Bugungi kunda esa “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” degan tamoyil asosida tilimiz taraqqiyotning
yangi, yana-da yuksak bosqichiga koʻtarilmoqda. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli
islohotlar jarayonida davlat tilining hayotimizdagi oʻrni va nufuzi tobora oshib bormoqda. Oʻzbek tili siyosiy-
huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy jabhalarda faol qoʻllanib, xalqaro minbarlarda baralla
yangramoqda. Xorijiy mamlakatlarda tilimizga eʼtibor va uni oʻrganishga qiziqish tobora kuchaymoqda.
Oʻzbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotidagi va xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtiborini
tubdan oshirish, oʻsib
kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy anʼana va qadriyatlarga sadoqat, ulugʻ ajdodlarimizning boy
merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini toʻlaqonli joriy etishni taʼminlash
maqsadida oʻtgan yili Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va
mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining shu yil 20-yanvardagi “Mamlakatda
davlat tilida ish
yuritishni samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida viloyat, shahar va
tumanlar hokimliklari, boshqarmalar, tashkilot va muassasalarda rahbarning maʼnaviy-maʼrifiy
ishlar
samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari
boʻyicha maslahatchisi lavozimlari joriy qilindi.
Maʼrifatparvar alloma ajdodimiz, oʻz davrida oʻnga yaqin tilni puxta oʻrgangan mashhur olim va tarjimon
Isʼhoqxon toʻra Ibrat: “Bizning yoshlar, albatta, boshqa tilni bilish uchun saʼy-harakat qilsinlar, lekin avval oʻz
ona tilini koʻzlariga toʻtiyo qilib, ehtirom koʻrsatsinlar. Zero, oʻz tiliga sadoqat bu — vataniy ishdir”, deya bejiz
taʼkidlamagan. Ayni ezgu hikmatni bugungi kunda maktabgacha taʼlim tizimida
olib borilayotgan xayrli
tadbirlar misolida koʻrishimiz mumkin.
Bugungi kunda yurtimizda ona tiliga hurmat ruhini maktabgacha taʼlim tizimidan boshlab singdirish
borasida salmoqli islohotlar olib borilmoqda. Jumladan, Namangan viloyatida faoliyat olib borayotgan 1244 ta
maktabgacha taʼlim tashkilotida tarbiyalanuvchilarga oʻzbek tilini mukammal oʻrgatish orqali ular ongu
tafakkuriga milliy istiqlol gʻoyalarini singdirib borishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Viloyat maktabgacha taʼlim boshqarmasi tizimidagi tashkilotlarda davlat tilida ish yuritilishini toʻliq
taʼminlash, xodimlarning bu boradagi malakasini muntazam oshirib borish boʻyicha chora-tadbirlar
belgilanib, ular ijrosi doirasida muayyan ishlar bajarilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim vazirligining “Maktabgacha taʼlim tizimida davlat tilida ish
yuritishni samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi buyrugʻi ijrosi
doirasida viloyatdagi barcha
maktabgacha taʼlim tashkilotining nomlanishi, targʻibot vositalari, shior, banner va pannolari hamda
peshlavha yozuvlari qayta xatlovdan oʻtkazildi. Davlat tiliga muvofiqligi monitoring qilindi.
Maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilariga oʻzbek tilini oʻrgatishga moʻljallangan qiziqarli oʻyin,
koʻrgazmali tadbirlar tashkil etish maqsadida til oʻrgatishga moʻljallangan interfaol oʻyinlar, koʻrgazmali
tadbirlar loyihasi ishlab chiqilib, bajarilishi taʼminlanmoqda.
Bundan tashqari, karantindan soʻng bosqichma-bosqich ochilayotgan maktabgacha taʼlim
tashkilotlarida
“Ona tilim — faxrim, gʻururim”, “Til — millat koʻzgusi”, “Til — millatning borligi va borligʻi”, “Tilga eʼtibor — elga
eʼtibor”, “Ona tili millatning ruhidir”, “Ona tilim — bolday laziz” kabi mavzularda turli seminar, tanlov,
maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilishi belgilangan.
Muxtasar aytganda, maktabgacha taʼlim uzluksiz taʼlimning boshlangʻich qismi hisoblanadi. U bolaning
sogʻlom va rivojlangan shaxs boʻlib shakllanishini taʼminlab, bolajonlarning oʻz ona tilini puxta oʻrganish,
oʻqishga boʻlgan ishtiyoqini uygʻotadi, tizimli oʻqitishga tayyorlab boradi. Shunday ekan,
bu tizim faoliyatini
yana-da kuchaytirish, maktabgacha taʼlim muassasalarida har tomonlama qulay shart-sharoitlar yaratish,
ularga maktabgacha yoshdagi bolalarni keng jalb etish farzandlarimizning barkamol va yetuk shaxs boʻlib
shakllanishida muhim oʻrin tutadi.
Tohirjon DEDAXANOV,