Milliy raqs xalqimizning eng munavvar qadriyati
O'sib kelayotgan yosh avlod ongu shuuriga ezgulik va nafosat, estetik-ma'naviy kamolotga muhabbat tuyg'ularini singdirishda o'zbek milliy raqs san'atining o'rni hamda ahamiyati beqiyos. Milliy raqslarda xalqimizning eng munavvar qadriyatlari, insoniy fazilatlari, milliy an'analari ifodalanadi.
O'zbekiston Prezidentining 2020 yil 4 fevraldagi “Raqs san'ati sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi hamda “Milliy raqs san'atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorlari madaniyat va san'at taraqqiyotida o'ziga xos tarixiy voqea bo'ldi. Ayni qarorlar asosida Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi negizida davlat oliy ta'lim muassasasi shaklida Madaniyat vazirligi tizimida O'zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi tashkil etildi.
Ushbu akademiyada o'qitishning zamonaviy va ilg'or uslublaridan keng foydalanish, o'quvchilar iqtidorini har tomonlama rivojlantirish ta'lim jarayoniga zamonaviy pedagogik va innovatsion texnologiyalarni, madaniyat va san'at sohasida ilm-fan bo'yicha erishilgan ilg'or yutuqlarni tatbiq etish hamda ilmiy tadqiqotlar natijalari bo'yicha ma'naviy-ma'rifiy va ilmiy-ommabop adabiyotlarni tayyorlash va nashr qilish bugungi kunning muhim masalalari sanaladi.
Bundan maqsad — raqs ta'lim tizimini takomillashtirish, malakali kadrlar tayyorlashga bo'lgan ehtiyojni to'la qamrab olish, yangi avlod darsliklari yaratishdan iborat.
Ayni paytda akademiya rektori SH.Toxtasimov rahbarligida ayni kunlarimizgacha etib kelgan madaniy-ma'rifiy merosni dunyo xalqlariga yaqindan tanishtirish, o'zbek milliy raqs san'ati va madaniyatini keng targ'ib qilish borasida jiddiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Ilmiy-uslubiy tadqiqotlar zamonaviy o'zbek xoreografiyasining, o'zbek milliy raqs san'atining nazariy masalalari va echimlari bayon etilgani bilan qimmatlidir.
Shu o'rinda bir ma'lumotni keltirib o'tmoqchimiz. Taniqli san'atshunos, O'zbekiston xalq artisti R.Karimova “O'zbek raqslari” kitobida “O'zbek xalqining milliy iftixori bo'lgan raqs san'ati necha-necha asrlar davomida shakllandi, rivoj topdi. Lekin bu san'at turi yozma ravishda o'z aksini topmagan”, degan edi. O'zbekiston milliy entsiklopediyasida esa: “O'zbekistonda garchi raqs asrlar davomida yashab, rivojlanib kelgan bo'lsa-da, o'tmishda raqs yozilmagan. Natijada qanchadan-qancha mumtoz va xalq raqslari izsiz yo'qolib ketgan. etnograf Iraida Baxta Farg'ona raqs turkumini so'z bilan yozib olganligi ta'kidlanadi. Umuman, ko'pchilik raqsshunos mutaxassislarning tadqiqotlarida “o'zbek raqslarini yozib olish XX asrning 30-yillaridan boshlandi”, degan fikr ilgari surilgan. Iste'dodli xoreograf-san'atshunos SH.Toxtasimovning “G'olibo ul raqs aning ixtiroidur...” (hammuallif H.Hamroeva) maqolasida milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari dadil odimlayotgan mamlakatimizda xalqimizning ma'naviy kamolotini, estetik saviyasini belgilovchi ko'plab badiiy qadriyatlarimizning yangi qirralarini kashf etishga, ularning tarixiy ildizlarini tizimli o'rganishga alohida e'tibor berilgan.
