyligi, o'z a’zolarining teng huquqliligi, qonuniylik, ochiqlik va oshkoralik prinsiplariga asoslanadi.
1.5. Partiya o'z faoliyatini O'zbekiston Respublikasining butun hududida amalga oshiradi.
1.6. Partiya yuridik shaxs bo'lib, o'z muhri, tamg'asi, blankalariga, O'zbekiston banklaridagi hisob-kitob raqamlariga ega bo'ladi.
1.7. Partiya mol-mulkka, mulkiy huquqlarga egalik qiladi, O'zbekiston Respublikasi qonunchiligi asosida yuridik shaxsning huquqlari va majburiyatlariga ega bo'ladi.
1.8. Partiyaning to'liq rasmiy nomi:
- o'zbek tilida: O'zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi;
- rus tilida: Демократическая партия Узбекистана "Миллий тикланиш".
Partiyaning qisqa rasmiy nomi:
- o'zbek tilida: O'zMTDP;
- rus tilida: DPUz "Milliy tiklanish".
1.9. Partiya o'z ramzlari sifatida bayrog'i, emblemasi va vimpellariga ega bo'lishi mumkin, ular Partiyaning Markaziy Kengashi Plenumi tomonidan tasdiqlanadi.
1.10. Partiyaning doimiy faoliyat ko'rsatuvchi rahbar organining manzili: O'zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri, Navoiy ko'chasi 30-uy.
Do'stlaringiz bilan baham: |