Mualliflar buyuk mutafakkir Zahiriddin Muhammad Bobur hazratlarining turkiy nasrning betakror namunasi bo'lmish “Boburnoma” asaridan raqs san'ati haqidagi qimmatli fikrlarni keltirar ekan: “Milliy madaniy merosimiz haqida so'z ketganda, raqs yozuvi azaldan mavjud ekanligi ilmiy jihatdan tan olinishi shart. Zero, milliy raqs san'atimiz nafaqat yurtimizda, balki xorijiy mamlakatlarda ham katta qiziqish bilan o'rganilayotgan ma'naviy-estetik qadriyatlar tizimidir. “Boburnoma” muallifi Sayid Badr ismli kishining raqsdagi ixtirosi va Hindiston lo'lilari “o'yun”idagi ijro jarayoni haqidagi fikrlarini juda aniq, ilmiy mukammallikda bayon etadi. Bu mukammallik zamirida atoqli davlat arbobi, ulug' shoir Bobur mirzoning san'atshunos-tilshunos-etnograf sifatidagi teran bilimi, raqs nafosatini bevosita amaliyot bilan bog'lab tahlil eta olish salohiyati borki, u o'zining qonuniy bahosini olishi shart. Va bu mulohazalar biz hali tariximizni to'liq bilmasligimizni, SHarqda qadimdan raqslarni yozma ifodalash tajribasi borligini anglatadi”, deydi.
Akademiya ilmiy jamoasi milliy raqs san'atiga oid muammolarning echimini izlash va topishda, bu haqda jamoatchilikning fikrini uyg'otishda alohida fidoyilik ko'rsatmoqda. Pol`shada ingliz tilida chop etilgan “Xorazm “Lazgi”si haqida” maqolasida xalfachilik san'atiga asoslangan “Garmon Lazgi”ning yangi qirralari haqida, “Uzbekskoe natsional`noe tantseval`noe iskusstvo: ot stanovleniya k povыsheniyu” (“O'zbek milliy raqs san'ati: tiklanishdan yuksalish sari”, Rossiya) nomli tadqiqotda esa milliy raqsning tarixiy ildizlari xususida fikr yuritiladi.
SHuningdek, O'zbekiston davlat xoreografiya akademiyasida “O'zbek milliy raqs san'atini targ'ib qilishga bag'ishlangan veb-sayt va mul`timedia mahsulotlari to'plamini yaratish” mavzusida tayyorlangan ilmiy-amaliy loyiha Innovatsion rivojlanish vazirligining olimlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash maqsadida tashabbuskor ilmiy-tadqiqot loyihalari tanlovi g'olibi sifatida barcha bosqichlardan muvaffaqiyatli o'tib, moliyalashtirishga tavsiya etildi. Bugungi kunda loyiha ustida ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.
Loyihaning asosiy maqsadi o'zbek raqs san'atining tarixi, tarixiy an'analari, nomlari va usullarini tiklash hamda boyitish, milliy raqs tarixini vatanimizning o'tmishi, jahonga mashhur allomalarimizning hayoti va ijodi bilan bog'liq holda o'rganishdir. SHuningdek, millatimizning o'zbekona fazilatlari, milliy qadriyatlari, boy ma'naviyatini aks ettiruvchi raqslari va sahna liboslari, bezak va taqinchoqlarini keng jamoatchilikka, xususan, xorijiy davlatlar va sayyohlarga namoyish qilish ham muhim o'rin tutadi. Milliy raqs san'ati sohasida maktab yaratgan ustozlarning ijodiy faoliyatini, raqs nomlarining ma'no-mazmunlarini, elementlari, ramz, harakat va ishoralarining mohiyatini o'rganish, o'zbek milliy raqsining tarixiy ildizlarini aniqlab, raqslar va atamalarning hududiy xaritasini va kartotekasini tuzish, uning jahon madaniyatida tutgan o'rnini mustahkamlash borasida ham e'tiborga molik ishlar amalga oshirilishi belgilangan. Yo'qolib borayotgan noyob raqs namunalarini to'plash, ularning tarixi va tavsifining izohli lug'atini yaratish, respublikaning barcha viloyatlari va tumanlariga ilmiy ekspeditsiyalar tashkil qilish esa loyihaning muhim yo'nalishlaridan birini tashkil qiladi. Audio va videomahsulotlar doirasida jonli interv`yular tayyorlash hamda xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarning o'zbek madaniyati, jumladan, o'zbek milliy raqs san'ati an'analarini saqlab qolish va rivojlantirish borasidagi faoliyatlarini qo'llab-quvvatlash maqsadida ular bilan madaniy hamkorlikni kuchaytirish ham asosiy vazifalarimizdan hisoblanadi.
SHu nuqtai nazardan, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik aloqalari qo'mitasi hamkorligida o'zbek milliy raqs san'atining tarixi, an'analari, etuk namoyandalari, atamalari, liboslari, bezaklari va taqinchoqlari haqida tayyorlanadigan mul`timedia mahsulotlari milliy madaniy markazlar va xorijdagi vatandoshlarning jamoat tashkilotlari uchun zarur manba bo'ladi. Bugungi kunda loyiha ilmiy guruhi ham o'z oldiga qo'ygan maqsad hamda rejalarini ushbu qarorda belgilab berilgan vazifalar bilan uyg'un tarzda amalga oshirib kelmoqda, dastlabki izlanishlarning natijasi ko'rinmoqda. Ustoz — shogird an'analariga asoslanib, O'zbekiston xalq artisti, Xorazm raqs maktabining etuk namoyandasi va targ'ibotchisi Gavhar Matyoqubova hayoti va ijodiy faoliyatiga bag'ishlangan monografiya hamda “Xorazm “Lazgi”si: tarixi va tavsifi” nomli lug'at-al`bom ustida tadqiqot ishlari olib borilmoqda.
YAqinda loyiha doirasida Ma'naviyat va ma'rifat markazi hamda YOzuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda “Can'at va adabiyot: ilmiy-amaliy izlanishlar yo'lidagi ilk odimlar” 1-Xalqaro ilmiy-amaliy talabalar onlayn konferentsiyasi bo'lib o'tdi. Unda mamlakatimizdagi oliy o'quv yurtlari bilan bir qatorda Moskva davlat universiteti, Osiyo va Afrika xalqlari instituti, Moskva davlat lingvistika universiteti, Turkiyadagi Neyde universiteti talaba va magistrlari o'zbek san'ati, madaniyati va adabiyotiga oid maqola hamda ma'ruzalari bilan ishtirok etishdi.
Mamlakatimizda milliy va umumbashariy ahamiyatga molik milliy raqs san'atini yanada yuksak mavqega ko'tarishga xizmat qiladigan, tarixiy ahamiyatga ega islohotlar amalga oshirilmoqda. Milliy raqsimiz millat tarixini, ruhiyati, orzu-umidlari va armonlarini aks ettiradigan san'at namunasi hisoblanadi. Uning tarixini o'rganish xalqning urf-odatlari, an'analarini, buguni va kelajagini o'rganish, tadqiq qilish demakdir. Akademiya ilmiy jamoasi sa'y-harakati milliy raqs millatning o'zligini, qadim orzu-umidlarini aks ettirishini yoshlarga tushuntirish milliy raqslarimizni bebaho madaniy merosimiz, mamlakatimizning tashrif qog'ozlaridan biri sifatida asrab-avaylashga qaratilgan. SHuningdek, o'zbek raqs san'atini targ'ib qilishga, iste'dodli talabalarning xorijdagi nufuzli oliy dargohlarda tahsil olishlariga, bu borada xalqaro aloqalarni kuchaytirishga alohida e'tibor berilmoqda. Ayni kunlarda O'zbekiston davlat xoreografiya akademiyasida Moskva davlat lingvistika universiteti bilan o'zaro hamkorlik haqida shartnoma tayyorlanmoqda. Zero, milliy raqs san'atining madaniy hayotimizdagi o'rnini belgilash, uning yo'qolib borayotgan turlarini tiklash va noyob namunalarini asrab-avaylash, yanada rivojlantirish, dunyo miqyosida tanitish va targ'ib qilish eng ustuvor vazifalardan biridir.
Foydalanilgan adabiyot
Avdeyeva L . A., Iz istorii uzbekskoy natsionalnoy xoreografii, T., 2001;
Qodirov M., Oʻzbek xalq tomosha sanʼati, T., 1981;
Avdeyeva L. A., Qodirov M. X., Ismatova Yu., "Tanavor" raqsi jilolari, T., 2002.
https://yuz.uz/uz/news/milliy-raqs-xalqimizning-eng-munavvar-qadriyati
Do'stlaringiz bilan baham: |